Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Oy-kuni yaqin edi

Kumushning oy-kuni yaqin edi. Nabiralik bo‘la-dirg‘an O‘zbek oyimning ishi boshidan
oshqan, Kumushning oyi tug‘masdanoq ul beshik yasatish bilan mashg‘ul edi. Doyacha
kim, aqiqaga nechta qo‘y kerak, nechanchi kunda to‘y o‘tkaziladir, nechta erkak, nechta
xotin aytiladir va kimlar? Mana shuningdek masalalar bilan O‘zbek oyimning miyasi juda
shishkan edi. Kumushda ko‘rilgan ba’zi nishonalarga binoan nabirasining o‘g‘ul bo‘lishida
shubha qilmas — «o‘g‘ul tug‘asan, Kumush, men ham Otabekni senga o‘xshash yengil
ko‘targan edim», der edi. Kumushni xizmatdan bo‘shatilib ba’zi o‘choq-boshi
yumishlarini Zaynab idorasiga topshirilg‘anig‘a endi bir oylab bor.
O‘zbek oyim nabira masalasida qancha xursand bo‘lsa, Otabek shunchalik xafa,
chunki Kumushni ko‘rgan sayin usta Alim foji’asini xotirlar edi. Yusufbek hoji ma’lum
aldanishdan so‘ng yurt ishidan qo‘l yuvg‘an, ko‘b vaqtini mehmonxonada «Qur’on» va
«Daloyil» o‘qub kechirar, kundash orasi buzilib, o‘rtadan so‘z chiqg‘anini goho eshitsa,
ikkala kelinni o‘z oldig‘a chaqirtirib, ularni qator o‘tqazar edi. Avvalo Kumushdan o‘pka
qilib: «Oyim, har nima siz kattasiz, Zaynab yosh, kattadan-kichikka shafqat lozim,
mundog‘ yaxshi emas!» va Zaynabka qarab: «Bolam Zaynab otin! Sizdan hali yoshlik
g‘ururi ketmagan, lekin manim bolam bo‘lg‘an-lig‘ingizni siz ham unutmang!» der va
shuning singari yumshoq gaplardan keyin ikkisini duo qilib bir-birisiga salom berdirar —
«ana, shundog‘ bo‘lsin, opoq qizlarim!» deb ketishka ruxsat berar edi. Ular ketkandan
 keyin albatta O‘zbek oyim eri yonig‘a kirar, hoji bo‘lsa xotinig‘a sizsirab: «Siz ikki kelin
ushlashni bilmabsiz, Zaynabka jabr qilg‘an ko‘rinasiz, ayniqsa Zaynabning ko‘ngliga
qarashingiz kerak, Otabekka ham nasihatingiz lozim!» der edi. O‘zbek oyim shunday
kezlarda Kumushning yonini olib «Zaynabni xudoy ko‘tarsin, ayb o‘zida...» deya
boshlasa, hoji uning og‘zini arang to‘xtatur: «Sekin-sekin, uyat! Qayin ona deganning
adl turishi lozim. Zaynab siz bilan manim orzu havasimiz emasmidi?»
Ammo nabira masalasidagi O‘zbek oyimning ba’zi bir quyushqondan tashqari
harakatlarini ham bosquchi yana hoji edi: «Zaynab bor, Zaynabni unutdingizmi. O‘z
keliningiz Zaynabni!»
Mundan o‘n besh kuncha ilgari Kumush onasig‘a bir xat yozg‘an edikim, ahamiyatiga
ko‘ra biz bu o‘rinda ko‘chiramiz:
«Onajon, kuyavingizning yozg‘anlaridan tashqari men sizga shu bilan oltinchi xat
yozdim. Ammo sizdan uchta va dadamdan ikkita xat oldim. Ayniqsa dadamning keyingi
xatidagi qora xabar bilan dori dunyo ko‘zimga toraydi. O‘lim haq, ammo bechora buvim
jon berar ekan, yonida turib duosini olib qolmag‘anim uchun ko‘b hasrat chekdim.
Ayniqsa musofirchiligim yomon asar qildi. Ko‘z yoshlarim bilan yuzimni yuvdim. Bu kun
beshinchi kundan beri rahmatlik buvim arvohig‘a atab qur’on boshladim, xatim qilib
bag‘ishlayman. Xudo g‘ariqi rahmat qilsin, sizga sabr bersin. Endi musofir qizingizning
baxtiga siz o‘lmang, omin.
Ba’da ma’lum bo‘lsinki, alhamdulilloh kuyavingiz va qudalaringiz salomatdirlar va
ularning soyalarida men qizingiz ham o‘ynab-kulib yuribman. Sizni va otamni juda
sog‘indim, agarda og‘ir oyoq bo‘lmasam edi, qish bo‘lishig‘a qaramasdan Marg‘ilong‘a
jo‘nar edim. Qudangiz — qayin onamning so‘ziga qarag‘anda, kelasi oyg‘a ko‘zim yorir
emish. Qudangiz meni na yerga va na ko‘kka ishonadir, o‘n besh kundan beri qo‘limni
sovuq suvga ham urdirmay qo‘ydi. O‘zi go‘yoki to‘yga hozir-lang‘andek beshik yasab,
sarpa tikib yuriydir... Manim bo‘lsa nima uchundir yuragimda bir qo‘rquv bor... O‘tkan
xatlarimda kundashim bilan mirosamiz kelishmay turganini kulguluk tarzida yozg‘an
edim. Nafsilamrda ersa, oramiz juda buzilg‘an, men ham o‘shal vaqtlarda chin
kundashlik to‘nini kiygan edim. Zaynabning bitmas xusumati esa g‘olibo manim ikki
qatlig‘im oshkor bo‘lg‘an kundan boshlandi. Sizning boshingizdan kundashlik savdosi
o‘tmagan bo‘lsa ham tushunsangiz kerak: biz ikav agar qo‘yib bersalar go‘yo birbirimizni
yeb-ichmakchi edik... U kunlardagi holimdan o‘zimga endi hisob berishka ham
uyalaman... Yaxshiki, bizning mojarolardan qayin otam juda siyrak xabardor bo‘ldi.
Shundog‘ ham bo‘lsa bu janjallar goho uning qulog‘ig‘a yetib qolar va biz ikki yov uning
oldig‘a chaqirilib nasihatini eshitar va lekin yana yomonlig‘imizdan qolmas edik. Siz
ranjisangiz ham aytay: qayin otamni o‘z dadamdan ham yaxshi ko‘raman. Bu yaxshi
ko‘rishim kuyavingizning dadasi bo‘lg‘ani uchun emas, balki uning nur ichiga
cho‘milg‘andek bo‘lib ko‘ringan siymosini, oyim deb xitob qilg‘andagi muloyim, beozor va
muassir so‘zini yaxshi ko‘raman. Ul nasihat uchun og‘iz ochsa vujudim erib ketkandek va
bir turluk uxlab huzurlang‘andek. Qisqasi, Zaynab bilan janjallashishning o‘zi bir huzur
va janjaldan bo‘shalg‘ach, qayin otamning qarshisig‘a o‘lturib nasihat eshitish undan
ham yaxshi huzur... Siz manim telba so‘zlarimdan achchig‘lanmang. Agar bu gapimning
to‘g‘rilig‘ini bilmakchi bo‘lsangiz, Toshkand kelingizda, qayin otamning nasihatini o‘z
qulog‘ingiz bilan eshiting-da, undan keyin so‘zimga qiymat bering.
Shu yo‘sun Zaynab bilan uyatsizcha ko‘b olishdiq, bu it-mushuklikdan biz zerikmasakda,
kuyavingizning jonidan to‘ydirayozdiq. Mundan bir muncha ilgari ul biz ikki
kundashning yuzimizga: «Agar shu holda davom etabersalaring ikavlaringga ham
barobar javob berib quti-laman!» dedi. Uning bu tahdidi ikkimizga emas, balki
bittamizgagina xos edi. Men bu tahdiddan albatta qo‘rqmadim, ammo «Zaynab tushunib
 qolmasa yaxshi edi», deb qo‘rqdim. Darvoqi’ natija men qo‘rqqancha bo‘ldi. Zaynab bu
tahdiddan so‘ng onasining uyiga arazlagannamo ketib qoldi. Ulardan ham yaxshig‘ina
dakki yegan bo‘lsa kerak, bir necha kundan so‘ng yovoshqina bo‘lib qaytib keldi. Endi
shu voqi’aga ikki oy chamasi vaqt o‘tdi va lekin oramizdan janjal chiqmadi. Men jo‘rttaga
ba’zi gaplarni teskarilikka olib ko‘rsam ham ul churq etmaydir. Uning bu holi ersa manim
uchun yaxshi emas, ul yana ko‘b vaqt bizning oramizda tikan bo‘lmoqchi...
Kelasi oydan juda yuragim uyushadir... Kechalari ko‘kka qarab kelasi oy shu kunlarda
yorug‘ dunyoda bormanmi, yo‘qmanmi deyman... Oysha buvim marhum bo‘lmag‘anda
shu oy ichi o‘zingiz Toshkandga yetib kelar edingiz. Aza hamma vaqt topiladi desangiz,
qizingizning ko‘ngli uchun hali ham kelganingiz yaxshi. Dadamga manim arzimni
aytsangiz, albatta qaytarmas. Mendan dadamga behad salom. Kelasi oydan
qo‘rqaman... Ko‘rishalmasak mendan rozi bo‘ling, dadam va boshqa yoru do‘slar ham.
Kumush yozdim. Toshkand, 1269-inchi yil 1-qavs oyida».
Kumush o‘z xatida yozg‘anidek, darhaqiqat, Zaynab shu keyingi kunlarda yovoshka
tortqan, o‘n og‘izg‘a bir og‘iz so‘z qaytarmas, tinchkina, muloyimgina, ya’ni mundan bir
yil burung‘icha edi. Qayin ona tarafidan «Opangning ko‘zi yorir vaqti yetdi, o‘choqboshi
ishla-ringni endi o‘z qo‘lingg‘a ol!» deb qiling‘an taklifni mamnuniyat bilan qabul etib,
hatto Oybodoq onani ham o‘choqboshi yumishidan xalos eta yozg‘an, unga faqat havli
supurish, uy yig‘ish va shunga o‘xshash mayda ishlarnigina qoldirg‘an edi. Zaynabdagi
bu o‘zgarish faqat haligi taraf bilangina qolmay, eri to‘g‘risida ham shundog‘ edi. Otabek
o‘z yonig‘a kirsa — kirdingmi demas va kirmasa — kirmading demas edi. Erining ba’zi bir
samimiyati qorong‘uroq muomalalariga qarshi Zaynab ham muhmalrak qilib kulib qo‘yar
edi.
* * *
Oy tug‘ib, mo‘ljal yaqin yetdi. Marg‘ilondan ham Oftob oyimning yo‘lg‘a chiqish xabari
keldi. Lekin Kumushda ma’lum og‘riq boshlang‘an edi. Og‘riqning birinchi kuni Kumush
hech kimga sezdirmay yurdi. Ammo ikkinchi kun buni boshlab Otabek, undan keyin
O‘zbek oyim sezdi. Otabek ma’lum xavf ostida bu sirdan kishiga og‘iz ochish uchun
o‘zida majol topmasa ham, O‘zbek oyim darrav Hasanalini mundan olti oy ilgari
belgulanib qo‘yilg‘an doya xoting‘a yugurtirdi.
Doya kelgandan so‘ng ichkari havli erkak zotidan tozalandi. Kumushni o‘qtin-o‘qtin
og‘riq ushlamakda, doya xotin va O‘zbek oyim unga o‘zlari bilgan udimlar bilan
yordamlashmoqda edilar. Kechka tomon dard juda kuchayib ketdi, o‘qtin-o‘qtin dambadamga
alishindi.
Tashqarida Otabek yo‘q edi. Hasanali darboza bilan mehmonxona orasida qo‘liniqo‘
lig‘a ishqab yurinib turar va qayta-qayta axtaxonag‘a kirib to‘riq yo‘rg‘aning u yer, bu
yerini supirar edi. Hoji bo‘lsa xursand va xafaligi noma’lum bir qiyofatda «Daloyil» o‘qur
edi, har besh daqiqada ichkari tomong‘a quloq solib to‘xtar, goho darichadan Hasanalini
chaqirib «tinchlikmi» deb so‘rar edi.
Ular masjiddan shomni o‘qub kirgach, ichkaridan Oybodoq kechlik olib chiqdi. Undan
na Hasanali va na hoji og‘iz ochib hol so‘ramadilar. Taom ustida Otabekning yo‘qlig‘i
ham his etilmadi. So‘zlashmasdang‘ina lagandan bir muncha cho‘qig‘an bo‘ldilar-da, qo‘l
artishdilar.
— Xuftan aytildimi? — deb so‘radi hoji.
— Eshitmadim... Chiqa bersak ham bo‘lar, — dedi Hasanali. Shu vaqt ichkaridan
xotinlarning favqulodda qiy-chuv tovushlari eshitilib, ikkisining ham quloqlari tikkaydi va
qo‘rqa-pisa bir-birlariga qarashdilar. Qiy-chuv orasidan zaif yig‘i tovshi ham kelib
qo‘ydi... Ikkisi bir muncha kulimsirab oldilar, lekin shundog‘ bo‘lsa ham yana churq etib
 og‘iz ochmadilar. Oradan ko‘b fursat o‘tmadi, ichkaridan Oybodoq yugurib chiqdi va
darichadan turib «so‘yinchi!» dedi. Hoji yonchig‘ini kavlay berib «alhamdulilloh» deb
qo‘ydi. Hasanali ham iljayib yonchiq kavlashka tutindi va:
— O‘g‘ulmi, holva? — deb so‘radi xotinidan.
— O‘g‘ul!
— Barakalla.
Hoji kulimsirab qo‘lidag‘i uch-to‘rtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi —
«Tangalarni o‘zing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali so‘yinchisini topshirg‘andan
so‘ng duog‘a qo‘l ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan bo‘lsin». Shundan keyin xotirjam’
bo‘lg‘an holda xuftanga ketdilar.
Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yig‘isini eshitib ixtiyorsiz ichkari
havlig‘a tomon burildi va yo‘lakda onasig‘a yo‘liqdi. Qorong‘u bo‘lsa ham O‘zbek
oyimning tusidagi shodliq belgulari ochiq ko‘rinib turar edi:
— O‘g‘ul muborak bo‘lsun, bolam!
— O‘zi tetikmi?
— Tetik!
— Oldig‘a kiraymi?
— Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — chillalik uyga kechasi ko‘chadan kelib kirish yaxshi
emas... Ichkari kirsang to‘g‘ri Zaynabning oldig‘a bor. Dadang shundami?
— O‘zi?..
— O‘zi yaxshi, xotirjam bo‘l, — dedi O‘zbek oyim, orqasig‘a qaytdi. Otabek ketiga
burilib tashqari yo‘lak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va o‘ylanib
to‘xtadi. Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan to‘qnashish uning uchun bir oz
o‘ngg‘aysizroq tuyulgan edi. Shu yo‘sun bir muncha vaqt yo‘lakda turib, so‘ngra
ichkariga tomon yurdi. Zaynabning uyiga o‘tar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy
tarafka qarab oldi.
— O‘g‘ul muborak bo‘lsin!
Zaynab erini shu so‘z bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlug‘ bo‘lsin!»
deb qo‘ydi. O‘lturgandan keyin Zaynab o‘zicha kulindi:
— Haligi... — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qo‘ydimi yoki
o‘ylab qoldimi, nima bo‘lsa ham aytalmadi. Otabek uning og‘zini kulimsiragan holda bir
oz kutib «xo‘sh, haligi...?» deb so‘radi.
— Haligi...
— Uyog‘i?
— Oti qursin... ha, aytkandek, oshingizni yeysizmi?
— Yeyman.
— Sovib qolmag‘an bo‘lsa — shu.
Otabek ertadan beri hech narsa yemab edi.
— Qandog‘ bo‘lsa ham, — dedi.
Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq ko‘rinsa ham, ammo bu ochiq chehraning
zamirida uni jiddiyroq mashg‘ul qilg‘an yana bir gap bordek, ya’ni ko‘rinishdan
shoshqanliq va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostig‘a
yashiring‘andek edi. Zaynabning o‘n besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorig‘i kabi
«esdan chiqarish» holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda so‘ramoqqa majbur bo‘ldi:
— Nega holingiz parishon?
Zaynab kuldi:
— Nega parishon bo‘lsin.
— Manim ko‘zimga parishon ko‘rinasiz.
— To‘g‘ri, — dedi Zaynab, — qo‘rqdim...
 — Nimadan qo‘rqdingiz?
— Tug‘ishdan...
— Qiynaldimi?
— Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaganingiz uchun
ishonmaysiz.
— Oyim mundog‘ demagan edi-ku?
— Sizdan yashirg‘anlar.
Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilg‘an bu gap
Otabekka qandog‘ ta’sir qilishi ko‘b tafsilga muhtoj emas. Bu to‘g‘rida Zaynabka yana
savol tashlab tafsilot olishdan qo‘rqdi, ham uzoq o‘lturolmadi. Choyini naridan-beri ichib,
o‘runini to‘shatib yotdi. Zaynab sham’ni o‘chirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab
Kumushlik uyga — xotinlar oldig‘a chiqib ketdi.
Otabek uxlash uchun yotqan bo‘lsa ham haligi gap uni ko‘z yumdirmay qo‘ydi, o‘ng,
so‘l, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi
qulog‘i ostidan ketmas edi... Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turg‘an xotinlarning
g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘iri ham uning uyqusig‘a xalal berar va ora-chora go‘dakning yig‘lag‘an
tovshi ham eshitilar edi. Bu ma’sum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi
qo‘zg‘alg‘andek bo‘lsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yo‘qolur edi. Shu
yo‘sun ivir-jivir, achchig‘ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun mi-yonasidagi
kechinmalar turlik rang bilan uning uyquliq dimog‘ida akslana boshladilar... Cho‘chib
uyg‘ondi... Yonida Kumush... Zaynab yo‘q edi. Uyquliq ko‘zi bilan narigi uyga quloq
soldi, hanuz boyag‘i tovushni eshitdi va o‘ng yonini bosib ko‘rpaga burkandi, mundan
keyin tinch uxlab ketdi...
Tush ko‘rar edi: «Chamanda gullar ochilg‘an emish... Bu gulshan uning o‘ziniki
emish... Ul rango-rang chechaklardan ko‘zini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan
xavf bor emish... Xanjarini ushlab yovg‘a qarshi chiqg‘an emish... Yov qochqan emish...
Yov orasida onasi ham bor, otasi ham ko‘rinar emish... Qaytib chamanga kirsa bir sigir
gulni bosib, yanchib o‘tlab yurg‘an emish... Bu holdan o‘zini unutkan va qo‘lidag‘i xanjari
bilan sigirga yugirgan emish... Sigir emas — sariq sochlik albasti emish...
Darmonsizlang‘an va xanjari qo‘lidan tushkan emish... Dunyoni qorong‘uliq bosqan
emish...» Cho‘chib uyg‘ondi va o‘z yonida uxlab yotqan Zaynabni ko‘rdi. Haligi
bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va vujudini ter bosqan edi. Sekingina o‘ng yonig‘a
ag‘darilib havli tomong‘a qarab yotdi. Uning ag‘darilishi bilan Zaynabning ko‘zi
ohistag‘ina ochilib yana yopildi.
Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xo‘rozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradag‘i
objuvoz poyko‘pining zarbi yerni silkitib-silkitib to‘lqin berar edi. Narigi uyda yonib
yotqan sham’ nuri daricha tirqishidan milt-milt ko‘zga ilinur, ammo ship etkan tovush
eshitilmas edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi to‘g‘risida
xayollanib ketdi. Subh azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan
ham azon tovshi kelgach, ul tahorat olmoq uchun qo‘zg‘aldi.
Kumushning yonig‘a kirish qulay bo‘lsin, deb no-nishtani Zaynabning uyida qildi.
O‘zbek oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush
yonidan bir oz vaqtg‘a chiqib turdi. To‘rga Kumush yotqizilg‘an, uning oyog‘ tomonida
O‘zbek oyim chaqaloqni ko‘tarib o‘lturgan edi. Otabek kirganda o‘zining siniqg‘an yuzi,
ichkariga botinqirag‘an ko‘zi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab,
«muborak bo‘lsin!» dedi. Kumush javob o‘rniga uyalib yuzini ko‘rpaga yashirdi. O‘zbek
oyim:
— Berganga qulliq bo‘lsin, o‘ltur, — dedi.
 Otabek Kumushning bosh tomonig‘a o‘lturdi. O‘zbek oyim fotiha o‘qudi. So‘ngra
chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychog‘imning ko‘rmanasini chiqar, dadasi. —
Otabek qizarib bolag‘a qaradi, Kumush yuzini yana ko‘rpaga yashirib oldi.
— O‘zingiz tuzikmisiz?
— Shukur...
— Qiynalibsiz, deb eshitdim...
— Tug‘moq hazilmi senga, — dedi O‘zbek oyim.
Kumush Otabekni o‘ziga imladi va qulog‘ig‘a shivirladi: «sizning gunohingizga...»
— Xo‘rak qildingizmi?
O‘zbek oyim:
— Kechadan beri ichiga issig‘ kirgani yo‘q. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, —
dedi.
— Albatta! — dedi Otabek va onasig‘a bir tilla so‘yinchi bergandan so‘ng xotirjam’lik
bilan uydan chiqdi.
Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali
uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqag‘ami ketkan edi. Shu vaqt
ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonig‘a keldi:
— Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi.
Otabek kitobni belguluk qilib yopdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik... darrav kiring-chi!
Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi o‘chkan holda
Kumushning uyidan chiqib kelar edi.
— Nima gap? — deb undan so‘radi Otabek.
— Bilmadim, — dedi, — opam ko‘ngillari aynab qusyaptilar...
Otabek eshik yonig‘a kelgandan so‘ng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilarda,
ul uyga kirdi. O‘zbek oyim jom ushlag‘an, Kumush jomga o‘qchib qusar edi.
— Nima bo‘ldi?
Kumush javob beralmadi.
— Bilmadim... boyatdan beri to‘xtovsiz qusyapti, — dedi O‘zbek oyim. Qusib
charchag‘an Kumush holsiz-lanib boshini yostiqqa tashladi. O‘qchib yoshlang‘an ko‘zlari
bilan eriga qarab oldi.
— Yoqmaydirg‘an xo‘rak bergansiz.
— Yoqmaydirg‘an hech narsa yegani yo‘q, — dedi onasi,— o‘sha ataladan boshqa
xo‘rak qilmadi. Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolg‘ani ana tokchada...
O‘zbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini
tutdi.
— Tabib aytdiraymi?
— Aytdir. Manim ham ko‘nglimga shu kelib turgan edi.
Otabek Kumushning qusug‘i bitkuncha turdi-da, so‘ngra yugurib tashqarig‘a chiqdi.
Hasanali hanuz boyag‘i ishda edi.
— Ota, siz yugurib tabibga boring-chi!
Hasanali ishini tashladi:
— Nima gap?
— Keliningiz boyadan beri qusar emish.
Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab ko‘targan,
Kumush hamon qus-moqda... Kumush holsizlanib o‘zini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari
ko‘kargan, yonig‘a kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi.
— Tuzikmisiz?
 — Ko‘nglim.
Otabekning hamma badani titrab ketdi, shundog‘ bo‘lsa ham o‘zini qattig‘ ushladi:
— Qatiq ichirib ko‘rdingizmi? — dedi onasig‘a.
— Yo‘q.
— Qatiq buyuring!
Oybodoq qatiq keltirguncha Kumush yana jomga intildi. Bir-ikki o‘qchib qusqandan
keyin, Otabekning qo‘lidag‘i suv bilan og‘zini chaydi va piyoladagi qatiqdan bir-ikki
ho‘plab, o‘zini yostiqqa tashladi. Harorati kuchlik, yurak urishi favqulodda tez edi.
Otabek uning manglayini qo‘li bilan bosib ushlagan edi, bir oz tinchigandek bo‘ldi. O‘zbek
oyim burchakda bola ko‘tarib o‘lturgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni to‘kib
kelishka buyurdi. Otabekni manglayida turg‘an qo‘li qizib ketib, ikkinchi qo‘lini
almashdirishg‘a majbur bo‘ldi. Manglayida sovuqliq his etib Kumush ko‘zini ochdi.
— Ko‘nglingiz bosildimi?
Kumush javob o‘rnida yostiqdan qo‘zg‘aldi. Jom yo‘q edi. Otabek shoshib tokchadag‘i
xitoyi norin tovoqni oldi. Kumush qusdi. Bu gal qusuq boyag‘i qatiq aralash ko‘kimtil va
sarg‘imtil narsalar edi. Og‘zini chayg‘andan keyin Otabek qatiqni taklif qilg‘an edi,
ichmadi va o‘zini yostiqqa otdi...
Tabib keldi xabarini eshitib, Otabek jonlang‘andek bo‘ldi. Uy eshigiga jom ko‘tarib
kelgan Zaynab keyiniga qaytdi. O‘zbek oyim ham chaqaloqni ko‘tarib uydan chiqdi.
Otabek tabibning hurmatiga turishni unutib Kumushning manglayini bosqancha o‘lturar
edi. Tabib Otabekdan voqi’ani so‘rab bilgandan so‘ng Kumushning tomirini ko‘rib labini
tishlab qoldi va tovoqdag‘i qusuqni hidlab qaradi:
— Bu kun nima xo‘rak qilg‘an ekan?
— Atala.
— O‘sha taomdan bir oz qolg‘ani bormikin?
— Bor! — dedi Otabek va boya onasi ko‘rsatkan joydan kosani olib tabib qo‘lig‘a
berdi.Tabib kosadan barmog‘ig‘a bir oz elashdirib yaladi va darrav tuflab tashladi.
— Zahar ichibti!
Otabek sapchib ketdi, tusi qo‘rqunch holga kirgan edi...
— Bekor gap!
Tabib Otabekning hozirgi holatidan dahshatka keldi...
— Men hozir daf’i uchun doru yuboraman, — dedi va qo‘zg‘aldi. Otabek ham uning
bilan birgalashib o‘rnidan turdi:
— Zaharni kim beradi?
Nima deyishka ham hayron tabib:
— Man... man... o‘zingiz o‘ylab ko‘ring-chi... Man darrav doru yuboray, darrav
ichiring, tuzikmi? — dedi.
— Bildim, bildim! — dedi bechora Otabek. — Zay-nab, Zaynab, Zaynab... Jalab!
Yuboring, yuboring, darrav yuboring!
Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib Kumushning boshig‘a keldi, yuzini ochib
manglayini bosdi va o‘pdi... Kumush ko‘zini ochib kuch bilan so‘l qo‘lini erining yelkasiga
tashladi... Qo‘lida chaqaloq bilan O‘zbek oyim kirdi.
— Zaynabni chaqir, Zaynabni!
O‘zbek oyim tabib so‘zidan xabardor edi:
— Zaynab! Zaynab!
Zaynab yugurib uyga kirdi. Tusi murdadek oqarg‘an edi. Otabek Kumushni qo‘yib
yerdagi atalani oldi:
— Ich muni, ich jalab!
 Zaynab orqag‘a tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan
belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko‘rindi.
— Ket jalab, ket! Taloqsan, taloq!
«Taloq» so‘zini eshitkan Kumushning ko‘zi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji
voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi.
— Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting‘a!
Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va
onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida pari-shon edi.
Hoji o‘z qo‘li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va
manglayini bosdi...
— Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi
va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang!
Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay,
Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam!
Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu
gal qusuq qong‘a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub
yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi,
uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi...
* * *
Ertasi kun dafn marosimi bo‘ldi. Janozag‘a Toshkandning har bir mahallasidan
deyarlik kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig‘ina bu tantanaga yetib
kelalmadilar.
Bechora ona, bechora ota!..
Uchunchi kun ular ham kelib yetdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?!
Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg‘a osh berildi va shu munosabat bilan
chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo‘yildi.
Kumushning yaqinlarig‘ina emas, balki foji’adan xabardor bo‘lg‘an shaharning kattakichigi
Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o‘ninchi
kunlarida Zaynabning jinni bo‘lib, ochiq ko‘yi ko‘chada yurgan xabari va og‘asi
tomonidan ushlanib kishanga soling‘an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va
tabiblar tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko‘tarildi. Darhaqiqat, aqldan
ozib ko‘chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o‘zi ham Zaynab uchun kichkina
jazo hisoblanmas edi.
Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan
so‘ng, bechora bolu paridan ayrilg‘anlar Marg‘ilong‘a qaytish harakatiga tushdilar.
Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog‘ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech
kim yo‘q edi.
Eng keyingi vido’lashish kuni yetdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining
ikki tup qurig‘an chinor yog‘ochi orasig‘a turg‘uzilg‘an yangi xishtin sag‘ana qarshisida
to‘xtadilar. Sag‘ananing o‘ng boshidag‘i toshdan o‘yib yasalg‘an lavha ko‘zga chaqilib
turar edi:
La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh
Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil
mashhudati al-mag‘furati.
Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248.
 Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval.
Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir.
Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir.
Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding.
Bechora ona chidalmadi, qabrni quchog‘lab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonig‘a tiz
cho‘kib, ko‘z yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi... Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani
o‘qub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yig‘lab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda
qoldilar.
Qur’on o‘qushg‘a hech kimda majol yo‘q edi.
Qarshidag‘i binoga Yusufbek hoji tarafidan qo‘yilg‘an qori bularning holiga tushundi.
Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida o‘lturib qur’on o‘qudi. Oftob oyimning
nolasi bosilsa ham, lekin ko‘z yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda
edilar. Fotiha tortilg‘andan so‘ng qutidor va Oftob oyim qorig‘a pul berdilar. Qori
ketkandan keyin har qaysilari o‘zlarini bosib alohida-alohida qur’on o‘qub bag‘ishladilar,
so‘ngra ohista-ohista yo‘l olib qabr bilan vido’lashdilar. Go‘yo Kumush «mendan rozi
bo‘ling!..» deb onasig‘a xitob qilar, Oftob oyim orqasig‘a qaray-qaray yig‘lab kelar edi...
Otabek ularni uyga qo‘yib, qabr yonig‘a keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan
Hasanali aravani qo‘shib tayyorlag‘an, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda
Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni ko‘tarib chiqdi, keyinroq Yusufbek
hoji bilan qutidor ko‘rindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqg‘anda ko‘cha tarafdan
Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga —
«tushing otdan!» dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irg‘ib otqa mindi va qutidordan
so‘radi:
— Otni haydaymi?
Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yo‘lakda turgan O‘zbek
oyim darbozadan mo‘ralab qo‘ydi. Qutidor indamagani uchun Otabek o‘zicha otni haydab
yubordi.
— Xayr!
— Xo‘sh!
Marg‘ilong‘a jo‘naydirg‘an Hasanali gangib ko‘cha-ning o‘rtasidan hojig‘a qaradi. Hoji
yo‘lakdagi oyimg‘a yer ostidan ko‘z qirini tashladi... Otabek ortig‘a qaramasdan aravani
haydar edi...
 

Xotima

Esini kirgizdi



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari