Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Musulmonqul istibdodiga xotima

Musulmonqulning aholi ustiga bo‘lg‘an jabru zulmi haddan tashqari ketdi. Uning
istibdodi o‘zga shahar-larga uncha sezilmasa ham, ammo markaz — Qo‘qon odamlarini
juda to‘ydirdi. Uning o‘z kayficha oyda emas, haftada solib turg‘an soliqlari fuqaroning
terisini shilsa, arzimagan sabablar bilan qora chopon beklarini osdirib, kesdirib turishi
xosni (xavosni) ham esankiratdi. Otig‘ag‘ina xon bo‘lib o‘lturg‘uchi Xudoyor ham
osdirish, kesdirish va yorlaqash o‘z ixtiyorida bo‘lg‘an Musulmonqul maydondan
olinmagan fursatda o‘zining qo‘g‘irchoq sifat yuraberishini tushundi. Ko‘bdan beri unga
yuragida kek saqlab kelib, ammo ne tariqada najotka chiqishini bilmadi. Chunki ul
suyanadirg‘an Qo‘qon beklarini «mana» deganlari Musulmonqul va kishilari (qipchoqlar)
tomonidan osilib kesilganlar, qolg‘anlari tovush chiqarishg‘a majolsiz edilar. Atrof shahar
va qishloq beklari ham aksar qipchoqlardan, ya’ni Musulmonqulning o‘z odamlaridan,
ulardan bir ish kutish yana mumkin emas.
Shahar xalqining har bir tabaqasi deyarlik Musul-monqul dakkisini yeb kelgan, magar
ulamo xalqi undan juda rozi, zeroki Musulmonqulning birinchi istinodgohi o‘zining
qipchoqlari bo‘lsa, ikkinchisi ulamolar edi. Ul ulamo orqaliq o‘z zulmini mashru’ bir tuska
qo‘yg‘an, o‘zi uchun zararlik unsurlarni yo‘qotishda shu ulamolardan «ululamirga
bog‘iyliq» degan fatvoni olishni unutmag‘an edi. Ulamoning bu yanglig‘ istibdodni
«bog‘iyliq» rangi bilan bo‘yab berishi mukofoti uchun Qo‘qon va Andijon kabi
shaharlarga ma’lum madrasalarni bino qilg‘an va bu madrasalarga xizmati bilan tanilg‘an
ulamodan mudarrislar ta’yinlag‘an edi. Ammo Musulmonqulg‘a yaqinlasha olmag‘an,
ya’ni uning xizmat va marhamatidan chetda qolg‘an «nimcha» ulamolar ham yo‘q emas
edilar.
Aztahidil Musulmonqulning otalig‘idan qutilishni va mustaqil ravishda hukmron
bo‘lishni orzu etkan Xudoyor, nihoyat keyin qayin otasi bilan kurashda o‘ziga birinchi
istinodgoh qilib shu keyingi sinf ulamoni oldi. Musulmonqul balosidan qutilg‘andan so‘ng
Xudo-yorning ularga qiladirg‘an in’om va ehsonlari, beradirgan mansablarining naqddek
va’dasi barakasida bu keyingi tabaqa — Qo‘qon mullalari harakatka keldilar.
Musulmonqul tarafdori ulamolar uning siyosatini shari’atqa qancha mutobiq ko‘rsatib
kelgan bo‘lsalar, bu keyingilar ham o‘shancha xilofi shar’iy ekanligini isbotka kirishdilar.
Boshda bu harakat albatta «yeng ichida» bo‘ldi va bu harakatning boshida
Xudoyorning o‘zi turdi. Birinchi galda yashirin ravishda Toshkand, Andijon, Marg‘ilon va
o‘zga shaharlarning ishonchlik ulamo va beklariga Musulmonqul istibdodidan qutulishda
ko‘mak berish uchun murojaatnomalar yo‘llanildi. Bu murojaatnoma-larda
Musulmonqulning nomashru’ ishlari, Qo‘qon odamlariga qilg‘an jabru zulmlari sanalgan,
keyingi vaqtlarda xonning o‘zi ham bu zulmlar qarshisida chidab tura olmasliq holg‘a
kelganligi so‘zlanilg‘an, agarda boshqa shahar ulamo va ashrofidan ko‘mak bo‘lg‘an
taqdirda bilfe’l Musulmonqulg‘a qarshi ko‘tarilishka hozir turilg‘anlig‘i aytilgan edi.
Ikkinchi galda Qo‘qon sipohlarining qipchoqdan boshqa qismig‘a yashirin ra-vishda,
umuman anovilarg‘a qarshi tashviqot yurgizilib boshlang‘an edi.
Andijon, Marg‘ilon, Namangan kabi shaharlardan «xon bu ishni maslahat ko‘rsalar, biz
yordamga hozirmiz» degan quruq va’dalar kelib, ammo Toshkanddagi Yusufbek hoji
to‘dasidan amaliy choralarini ham ko‘rsatilib yozilg‘an javob maktubi oling‘an edi.
Maktubda aytilar edi:
 «Siz Xo‘qand ulamoyi kiromlarining Musulmonqul xunxo‘rlig‘idan faryodga kelib va
shari’ati mustafoni orag‘a vosita qilib yozg‘an maxfiy xatlarini oldiq. Biz Toshkand ulamo
va ashrofidin domla Solihbek oxund, mulla Yusufbek hoji, sarkardalardin Qosim va Niyoz
qushbegilar, Karimqul va Muhammadrajab qo‘rboshi ham Qambar sharbatdorlar bir
orag‘a o‘lturishib voqi’an Musulmonqulning zulm va taaddasi Xo‘qand fuqarosi va ayni
zamonda bo‘lak shahar va qishloq, kent aholisi ustiga ham bag‘oyat oshib borg‘anlig‘ini
muzokara va mukolama qilishdiq. Biz faqirlari ham Musulmonqul harakati behudasini
shari’atga xilof, yurt va el uchun muzir, xalo-yiqning osoyish va umr guzaronlig‘i vajhiga
xalaldir deb bildik. Bul ma’niga ul tojdor amiralmo‘’minin muvofaqat ko‘rsatsalar ul
beparhez g‘osibi taxtu saltanatning haydalmog‘i behroqdir va yana Toshkand
mardumlari bul to‘g‘rida haqiqat tomonida sobit qadam bo‘lmoqqa til berishurmiz.
Basharti siz kiromlar ul beparhez zolimning mingboshiliq vazifasidin tard etishka azdilu
jon bel bog‘lag‘an bo‘lsalaringiz, biz faqirlarning aqli qosirimizg‘a bir andisha keladir.
Andog‘ki, Toshkand Xo‘qand hukumatidin yuz o‘girgan bo‘lib xudnafsiga0 mustaqillik
e’lon qilsin. Bu taqdirda itoatdin bosh to‘lg‘ag‘an Toshkand ustiga albatta Musulmonqul
zolim qo‘shin tortar. Ushbu qo‘shin orasig‘a siz kiromlar o‘z odamlaringizni ko‘broq
kirguzishka ko‘shish qilib va yana janobi tojdor ham birga kelsinlar. Qo‘shin Toshkandga
yetkan ba’dida bizlar tashqaridin va sizlar ichkaridin bo‘lib Musulmonqulni oradin
ko‘targaymiz. Bul maslahat faqirlarning aqli qosirlarimizg‘a ko‘b tafakkurlar ba’dida
kelib, yana ra’yi savob o‘zlarida bo‘lg‘ay. Ammo bul taqdirda qon to‘kilmasdin muddao
husulg‘a kelurmu deb o‘ylaymiz. Boz maxfiy qol-mag‘aykim, Toshkand begi bo‘lg‘an zot
borasida andisha lozim ermas, zero ul odam fuqaroning osoyishi yo‘lida jonbozliq
qilg‘uchi kishidir. Bizlar limaslahatan nima desak, ul bo‘yin to‘lg‘amas. Inshoolloh, bu
andishamiz kiromlarga ma’qul tushkan taqdirda janobi tojdorning hamray’larini olmoq va
imkoni bo‘lsa ul janobning ismi shariflaridin bizlarga pisandnoma yozmoq marjudir. Toki
bizlar ishonch birlan muddaog‘a shuru’ qilayliq».
Bu xat Xudoyorning qo‘lig‘a tekkandan keyin xatda ko‘rsatilgan tadbirni juda ma’qul
topdi va tezlikda o‘z ismidan tashakkur va pisandnoma yo‘lladi. Ijobatni olg‘andan so‘ng
yuqorida mazkur Toshkand ashroflari bir majlis qurib o‘lturishka Normuhammad
qushbegi (Toshkand hokimi)ni ham chaqirdilar. Majlisda xondan va ulamodan oling‘an
murojaatnomani o‘qub Normuhammad qushbegiga eshitdirdilar. Majliska yig‘ilg‘
anlardan Yusufbek hoji va domla Solihbek oxundlar qushbegining pir, deb inobat
qilg‘an odamlari bo‘lg‘anlari uchun elning osoyishi va mamlakatning obodlig‘i nomiga bu
taklifni, ya’ni Qo‘qong‘a qarshi isyon etkan bo‘lib turishni ul o‘z bo‘ynig‘a oldi. Bundan
onglashiladirkim, Normuhammad qushbegi ham o‘zi-ning valine’mati bo‘lg‘an
Musulmonqulning tutkan siyosatini yurt manfaatiga xilof deb bilibdir.
Uzoqlamay Normuhammad qushbegi Qo‘qondan bosh toblab o‘z oldig‘a mustaqil
hukumat e’lon qilg‘an bo‘ldi va Yusufbek hojilarning o‘ylag‘an tadbirlari ayni kutkan
natijalarni bera boshladi. Itoatdan bosh tortqan Toshkandga qarshi Musulmonqulning
tepa sochi tik turib, adab berish niyatida safar jabdug‘ini tuzdi. Toshkandga qarshi
ayniqsa g‘azablangan bo‘lib ko‘rin-guchi Xudoyor ham bu safarning tadorikini barobar
ko‘rishdi va Musulmonqul bilan birlikda Toshkand ustiga chiqdilar. Yo‘l ustida ham
Toshkand bilan yashirincha so‘z olishib, xatti-harakat chizishib turishdilar.
Musulmonqul ilg‘ori Chirchiq bo‘yiga kelib yetkanda, qushbegi boshluq Toshkand
yigitlari ham suvning berigi yuzida yov kutib turg‘an edilar. Tush chog‘ida ikki yov birbirlarig‘
a qarshi kelishdilar. Qo‘qonliqlar dam bermayino Toshkand qo‘shuni miltiqlarg‘a
o‘t berdi. Musulmonqul kutmagan joyda qo‘shunidan bir durkumi o‘z ustiga hujum
boshlab va bir firqasi Toshkand yigitlari tomoniga qochib o‘tdi. Musulmonqulning o‘z
yigitlari (qipchoqlar) sarosimalikda qolib, Musulmonqulning mudofaasini-da va
 qochishni-da bilmay qoldilar. O‘z ustiga chug‘irchiqdek yopirilib kelmakda bo‘lg‘an
qo‘qonliq va toshkandliklarga qarshi o‘zida kuch yo‘qlig‘ini bilgan Musulmonqul bir ot va
bir qamchi arang qo‘shundan chiqib qochdi va bir qancha yo‘lg‘acha quvlandi. Boshluq
orqasidan qochmoqchi bo‘lg‘an qipchoq yigitlariga munodi nido qildi:
— Qipchoq og‘aynilar! Bizning hamma adovatimiz Musulmonqulg‘a edi! Siz og‘aynilar
ilgari xon yonida qandog‘ xizmatda bo‘lg‘an bo‘lsalaringiz, endi ham o‘sha vazifada
qolaberasizlar va lekin Musulmonqulg‘a tarafdorlaringiz bo‘lsa, tinchlikcha qo‘shindan
chiqib ketsin!
Qipchoq yigitlari ham bir yerga uyushib, o‘z taraflari-dan munodi qo‘ydilar.
— Biz Musulmonqulni tanimaymiz! Bizning boshlug‘imiz Xudoyorxondir!
Shundan so‘ng qipchoq va o‘zbek birga aralashib ketdi, go‘yo hamma adovat
Musulmonqul bilan birga ketkandek bo‘lib, ikki xalq bir-biri bilan ko‘rishdi. O‘n minglab
xalq yangidan Xudoyorg‘a itoat izhor etib, chin xonlik bilan uni muborakbod qilishdilar.
Toshkand xalqi izzat-ikrom ostida xonni va Qo‘qon sipohini shaharga tushurib, o‘rdada
uch kun ziyofat berdilar. Ziyofat asno-sida ittifoqning foydalari, tarqoqliqning zararlari
so‘zlanildi. Qushbegi va Yusufbek hojilarning taklifi bilan Musulmonqul o‘rniga O‘ttaboy
qushbegi (Marg‘i-lon hokimi) mingboshi belgulanib, to‘rtinchi kun Xudoyorxon qo‘shuni
bilan Qo‘qong‘a qaytdi.
* * *
Qish chiqar oldi. Musulmonqul voqi’asidan yigirma kunlar chamasi keyin edi.
Muhammad Rajab qo‘rboshining uyidan ikki-uch qaytalab kishi kelabergandan keyin,
Yusufbek hoji ilojsiz qolib borishg‘a majbur bo‘ldi.
Yig‘inda Muhammadniyoz qushbegi, Qosim mingboshi, Qambar sharbatdor, Karimqul
ponsadlardan tor-tib Toshkandning yetuklik ashrof va a’yonidan o‘n beshlab odam bor
edi. Mehmonlar uchun meva-cheva, quyuq-suyuq tortildi. Ziyofat to‘kun edi. Yemak
asnosida Niyoz qushbegi so‘zlab yig‘inning maqsadi bilan ahli majlisni tanishdira bordi:
— Og‘alar, inilar! Bilindiki, og‘aynilar bir tan, bir jon bo‘lsalar qipchoq kasofatidan
qutilish uncha qiyin tushmas ekan. Mundan bir oy ilgari biz qanday holda edik?
Musulmonqulning omonsiz qilichi og‘aynining bo‘g‘zida edi. Xudo hoji akamizning umrini
uzun qilib, bola-chaqasining egaligini ko‘rsatsinki, avvalo uning aqllik tadbiri, undan
keyin og‘aynining bir yoqadan bosh chiqarishi soyasida Musulmonqul balosidan
yengilgina qutildik. Ammo bu qutilishni chin qutilish deb bo‘lmaydi. Nega desalaringiz,
oq it bo‘lmasa, qora it tovoq-qoshiqqa tegmakda. Hali biz sahroyi qipchoq elidan uzilkesil
qutilg‘animiz yo‘q. Anovi Musulmonqul bo‘lmasa, boshqa Alimqulning bosh
ko‘tarishi aniq, — dedi qushbegi va dasturxondan cho‘qinib davom etdi. —
Normuhammadning ra’yini deb, hamma ixtiyor o‘z qo‘limizda bo‘lgani holda, O‘tabboyni
mingboshi belgulab yuborduq... Bu ham o‘zimizning eng katta xatolarimizdin. Men o‘sha
kundan beri o‘z-o‘zimdan bo‘g‘ilib yuriyman: Musulmonqulning iti bo‘lmasa, o‘zimizdan
mingboshi bo‘larliq odam qurib qoluvdimi, deyman. Yo‘q, og‘alar, temirni qizig‘ida suqib
qolish kerak! Qachong‘acha biz bu sahroyi itlar bilan sanu manga borishib yuramiz?
Yaxshisi shulki, bu bosh og‘rig‘larni bir varakay oradan ko‘tarib tinchishaylik. Biz shu
yerdagi og‘aynilar bilan kengashib bir gapka to‘xtab qo‘ydiq. Ammo bu maslahatning
hoji akamizga ham ma’qul tushmog‘ida shubha qilmaymiz. Bu o‘yimizga xon ham bir
narsa demasa kerak. Qo‘qon, Marg‘ilon, Andijon, O‘sh va boshqa yerlarning og‘aynilari
ham bu gapdan bosh to‘lg‘amaslar. Nega desangiz, qipchoq degan iflos barchani ham
jonidan to‘ydirdi, — dedi va nosqovog‘ini qoqa-qoqa bir otimini tilining tegiga tashladi.
Yusufbek hoji haligi gap so‘zlang‘anda qo‘lidag‘i piyo-lasini chayqatib og‘ir bir holat
kechirgan va chuqur bir sukutka ketkan edi. Boshqalar bo‘lsa Niyoz qushbegi-ning
 so‘zidan keyin bir ko‘zdan deyarlik hojining yuziga ti-kilgan edilar. Hoji miq etmay o‘ltura
bergach, Qambar sharbatdor o‘zining xipcha tovshi bilan qushbegining gapini kuchlab
tushdi:
— So‘zingiz juda to‘g‘ri, qushbegi, — dedi, — siz aytkandek, bizga ikki yo‘l bor:
qipchoqni qirib yo‘yish va yoki butunlay qipchoq qo‘lida qolib ketish.
Yusufbek hoji ko‘tarilib Qambar sharbatdorga qaradi va majlisni yer ostidan kuzatib
chiqib, yana jim qoldi.
Karimqulponsad hojini turtmak maqsadida:
— Kengashlik ish tarqamas, deganlar. Hoji akamiz o‘ylashib javob bersinlar-chi, axir,
— deb qo‘ydi.
— Bilmadim... — dedi nihoyat hoji, — sizlarning muddaonglarga tushunmadimmi yoki
tushunsam ham o‘zimga yotishib kelmadimi, hayronman.
Niyoz qushbegi boshini qashib oldi:
— Nimasiga hayronsiz, hoji!
— Maqsadlaringiz Qambarbekning aytkanidek qipchoqni kesishmi?
Qushbegi ikkilanmay javob berdi:
— Kesish!
— Sizlarni, — deb istehzolanib kuldi hoji, — bu ishka nima va kim majbur qiladur?
Qushbegi yoronlarig‘a qarab oldi:
— Savolingiz qiziq, — dedi, — sababi bizlardan ham ko‘ra sizga ma’lum bo‘lsa kerakku.
— Durust aytasiz, — dedi hoji boshidagi sallasini olib, — Musulmonqulni haydamoqqa
majbur bo‘lg‘an edik — haydadiq. Barcha yomonliq o‘shaning boshi bilan birga
ketkandek qipchoq og‘aynilar ila totuklashdik, qipchoqlarning eski adovatlari bitdi... Bas,
bizga tag‘in nima kerak?
Hojining bu gapi majlisni bir-birisiga alanglatib qo‘ydi. Ammo qushbegi sirni boy
bermas uchun tirishkandek qilib kuldi:
— Musulmonqul endi tinch yotar, deb o‘ylaysizmi?
— Albatta, o‘ylamayman, lekin Musulmonqulni tin-chimaydir deb ho‘lu quruq
qipchoqqa tig‘ tortish hech bir aqlg‘a sig‘adirg‘an gap emas. O‘zingiz qushbegi ay-tingchi,
biz bu kungacha yomonliqni kimdan ko‘rdik? Qipchoq otlig‘ xalqdanmi yoki uning
sanog‘liq bo‘lg‘an bir necha kishilaridanmi?
— Nafsilamrni aytkanda, biz qipchoq deganning har birisidan ham dakki yeb kelamiz.
— So‘ngizda yanglishliq bor, qushbegi! Agar siz naf-silamrga qarasangiz ikki xalqni
bir-birisiga sovuq ko‘rsatib, adovat tuxumini sochib kelguchi bir nechagina odam bor...
Menga qolsa mamlakatni tinchitish uchun shular to‘g‘risida o‘ylash kerak. Nainki, to‘rtta
muttahamni deb butun bir xalqqa hujum qilish!
— Siz aytkandek, yomon to‘rttagina emas, hoji! Sahrodan kelgan har bir qipchoq
bizning yelkamizga minmakchi. Bizning tovog‘imizga tumshug‘ini tiqmoq-chi— bunga
qolganda ishni bir oz yengil o‘ylab turibsiz, hoji aka!
Qosim mingboshi:
— Hoji akamning hamma gaplari faqat rahmdillikdan aytiladir, — dedi, — ammo
o‘ylash kerakki, qipchoq bu kungacha ozg‘ina og‘aynining qonini to‘kdimi? Anovi kun
Marajabbek bilan hisoblashib ko‘rsak, Qo‘qonning o‘zidan ikki yilning ichida yetmish
sakkiz bek o‘ldirilibdir. Hali bu hisobka fuqarodan o‘ldirilgan bechoralar kirmaydir.
— Men bu haqiqatlardan tonib turg‘anim yo‘q, mingboshi. Ammo biz senga sen, deb
javob bermasak, bizniki aql va insof doirasidan chiqmasa deyman...
Oradan birav hojining so‘zini bo‘ldi:
— Aql, insof bilan ish qila-qila endi juda to‘ydik.
 Hoji sukut qildi, o‘zining shunchalik gaplarini havog‘a ketib turg‘anini, majlisning
Niyoz qushbegi ruhida borganlig‘ini yaxshi sezdi. Mundan boshqa Niyoz qushbegining
bunday bir fikrga kelishi uchun uni nima majbur qilg‘an — buni ham ochiq ongladi. Niyoz
qushbegining barcha kinasi O‘tabboyning mingboshi belgulangan kunidan
boshlang‘anini, «men turg‘an yerda, qipchoq mingboshi bo‘lsinmi!» degan kek orasida
bu fikr faqat uning tomonidan maydonga chiqarilg‘anlig‘i Yusufbek hojining
mulohazasidan o‘tdi. Majlisning boshqa a’zolarig‘a bo‘lsa, ish yo‘g‘idan yumish chiqarishqa
talabgor bekorchilar, deb qaradi.
Albatta, el foydasidan ko‘ra o‘z manfaatini olding‘a surg‘uchi bu cho‘talchi beklarga
qarshi hojining sovuqqonliq saqlay olishi va asabiylashmasligi mumkin emasdi.
— Beklar, — dedi, — manim hamma mulohazam yurt, el manfaati nuqtasidan turib
aytiladir. Men hech bir vaqt inkor qilaolmaymankim, yolg‘iz o‘z g‘arazi yo‘lida ish
qilg‘uchi palid kishilar qipchoqlar orasida bor bo‘lg‘anidek, bizda ham yo‘q emas... Balki
anovilarda o‘nlab bo‘lsa, bizda yuzlab bor. O‘zi bizning ko‘zimizga itdek sovuq ko‘ringan
qipchoq bachcha Normuham-madning el uchun qilib turg‘an to‘g‘ri xizmatini men o‘z
umrimdagi Toshkand beklari orasida birinchi martaba ko‘raman. Buni siz, yaxshilar ham
inkor qila olmassiz. Bas, ayb qipchoqda emas, balki uning manfaati shaxsiyasi yo‘lida ish
ko‘rguchi boshliqlarida va qipchoqlar o‘ylag‘andek gunoh qora choponlilarda bo‘lmay,
balki uning uch-to‘rt ma’nisiz beklarida!.. Burodarlar! O‘rus o‘z ichimizdan chiqadirg‘an
fitna-fasodni kutib, darbozamiz tegida qo‘r to‘kib yotibdir. Shunday mashhar kabi bir
kunda biz chin yovg‘a beradirgan kuchimizni o‘z qo‘limiz bilan o‘ldirsak, sen falon deb
qirilishsaq holimiz nima bo‘ladir. Bu to‘g‘rida ham fikr qilg‘uchimiz bormi? Kunimizning
kofir qo‘lig‘a qolishi to‘g‘risida ham o‘ylaymizmi yoki bunga qarshi hozirlik ko‘rib
qo‘yg‘anmizmi?!
Hoji o‘zini tutolmay ko‘z yoshisini oq soqolig‘a quyib davom etti:
— Mana, burodarlar! Siz o‘z qipchog‘ingiz uchun qabr qazig‘an fursatda, sizga
ikkinchilar tobut chopadir. Biz qipchoqqa qilich ko‘targanda, o‘rus bizga to‘p o‘qlaydir.
Siz dunyoda o‘zingizning yagona dushmaningiz qilib qipchoqni ko‘rsangiz, men boshqa
yovni har zamon o‘z yaqinimg‘a yetkan ko‘raman! — dedi va ro‘ymoli bilan ko‘z yoshisini
artib o‘rnidan turdi. — Agarda dunyodan o‘tayozg‘an bir keksangizning maslahatiga
quloq bersalaringiz bu fikringizdan qayting, burodarlar! Illo Yusufbekni o‘ldig‘a chiqarib,
bu shum ishingizdan meni tashqarida hisoblangiz! — dedi va majlisning o‘lturing,
to‘xtang so‘ziga quloq solmay, o‘lturishni tashlab chiqdi.
Hoji darbozadan chiqmag‘an ham edi, Niyoz qushbegi xaxolab kulib yubordi:
— Voy vahmang qurg‘ir, hoji! Bu kun ko‘knori ichkan ekan, shekillik! — dedi.
Boshliqdan kulgiga ruxsat berilgach, boshqalar ham kulishib, orada ola-g‘ovir
boshlandi.
— Yo‘q, — dedi Qambar sharbatdor, — hoji akaning yoshi qaytib, ko‘ngli juda ham
bo‘shashib ketibdir!
— Voy xo‘vari hoji, — dedi Niyoz qushbegi, — oldidag‘i ovni ko‘rmay, uzoqdagi yovni
ko‘radir!
— Xudda-xudda!
Muhammad Rajab qo‘rboshi boshini chayqab Niyoz qushbegiga qaradi:
— Men sizga aytib edim-a, qushbegi, — dedi, — hojini har narsaga ko‘ndirsangiz ham
bu gapka ko‘ndi-rolmassiz, deb.
— Men uni kela bermay ovora qilg‘anidan ham payqag‘an edim.
— Kecha bir oz xomsigan edi, — dedi Karimqul ponsad.
— Ish buzildi-da, — deb qo‘ydi Muhammad Rajab qo‘rboshi.
— Nega buziladir? — deb so‘radi qushbegi.
 — Sirrimiz ochildi, albatta hoji tinch yotmaydir.
— Sirrimiz hali ochilg‘an emas, — dedi ishonch bilan qushbegi, — agar biz shu
o‘lturgan og‘aynilar boyag‘i gapda sobit qolsaq, sirrimizni yana yashirib ketish mumkin.
— Masalan? — deb so‘radi Qambar sharbatdor.
— O‘sha so‘zimiz — so‘z, ittifoqimiz — ittifoqmi?
Majlis tasdiq ishorasini berib:
— Albatta-albatta! — deyishdi.
— So‘z bitta bo‘ladirgan bo‘lsa, — dedi qushbegi, — hojining ishi juda oson, biz hozir
so‘zni bir joyga yetkuzamiz-da, birimiz hojining oldig‘a borib, masla-hatingizni muvofiq
ko‘rdik, biz yanglishqan ekanmiz, deymiz. Albatta, hoji ishonadir-da, hech kimga
so‘zlamay qo‘yadir. Biz bo‘lsak, yeng ichida hozirlik ko‘ra beramiz, ana xolos.
— Ma’qul gap, to‘g‘ri maslahat!
— Ma’qullikka ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo gap bu yerdaki, biz aniq ishka bel
bog‘laymizmi?
— Bog‘laymiz, bog‘laymiz!
— Barakalla, — dedi qushbegi, — ma’lum bo‘la-dirki, hammamiz ham yakdil ekanmiz,
endi boshqa gapka o‘tsaq ham bo‘ladir.
— Xonni ko‘ndirib bo‘larmikin? — deb so‘radi Qosim mingboshi.
Qushbegi kuldi:
— Xon ko‘ngan hisob, — dedi.
Bu gap majliska uncha onglashilmadi shekillik, ajablanib bir-birlariga qarashdilar.
— Izoh, qushbegi, izoh!
Qushbegi izoh berdi:
— Men xonni Toshkanddan jo‘natish oldida uning xoli vaqtini topib, bu fikrimni bir
daraja arz qilib o‘tkan edim, — dedi, — bu fikrim xonga juda ma’qul tushkan bo‘lsa
kerak, so‘zimni e’tibor bilan tinglab turdi va javobida: «Yaxshi. O‘ylashib, tadbirlari bilan
menga fikringizni yozing, men ham o‘ylab ko‘rarman», dedi. Menga qolsa bu to‘g‘rida
bizdan xabar kutib xonning uyqusi ham kelmay yotqandir: bizga faqat ishning o‘naqayini
topib xondan tasdiq etdirishgina qolgan.
— Xon tayyor ekan bo‘lmasa, — dedi kulimsirab Qambar sharbatdor.
— Tayyor ekan, tayyor ekan!
Shundan keyin ishning o‘naqayi to‘g‘risida muzokara va mubohasa boshlandi. Har kim
bir turlik fikr bayon qilib, uzoq bosh og‘ritdilar va natijada xonga quyidagi noma yozildi:
«Tojdori musulmonon, xoqon ibni xoqon shahan-shohi navjuvon, toji sari xushbaxton
huzuri humoyun oliylariga arzi ubudiyat adosidan so‘ngra biz faqirul-haqir sadoqatpeshai
benazir qullaridin arzi bandalik shuldurkim, navkarlari doimulavqot ul janobga qipchoq
xaloyiqi beparxezidin birar osibi yetarmu deb harosidadirmiz. Va yana ul haromzoda
sahroyilarning ro‘yi zamindin taroshlamay turib, ul janobi oliyning ta’mini amniyatlari
ham biz qullaricha ko‘b xavfu xatar ostida bo‘lg‘andek taxmin qilinadir. Shul mulohaza
va andishalar ba’dida biz Toshkand qullaridin bir nechalarimiz bir yerga jam’ bo‘lishib,
duru-daroz tafakkur va tahayyurlar so‘ngg‘ida azbaroyi ul shahanshohning ko‘b
zamonlar boshimiz soyabon bo‘lmoqlari umidida bar taqdir ul tojdorning xotiri otir daryo
muqotirlariga pisand tushib ijobat og‘oz qilsalar, bir ma’nini xo‘b va sadoqat maqosidig‘a
mahbub deb bildik. Andog‘ki, ul xaloyiqi g‘assoblarni o‘n besh sinni solidin bolig‘ va
yetmish yoshidin quyi har bir erkak zotini bilotarahhum qatli om qullaricha sazovordir va
illo ul murtaddin badtar jobir0 va bexiradlardin janobi tojdorg‘a xarro‘z balki har soat
xavf bordir. Ammo bul taqrirni o‘shal muayyan qatli om soati yetmag‘uncha har bir
bexirat va bog‘iy bo‘lmog‘i yaqin majhul odamlardin po‘shida tutilmog‘i marjudir. Va
lekin ul tojdor bir soati sa’idi muzaffarni muayyan aylab qalamravlaridagi barcha shahar
 va ko‘ylar, qishloq va kentlarning sadoqati zohir va qalbi tohir qullarig‘a maxfiy nomalar
ko‘ndirib, sakbachchalarning qatli omig‘a amri oliylarini darig‘ tutmag‘aylar. Ammo
Xo‘qandi firdavs monandning o‘zida ul shaqovatpeshalar behad va behisob nufuska
molik bo‘lg‘anlari vajhidin biz Toshkand navkarlarining i’onati beshakku shubha vojibdur.
Siz shahanshohi, o‘shal soati muzaffarni ta’yin aylab, biz qullarig‘a xabar yuborsalar,
bunda lozim bo‘lg‘an odamimizni qoldirib va yana har qayusimizg‘a tegishlik bir yuz, ikki
yuz va besh yuz yigitimizni olib, xaloyiq ko‘zida go‘yo janobi tojdorning Musulmonqul
falokatidin ozodliqg‘a chiqib mustaqil sohibi toj bo‘lg‘anlarini muborakbod qilmoq uchun
yurgan bo‘lib, i’onatlariga yetarmiz va darbozadin kirishimiz on faj’atan ul galai saklarga0
hujum boshlab, qatli omga qilich tortarmiz. Va yana maxfiy qolmag‘aykim,
Toshkandning alhol beklik mansabida o‘lturg‘uchi qipchoq Normuhammad borasida
qandog‘ farmon ber-g‘aylar, bul ma’nida ham ishoratini darig‘ tutmasalar qullarini
andishadan ozod qilg‘an bo‘lg‘aylar. Ushbu boloda mazkur mahzi samarayi sadoqat aqli
qosirlari-miz xusuli natijasini biz qullarig‘a ushbu nomani qosidi qo‘lidin savob va xato,
rad va ijobat, pisand va nopisand javobini irso qilsalar va yana o‘z fikri bosavoblarini
izofa qilib, qusur va xatolarimizni tanbeh etsalar, biz navkari bejavhar va bosadoqati
befarosatlarni dunyo-dunyo shodu xurram qilib, ul soyaboni marhamat va mehriboni
boshafqatning xizmatlariga kamari xizmatni berk bog‘latqan bo‘lur edilar, huval-lohulmusta’in.
Sadoqatingiz majlisiga jam’ bo‘lg‘uchi navkarlaringiz (imzolar)”.
Bu noma ertasi kun xonga yuboriladirg‘an bo‘lib, bunga maxsus kishi belgulandi.
Majlisning qo‘rqunchi Yusufbek hojidan bo‘lg‘an uchun unga soxta qarorni eshitdirmak
to‘g‘risig‘a Muhammad Niyoz qushbegining o‘zi bevosita majlisdan chiqib ketdi. Shuning
ila bu majlis tarqaldi.

Qorong'i kunlar

Xayrixon qotil



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari