Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Azizbek

Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tkandan keyin Kamolon tarafidan bir yuz chamaliq sarkarda
va yigitlari bilan Azizbek ko‘rindi. Tilla jabduqli qizil ayg‘irg‘a mingan, quyosh yog‘dusi
bilan turlik tuska kirib tovlanadirg‘an, yoqa va etaklariga oltin uqa tutilgan kimxob to‘n
kiyib, belidagi oltin kamarga kumush qinli jazoiri qilich osqan, boshig‘a oq shohidan salla
o‘rab, oyoqlarini kumush uzangiga tiragan, siyrak qoshlik, cho‘qqi soqol, bug‘doy
ranglik, qirq besh-elli yoshlar chamaliq bir kishi edi. Uning orqasidan qora otg‘a otlanib,
zangori movutdan uqalik to‘n kiygan, kumush kamarning o‘ng tomonig‘a qilich, so‘lig‘a
to‘fangcha qistirg‘an, boshig‘a barra popoq kiyib, jin yalag‘an deganlaridek qoshsiz,
qoramtil yuzlik, ikki chakagining ustida bir oz, iyagida bir oz siyrak, ko‘rimsiz qora
soqolliq, ko‘zlari ichiga botig‘roq, ammo qon quyilg‘ansumon bir kishi kelar edi. Bu kishi
Azizbekning amri lashkari va o‘ng qo‘li bo‘lg‘an Rayimbek dodxoh edi. Uning qatoridag‘i
ikkinchi kishi kichikroq saman otka otlanib, ustiga Buxoroning ola bayroq matasidan
chopon kiyib, kamar o‘rniga choponini tugmalagan, boshig‘a katta salla o‘rab, qamchi
sopi bilan egarning qoshig‘a takya qilg‘an; to‘la ko‘rkam yuzlik, katta malla ko‘zlik, uzun
mosh-guruch soqollik mullanamo bir zot bo‘lib, bu kishi yaroqsiz edi. Azizbek orqasidan
kelguchi bu ikki otliqdan so‘ng sipohlar turkumi boshlanib, zangor movutdan tizzagacha
tushkan kalta kamzul, qizil movutdan shim, oyog‘ida sag‘ri etik, boshda Rayimbek
dodxohning boshidag‘idek popoq, ammo ust tomoni qizil movutdan, oq qayishdan
kamar, so‘lig‘a qilich osilib, o‘ng tomoniga to‘fangcha qisti-rilg‘an har qatorda to‘rttadan
otliq kelmakda edilar. Sipohlarning keksaliklari to‘g‘risidagi nuqsonni e’tiborga olinmasa,
ko‘rinish muntazam edi.
Qo‘rg‘on ustida yasov totqan qahramonlar qo‘l bog‘lab ikki bukilgansumon ta’zim bilan
Azizbekni ilga-riga o‘tkaza boshladilar. Azizbek ularga qarshi oltin soplik qamchisini
ko‘kragiga ko‘ndalang qo‘yib boshi bilan ham javob ishorasi berib oldinlar edi. Shu kezda
boshlar uyumi yonida turg‘an qo‘rg‘on begisi otidan yerga tushib jilovini qovushtirilgan
qo‘llari orasig‘a oldi. Boshlar uyumi bilan Azizbek orasi qirq-elli ot adimi qolg‘an edi.
Azizbek qahramonlarning salomlariga javob qaytarishni ham unutib, ko‘zini kesik
boshlarga tikdi. Azizbekning orqasidag‘i sarkarda va sipohlar ham bu dahshat uyumiga
egarga qiyshiq o‘lturib tomosha qilib kelar edilar. Azizbek kishilari bilan boshlar yonig‘a
kelib to‘xtadi.
 Azizbek bir muncha vaqt boshlarni tomosha qilib turdi-da, qarshida qo‘l bog‘lag‘an
qo‘rg‘on begiga qarab iljaydi:
— Barakalla g‘ayratlaringizga, — dedi Azizbek, — bu kun qipchoqlarg‘a rustamona
javob berib, o‘zlarini ham itdek qirg‘ansiz. Bunchalik g‘ayrat ko‘rsatkan fuqarolarga
rahmat, dunyo turguncha tursinlar!
Azizbek tashakkurini bitirgach, hudaychi qo‘rg‘on ustidagi qahramonlarg‘a hamma
tovshini qo‘yib qich-qirdi.
— Bek janoblari bu kungi rustamona g‘ayratlarin-gizga rahmat aytib, haqlaringizga
duo qiladirlar!
Mudofi’lar dunyoni buzib javob berdilar:
— Qulliq taqsir, qulliq! Taqsirimiz dunyo turguncha turib, soyai davlatlari boshimizdan
kam bo‘lmasin!
Azizbek qamchisini ko‘ndalang qo‘yib mudofi’larga qulliq qildi va hudaychiga buyurdi:
— Qo‘rg‘on begiga kimxob to‘n, yuzboshilarg‘a atlas chopon, boshqa yigitlarga uch
tangadan pul in’om beril-sin.
Hudaychining xabaridan so‘ng mudofi’lar javob qaytardilar:
— Davlatlari ziyoda bo‘lsin!
Xazinachilar sipohlar orqasidan ikki otni yetaklashib hudaychi yonig‘a yetdilar. Bir
otning ustiga choponlar ortilg‘an, ikkinchi otdag‘i katta xurjinning ikki ko‘zi liq tanga edi.
Boshlab hudaychi ot ustidan bir kimxob to‘nni olib, qo‘rg‘on begiga kiydirdi. Qo‘rg‘on
begi to‘nni kiyib Azizbek haqiga uzun duo qildi. So‘ngra hudaychi bir yigitka to‘n
qo‘ltiqlatib, ikkinchi yigitka tangalardan oldirib qo‘rg‘on begi bilan birga qahramonlar
yonig‘a chiqdi. Qo‘rg‘on begining ko‘rsatishicha kimga uch tanga pul, kimga adras
chopon ulashilib boshlandi.
Azizbek ot ustida boshlar uyumi tevaragida aylanib Rayimbek dodxoh va ola-bayroq
to‘nlik kishiga o‘zining tanish sarkardalaridan bo‘lg‘an kimlarningdir boshlarini
ko‘rsatmakda, tirik vaqtlarida nima ishlarda bo‘linib va qora choponlilarg‘a qanday
zulmlar qilg‘anlarini so‘zlamakda edi. Azizbekning bu gaplarini Rayimbek dod-xoh
samimiy eshitsa ham olabayroq to‘nlik odam «taqsir, taqsir» bilan javob berib, boshlar
uyumidan jirkangansumon egarining qoshig‘a ko‘zini tikib turmoqda edi.
Yarim soatlik bir fursatdan keyin qo‘rg‘onning boshdan-oyoq yasov tortqan
qahramonlariga in’omlar ulashilib bitdi-da, hudaychi o‘zining quruq xurjini bilan Azizbek
qotig‘a kelib qulluq qildi. Azizbek qarshisida qo‘l bog‘lab turg‘an qo‘rg‘on begidan so‘radi:
— Yigitlaringizning barchasi ham quruq qolmadimi?
— Davlatingiz soyasida, taqsir.
— Qipchoqlarning bu kungi hujumi qay vaqtda bo‘ldi?
— Tong yorir-yorimas Oq tepa tomonidan to‘p ota boshladilar, — dedi qo‘rg‘on begi,
— o‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas otliq qipchoq qo‘shinlari ko‘rinib Samar-qand
darbozasiga yugirdilar. Shungacha men ham davla-tingiz soyasida ikki darboza
oralarig‘a merganlarni yayratqan edim. Boshlab Samarqand darbozasi qo‘rug‘i-dan
otishg‘a buyurdim. Merganlar o‘n besh daqiqa orqa-sini uzmay miltiqqa o‘t berib turdilar.
Qipchoqlar biz-ning tomondan otilg‘an miltiq o‘qlarig‘a chidalmay, Samarqand
darbozasini tashlab, Kamolon darbozasiga yuzlandilar. So‘ngra davlatlari ko‘lankasida
Kamolon qo‘rug‘idag‘i merganlarni ishka qo‘ydim. Bir soat chamasi otishqandan so‘ng
yov bizning o‘qimizg‘a chidalmay, ikki darboza orasida uch-to‘rt yuz o‘lik qoldirib,
qochishg‘a majbur bo‘ldi. Bizdan yolg‘iz besh kishi o‘lib, to‘qqiz kishi yaralandi.
Azizbek juda zavqlang‘an edi, yana bir qayta barakalla o‘qub, so‘radi:
— Normat qipchoq ko‘rindimi?
— Yo‘q taqsir: qo‘rg‘on yaqinig‘a yo‘lamadi, yo‘la-g‘anda...
 — O‘shanga hozir bo‘lmoq kerak.
— Davlatlari yori bersa, albatta bizning muddao ham shunda...
Azizbek o‘z og‘zi bilan mudofi’larga «Men sizlardan rozi!» deb qichqirdi va
mudofi’larning qiy-chuv duolari ostida sipohlari bilan Samarqand darbozasiga tomon
harakat qildi.
Bu kun Azizbek g‘olibiyat daldasida qo‘rg‘onlardan bir aylanib chiqmoqchi edi.
Shuning uchun Samarqand darbozasidan o‘tib qo‘rg‘on osti bilan Chaqarg‘a qarab
yurishdilar. Qo‘rg‘on Chaqarning chuqur jarlik arig‘ig‘a taqalib tugalar edi. Chaqar suvi
ustiga qo‘rg‘on tiklash mumkin bo‘lmay, jarning usti qo‘rg‘ondan tabi’iy bo‘sh edi. Ammo
jarning narigi tomoni bir tepadan iborat bo‘lib, janub biqini ma’lum Chaqar suvi bilan,
g‘arbi Bo‘z suv va Ko‘kcha arig‘i bilan o‘ralg‘an burun kabi bu tepa qo‘rg‘onsiz ham
dushmanning hujumiga o‘ngg‘aysiz edi. Tepa ustida sipoh turishi uchun bir necha binolar
soling‘an, janubi-g‘arbig‘a qaratib bir, g‘arbg‘a qaratib bir va shimoli-g‘arbig‘a qaratib
yana bir; barisi uchta to‘p qo‘yilg‘an edi. Bu tepa ustida doimiy to‘pchi va qorovullar
turar edilar.
Azizbek sipohlari ila jarga tushdi va suv kechib haligi tepaga yuzlandi. To‘pchi,
qorovullar ko‘zdan kechi-rilib, ularga bir necha tangadan in’om berildi. Shundan keyin
tepaning kun chiqishig‘a qarab qaytdilar. Chunki tepaning boshqa tomonlari yuqorida
aytilgandek bir necha terak bo‘yi jarlik bo‘lg‘anliqdan Ko‘kcha darbozasiga o‘tish uchun
Suzuk ota mozori yaqini bilan Ko‘kcha arig‘ig‘a tushilar va undan keyin Ko‘kcha
qo‘rg‘onlarig‘a qaytib kelinur edi.
Ko‘kcha qo‘rg‘onlari qo‘rug‘ida anovi qo‘rg‘onlarni-kidek mudofi’lar ko‘b bo‘lmasa
ham, yo‘q ham emas edilar. Hudaychi Azizbekdan ilgariroqda qo‘riqchilarni ogohlantirib
borar, miltiq, shashvar tutkan yosh va keksa muhofizlar uni salomlab qarshi olar edilar
va Azizbekning «Rahmat fuqarolarim!» so‘zini eshitib yaxshig‘ina talta-yishib qolar
edilar. Shu ravishda Ko‘kcha, Chig‘atoy, Sag‘bon, Qorasaroy, Taxtapul, Labzax
darbozalarini o‘tib, eng keyin Qashqar darbozasiga yetdilar. Qashqar darbozasi o‘rdaga
yaqin bo‘lg‘ani uchun munda muhofiz va sipohlar talayg‘ina bor edilar. Ularning
salomlariga ko‘milib, Azizbek Qashqar darbozasining muyushiga yetkan ham edi,
tashqaridan kimningdir darbozani oshig‘ich taq-taq urgani eshitilib, Azizbekning oti
hurkibmi, qo‘rqibmi ketiga burulib to‘xtadi. Boshqalar ham to‘xtashg‘a majbur bo‘ldilar.
Azizbek qarshisida qo‘l bog‘lab turg‘an darboza begig‘a baqirdi:
— Nega qarab turasan, darboza ustiga chiq, kim ekan u it?! Darboza begi yugurib
qo‘rg‘on devoriga chiqdi:
— Taqsir, bir chol!
— Darbozangni ochib, ichkariga ol! — dedi Azizbek. Darboza ochildi. Tashqaridan
saman otini yetaklab Hasanali kirdida, kutilmagan ish ustidan chiqg‘ani uchun qo‘rqib,
Azizbekka salom berdi.

Yusufbek hoji

Toshkand qamalda



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari