Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Inqilob

Yusufbek hoji ustida boyag‘i kimxob to‘ni bilan Shayxantahurning Zanjirlig‘iga yetib,
guzarda yig‘ilib o‘lturgan va o‘ziga salom berish uchun o‘rinlaridan turgan xalqqa xitob
qildi:
— Uying kuysin, musulmonlar! Yaxshi deb yo‘lida jon berganing Azizbek, bu kun
senlarga yaxshilig‘ingni o‘ttuz ikki tanga soliq bilan qaytarmoqchi bo‘ldi. Hozir senlarga
ikki yo‘l: o‘g‘ul, qizingni sotib bo‘lsa ham o‘ttuz ikki tangani Azizbek xazinasiga to‘lash
yoki es borida etakni yopib Azizbekni oradan ko‘tarish... Uying kuydi, musulmonlar!
— O‘ttuz ikki tanga!
Xalq Yusufbek hojidan bir zarra yomonliq yoki bo‘lmag‘ir bir kengash eshitmagan va
shuning uchun ul qayoqqa yursa, shu yoqqa borishqa hozir turar edi. Ayniqsa o‘ttuz ikki
tanga dovrug‘i guzar ahlining yuraklarini uyushdirib, buni eshitish bilanoq isyonga qo‘l
qo‘ydilar.
Boshlab Zanjirliq xalqi ko‘chalarga chip tashlash, Azizbekka qarshi urush hozirligi
ko‘rish xayoliga tushdi. Yusufbek hoji to Eski Jo‘vaga yetkuncha o‘zining yuqoridag‘i
so‘zini ko‘y, guzar xalqig‘a takrorlab kelmakda edi. Eski Jo‘vada azim bir jamoat yig‘ib,
Azizbek bilan bo‘lgan mojarosini so‘zladi va ustidagi kimxobni ko‘rsatib istehzo
tariqasida:
— Soliqni bermangiz demayman, chunki sizning itoatingiz menga bundog‘ to‘nlar
berar! — dedi.
Xalq nihoyatda qizishdi. Go‘yo birisi quvrag‘an to‘qayg‘a o‘t turtdi. Ho‘lu quruq
deganlaridek katta-kichik barobar yonmoqqa oldi.
— Yaxshilig‘imizni unutdi, do‘ng‘iz! O‘ttuz ikki tan-gani yaxshilab beraylik biz unga!
Ozi bir oy o‘tmas-danmi, andishasiz?! — degan so‘zlar eshitila boshladi. Darrov uch
kishini Sebzor, Ko‘kcha va Beshyog‘och dahalariga xabar uchun jo‘natildi. Yo qirilib bitish
va yo Azizbekni oradan ko‘tarishka fotiha o‘qildi.
Orada bir soat ham o‘tmadi, butun do‘konlar yopilib, Toshkand ko‘chalari chiplar bilan
to‘ldi. Barcha yarog‘langan, urushka hozir edi. Shaharning olalanish xabari o‘rdaga ham
eshitildi. Ishni kichkina deb o‘ylag‘an Azizbek shahardan ahvol olish uchun Rayimbek
dotqoni elli chog‘liq yigit bilan buyurdi. Ahvol olg‘uchilar Zanjirliqqa yetish bilan naq
ishning qay darajaga yetkanini payqadilar: ko‘chalar chip bilan to‘lg‘an, chip orqalari
shashvar, miltiq, xanjar, nayza ushlagan olomon bilan liq edi. Rayimbek dotqoning
«Chiplarni yig‘ishtiringiz, o‘zlaringiz tarqalishingiz!» deb aytkan yaxshi so‘ziga quloq
solg‘uchi bo‘lmadi. Dotqo dag‘allik qilgan edi, olomondan bittasi miltiq otib, ikki sipohni
yiqib ham qo‘ydi.
Kechki soat to‘rtlar, asrdan bir oz ertaroq hukumat askari bilan xalq orasida urush
boshlandi. Yarim soatlik otish, chopishdan so‘ng sipohlar Zanjirliq olomonlarini qochirib,
Baland masjid chipiga yetdilar. Jon achchig‘ig‘a uchragan Azizbek o‘rdaga bir muncha
sipoh qoldirib, butun kuchini yig‘ishtirg‘an holda Rayimbek dotqo ko‘magiga yetishdi.
Buning ila sipohlar tag‘in ham kuchayib, olomonni Xadraga qarab surishka muvaffaq
bo‘ldilar. Xadra chipida qonliq urushlar boshlandi. O‘ttuz ikki tanga soliq xavfida olomon
ham Beshyog‘och, Sebzor, Ko‘kcha dahalaridan o‘ziga har zamon yarog‘liq yordamlar
olib turmoqda edi.
Bu kun kechasi Toshkand qon ichida, mahallalarda bo‘lg‘an hukumat kishilari xalq
tomonidan o‘ldi-riladirlar, uylariga o‘t qo‘yilib mollari talong‘a tushadir. Shaharning
yuraklik yigitlari Xadra chipiga qarab chopadirlar, yuraksiz va keksalar guzar va
mahallalarga to‘nkalardan gulxan solib, «o‘ttuz ikki tanga» qayg‘usida olomong‘a
muzaffariyat tilaydirlar.
 Yarim kechalar vaqti olomon Xadradan Eski Mis-karlikka qarab surilishka majbur
bo‘ldi. Kutilmagan bu surilishlar Yusufbek hojini katta tashvishka solib qo‘ydi. Mundan
so‘ng xalqning o‘ziga ishonib turolmay Toshkandni ololmay qaytqan Normuhammad
qushbegiga yordamga yetib kelish uchun chopar yugurtirdi.
Eski miskarlikda ikki taraf ham tong otdirdilar. Ertalab yana qonli urushlar boshlandi.
Ammo xalq endi o‘zini ancha tutib qolgan va har daqiqa to‘rt tarafdan yangi kuchlar olib
turar edi. Shuning uchun sipohlar bir adim ilgari bosolmay qoldilar. Ammo xalq
sipohlarni bossa bosqundek tovranar edi. Bu holdan nihoyatda bo‘g‘ilg‘an Rayimbek
dotqo qilich yalanglab, sipohlar oldida olomong‘a qarab yugurdi. Biroq uning bu g‘ayrati
o‘zi uchun halokat bilan natijalanib, Usta Mo‘minjon ismlik bir miltiq ustasining otqan o‘qi
bilan ko‘kragidan yaralanib yiqildi.
Rayimbek dotqo Azizbek hokimiyatining tiragi edi. Uning qatlidan so‘ng sipohlardan
ruh tushti. Hatto Azizbekning buyrug‘ig‘a ham quloq solmay to‘sto‘ska qochib
boshladilar. Nihoyat Azizbek ham yonidag‘i qirq, ellik sodiq kishilari bilan qochib, o‘rdaga
qamalishg‘a majbur bo‘ldi. Yusufbek hoji boshliq yer va ko‘kka sig‘mag‘an muzaffar xalq
o‘rda tevaragini qurshab tushdi. Azizbek tezda berilmagani uchun minglab xalq o‘rda
atrofidan siljimay, hatto oshsuvlarini ham shunda yeb xotirjam’ yotib oldilar.
Azizbek uchun kutilmagan falokatlar yuz bergan edi. Qochib qutilish mumkin bo‘lg‘ani
holda tuzoqqa tush—kandek o‘rdaga ham qamalib bergan edi. Nima qilsin, qanoti yo‘qki
uchib qutilsa... Qamalishining ikkinchi kuni o‘rda tomiga chiqti, eng keyingi, ham eng
pastarin chorani ko‘rmakchi edi bu xoqon. Boshlab fuqarog‘a salom berdi, so‘ngra siniq
va ojiz qolgan bir tovush bilan xalqqa uzr aytdi:
— Endi o‘zimning qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim... Men sizlarning qilg‘an
yaxshiliqlaringizni unutqan ekanman... Sizlar o‘zlaringizning bu ishlaringiz bilan manim
ketkan aqlimni yana miyamga o‘rnatdingiz... Rahmat fuqaro... Gunohimni kechiringiz,
qilmishlarimdan pushaymon bo‘ldim, fuqaro!
Ammo xalq bunday yolborishlarg‘a, tavba-tazarru’-larga quloq solmadi, chunki ish
o‘tkan, g‘isht qolipdan ko‘chkan edi:
— Endi esing kirdimi, o‘g‘ri? Burundan o‘ylab ish qilsang boshingda bu balolar yo‘q
edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirg‘an,
kesdirgan, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yig‘latqan sen emasmisan? Xanjaringni
xayf ko‘rib mahallarga chayon solig‘i solg‘an, og‘alarimizni chayon zahri bilan o‘ldirgan
kim edi? Ket to‘ng‘iz, ket, tavba qilish zamoni o‘tdi, taqdiringga sen ham tan ber! — der
edi xalq.
Xalq shuningdek gaplar bilan yuz yoqdan unga hujum qilib, hatto adabsiz so‘zlar bilan
ham so‘kar edi. Azizbek hamon «Tavba qildim, fuqaro!» jumlasi bilan uzrini aytib turar
edi:
— Siz yaxshilarim, bu qisqa o‘ylashingiz bilan o‘z oyog‘ingizg‘a o‘zingiz bolta urib,
yana qipchoqlar qo‘liga qaram bo‘lasiz! Manim tavbamni loaqal o‘zlaringiz uchun qabul
qilingiz!
Azizbekning bu so‘zlaridan keyin olomon tag‘i qizishib, quyidagi so‘zlari bilan ko‘kni
ko‘tardi:
— Ikki qayta aldanish yo‘q! Sendek itdan bizga qipchoq yaxshi!
Xalqning bu javobi ishning ne darajaga yetkanini onglatarliq edi. Shu gapdan keyin
Azizbek tamom umidsizlanib, dunyolarcha ma’yusiyat ichida tomdan tushib ketdi.
Yusufbek hojining Normuhammad qushbegiga yuborg‘an chopari Kirovchi yaqinida
unga yetkan va qushbegini tamomi sipohlari bilan Toshkandga qaytarg‘an edi. Alamzada
qushbegi bu so‘yinch xabardan uchib-qo‘nib Azizbekning o‘rdaga qamalishining uchunchi
 kuni karnay-surnay bilan yetib keldi. Olomon yonig‘a qipchoq sipohlari kelib
qo‘shilg‘andan keyin o‘rdaga bosib kirdilarda, Azizbekni ushlab ham oldilar.
Yetmish kun bir muddat ovora qilib, minglab kishi qonini to‘kishka sabab bo‘lg‘an
Azizbekni Qo‘qong‘a olib borib topshirish Normuhammad qushbegi uchun qiymatli edi. Ul
o‘rdada o‘lturar ekan, bunday ulug‘ dushmanni qo‘lg‘a tushirishning bosh omili bo‘lg‘an
Yusufbek hojiga o‘z minnatdorchilig‘ini aytib tugata olmas, uning bu xizmatini xon bilan
Musulmonqulg‘a so‘zlab, unga katta bir martaba olib berishka va’dalar berar edi. Albatta
Yusufbek hojiga bu va’dalarning hech ahamiyati yo‘q, faqat ul o‘g‘lining sog‘lig‘ini bilsa
va Marg‘ilon zindonidan uning qutqarilishig‘a va’da olsa, uning uchun dunyolarcha
martaba va hurmat edi. Qushbegining va’dasiga iltifotsiz quloq berib turdi-da:
— Iltifotingiz uchun rahmat, qushbegi, — dedi. — Men endi dunyodan o‘tayotgan bir
kishi; endigi man-sab-larg‘a uncha qiziqa olmayman. Agar manim qilg‘an xizmatim
shunday iltifotlarga loyiq ko‘riladigan bo‘lsa, jon janobidan so‘raydirg‘an bir necha
tilaklarim bor.
— So‘rangiz hoji, xon bermaganda ham olib berishka men kafil.
— Manim birinchi xolis tilagim, albatta mazlum xalq tilidan bo‘ladir: mundan so‘ng
Toshkand hokimlig‘iga har qanday bo‘lmag‘ir odam qo‘yilmasin.
— Jon janobining hamma maqsadi ham shunda. Chunki, biz Azizbek kabilardan
xalqnig‘ina emas, balki, o‘zimizni ham qiynatdirmoqdamiz.
Toshkand bekligi to‘g‘risida ko‘b muzokara va mu-solahadan keyin Yusufbek hoji o‘z
yarasi ustida to‘xtaldi. Ul birinchi martaba o‘laroq o‘zining ichki kasalini hoziq deb
Normuhammad qushbegiga ochdi. So‘zlar ekan, yuragi mash’um bir ehtimolning
dahshatidan titrar, tili ham osonliq bilan harakatlanmas edi. Zero o‘zining bu o‘tinchini
qush uchkan so‘ng otilmoqchi bo‘lg‘an sopqon qabilidan hisoblar va foydasiz bir iltimos
deb cho‘chir edi.
— Agar manim bu xizmatim jon janobining marhamatiga loyiq ko‘rilur ekan, — dedi
hoji, — menga eng manzur bo‘lg‘an mukofot — o‘g‘limning ozod qili-nishidir. Dunyo
mojarosidan qo‘l yuvmoqchi bo‘lg‘an bir otag‘a keksaygan kunlarida farzand dog‘ini
ko‘rmas-likning o‘zi ham ulug‘ mukofotdir, — dedi va ko‘ziga yosh oldi. Bundan qushbegi
ham nasibasiz qolmay mu-taassir Yusufbek hojiga tasallo berdi:
— Qo‘rqmangiz hoji, — dedi, — Marg‘ilon hokimi o‘rinsiz qon to‘kuvchi kishi emasdir.
Qo‘qonga borg‘ach, birinchi ishim o‘g‘lingizni qutqarish bo‘lsin, joysiz qayg‘ulanmangiz,
hoji.
— Qulluq, qushbegi, agar bu xizmatni o‘z zimman-gizga olur ekansiz, ustimga katta
minnat qo‘yg‘an bo‘lasiz... Biroq men qo‘rqamankim, siz Qo‘qong‘a borib yetkuncha ish
vaqtidan o‘tsin...
Qushbegi ham bu to‘g‘rida o‘ylab qoldi va hojining ehtimolidan cho‘chib, shu soatda
bir maktub bilan Qo‘qong‘a chopar yubormoqchi bo‘ldilar, bu ishning muvofiq kishisi
albatta Hasanali bo‘lg‘anliqdan chopar bo‘lib belgulandi. O‘n besh kunlardan beriga
shunday xizmatni kutib yotqan Hasanali otning boshini Qo‘qon tomong‘a qarab qo‘ydida,
daqiqa ichida ko‘zlarga ko‘rinmas bo‘lib ketdi.
Bir kun keyin Normuhammad qushbegi ham bir muncha sipohni Toshkandda qoldirib,
Qo‘qong‘a jo‘nash harakatiga tushdi. Toshkand olomonining ta-lablari bilan Azizbekning
ikki oyog‘idan arqon bilan bog‘lab otning chovig‘a sudratma qildilar.
Sipohlar Qo‘qong‘a qarab harakat qilar ekan, Qo‘qon darbozasiga to‘lg‘an xalq
Azizbekning ot oyoqlari ostida sudralib ketishiga huzurlanib tomosha qilar edi.

Bir g'aribi beshora

Istiqlol dardi



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari