Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Xayrixon qotil

Mirshablar tomonidan qo‘rboshi mahkamasiga so‘-roqqa olib ketilgan qutidor qaytib
yo‘lakdan kirishi bilan ming xil tashvishda o‘lturg‘uchi Oftob oyim bilan Kumushka qaytib
jon kirgan kabi bo‘ldi. Kumush otasining oldig‘a qanot yozg‘an kabi yugirib, uning
soqolini silar ekan, so‘radi:
— Sizga zarar bermadilarmi, otajon?
— Yo‘q, qizim.
Oftob oyim erining bu so‘zini eshitishi bilan Xo‘ja Bahovaddin yo‘lig‘a o‘gurib qo‘yg‘an
yetti tanga pulini To‘ybekaga berib, darrov eshonnikiga jo‘natdi va shundan so‘ng eridan
so‘radi:
— Sizga ayb qo‘ya olmadilarmi?
— Xudoyg‘a shukur, oqlandim, — dedi qutidor. — Chindan ham menda qanday ayb
bo‘lsunki, o‘zimiz ham bu hangamani uyqudan turib payqag‘an bo‘lsaq. Uyimiz ostini
yomonlar teshkan bo‘lsalar ham ammo kishi sig‘masliq bo‘lg‘anlig‘i meni oqliqqa
chiqardi. Lekin kishi sig‘aturg‘an bo‘lib teshilganda ham meni ayblay olmas edilar,
zeroki, uyimiz ostini teshkan muttahamlar albatta yaxshi niyat bilan teshmagan bo‘lib,
molimiz va jonimiz qasdida ekanliklari ma’lum edi. Basharti qotil men bo‘lib
ko‘ringanimda ham molim va jonim qurug‘ida o‘g‘rilarni o‘ldirganligim uchun yana
gunohkor bo‘lmas edim. Har holda bu foji’a bizga zararsiz bo‘lib o‘tdikim, buning uchun
 haq taologa qancha shukur qilsak ham ozdir, — dedi va ayvong‘a chiqib tanchaga
o‘lturg‘ach, Kumushdan so‘radi: — achang kelmadimi?
Oftob oyim javob berdi:
— Qattig‘ og‘rib qolibdir, — va so‘radi: — kimlar o‘ldirib ketkanini bila olmadingizmi?
Qutidor ajabsinib xotinig‘a qaradi:
— Qiziq so‘z aytasan-a! — dedi. — Bu ishka butun shahar hayron. Qilni qirqqa
yoradirg‘an donolar ham bir narsa to‘quy olmaydirlar... Ammo manim ko‘nglimga
keladirgani shulki, bizning molimizg‘a ko‘z olayturg‘an o‘g‘rilar besh-olti kishi bo‘lib, uyni
teshayozg‘an vaqtla-rida oralarig‘a nizo tushib, bir-birlari bilan pichoq-lashqan bo‘lsalar
kerak.
Kumush otasining bu kashfiga qarshi tushdi.
— Bu gapingiz to‘g‘ri emas, ota, — dedi.
— Nega to‘g‘ri emas?
— Negaki, bir-biravlarini o‘ldirishib, bizga zarar ber-masdan quruqqina ketmas edilar.
— Tong otib qolg‘andir yoki ular ham holdan toyg‘andirlar, — deb javob berdi qutidor.
— Bu orada Homid nima qilib yuribdir, o‘ziga tuzikkina boy kishi emasmi edi? — dedi
Oftob oyim, bu vaqt Kumush sekingina onasig‘a qarab olg‘an edi.
— Homid tiynati buzuq bir yigit edi, — deb javob berdi qutidor. —Ehtimolki, uning
topqan davlati o‘g‘riliq orqasidadir, kishining davlatiga qarab hukm yurutish qiyin.
— Xudoyimdan o‘rgulayki, — dedi Kumush entikib va dahshatlanib, — yomonlarning
jazasini o‘zi bergan. O‘g‘rilar teshib oldimg‘a chiqg‘anlarida men nima qilar edim? Oh,
otajon! Men ajalimdan besh kun burun o‘lar edim. Qizingizdan ajralur edingiz!.. Meni
g‘aflat uyqusi bosmag‘an bo‘lsa, nega bir gazlik paxsani kesar emishlar va boshimdan
tuynuk ochar emishlar-da, men hech narsa sezmas emishman.
Oftob oyim boshini chayqab:
— Shuni ayt, qizim! — dedi.
Qutidor:
— Xudoning qanday hikmatlari bordirkim, shu kecha-kunduzlarda bizning
tevaragimizda qonli voqi’alar ko‘rila boshladi: bu kun nikoh deganimizda Komilbekni
hammomda o‘ldirib ketdilar (Kumushbibi yuzida bir yengillik ko‘rildi), kecha uyimiz
orqasida bir emas, uch kishi o‘ldirildilar. Xudo oxirini baxayr qilsin endi...
— Inshoolloh, ishning oxiri xayrlikdir, otajon,— dedi Kumush, — chunki bizning
molimizga ko‘z olaytirib yomon niyat bilan uyimiz orqasini teshkuchilarni yer bilan
yakson etdirishi istiqbolimizning xayrlik follaridandir, otajon!
— To‘g‘ri aytasan, qizim, — dedi qutidor.
Kumush o‘zining qo‘ng‘uroqdek tovshi bilan davom etdi:
— Bu maqtullar kimlar bo‘lsa bo‘lsin, bizning uyi-miz orqasig‘a yaxshi niyat bilan
kelguchi kishilar emas va bularni tuproqqa qorishdirg‘uchi ham bizga xayrixoh bo‘lg‘an
qotil va yo qotillardir... Bizga muncha yaxshiliq qilg‘an kishi kim bo‘lsa ham xudo ajrini
bersin! — dedi.
Qutidor qizining so‘zini kuchlab tushdi.
— Bizga yomon niyati bilan qarag‘an bo‘lsalar, xudo jazalarini berdi. Bizga xayrixoh
bo‘lg‘anlarning ham xayri jazalarini berar, — dedi.
Kumushbibi bu qo‘rqunch uyda yota olmaslig‘ini bildirgani uchun Oftob oyim
To‘ybekadan Kumushning buyumlarini ikkinchi uyga tashita boshladi. Qutidor esa butun
kun mehmonxonasig‘a kelib-ketib turg‘an ko‘ngil so‘rag‘uchi oshna, yor-do‘stlari bilan
ovora bo‘ldi.
 * * *
Shomdan so‘ng qutidor endigina mehmonlardan bo‘-shab ichkariga kirgan edi,
mehmonxona yig‘ishtirib qolg‘an To‘ybeka qutidor yonig‘a kelib dedi:
— Sizni bir kishi chaqiradir.
— Qanaqa kishi, tanidingmi?
— Tanimadim.
Qutidor erinibgina tashqariga chiqdi-da, mehmon-xonada o‘lturg‘uchi tanish
bo‘lmag‘an kishi bilan sovuqqina ko‘rishib so‘radi:
— Xizmat?
Usta Alim qutidorg‘a kulimsirab olg‘ach:
— Ruxsatsiz mehmonxonangizga kirganim uchun kechirasiz, — dedi.
— Aybi yo‘q, mulla, — dedi qutidor va qarshima-qarshi ulturishdilar.
— Yomonlar suiqasdidan salomat qutilishingiz mubo-rak bo‘lsin!
— Tangriga qulluq bo‘lsin! — dedi qutidor. Mehmonxona qorong‘ilanib ketkani uchun
havli supirib turg‘uchi To‘ybekaga darichadan turib buyurdi: — Sham’ yoqib chiq,
To‘ybeka!
Sham’ chiqishini kutkandek usta Alim boshini quyi solib o‘lturar edi. Qutidor «nima
yumishing bor menda» degandek qilib unga savol nazari bilan ko‘z tashlar va qur’on
tinglovchi kishidek bo‘lib o‘lturg‘uchi majhul kishidan taajjublanar edi. Nihoyat, sham’
kelib tokchaga qo‘ndirilg‘ach, usta Alim muroqabadan boshini ko‘tarib qutidorg‘a qaradi:
— Mendan taajjublandingiz, — dedi va qo‘ynidan maktublarni chiqarib bittasini
qutidorg‘a uzatdi, — mendan ham bu maktub ajibroqdir, — deb kuldi. Qutidor xatning
unvoniga ko‘z yugirtirib chiqg‘ach, usta Alim aytkandek taajjub ichida xatni ochdi...
O‘qub bitirgach, ul dahshat va taajjub ichida toshdek qotib qolg‘an edi... Agarda uning
yonida usta Alim bo‘lmag‘anda edi, ehtimol ul qay va qatlarg‘acha serrayib qolar edi.
— Jon va oilangiz dushmani bo‘lg‘an bir badbaxt endi o‘z qilmishining jazasini ko‘rdi,
burodarim Otabek ularning totiqlarini xo‘b boblab berdi, — dedi usta Alim va davom
etdi: — shuning bilan sizning najib oilangiz dahshatlik foji’a davrlarini kechirib, endi
ma’sud kunlar arafasiga yetdi. Xatni o‘qub sizning dahshatlanishingiz emas,
quvonishingiz, dushmaningizni yuz tuban qilg‘ani uchun haq taolog‘a shukur aytishingiz
kerakdir!
Qutidor hushini boshig‘a yig‘ayozdi va uflab tin olg‘ach, hayajon ichida so‘radi:
— Men bilan Otabekni qamatdirg‘an va dor ostlarig‘a yuborg‘an Homidmi?
— Homid.
— Taloq xati yozg‘uchi Otabek emasmi?
— Hosho va kallo, Otabek munday gapdan xabarsiz. Uning otidan taloq xati yozg‘uchi
ham shu badbaxt Homid.
Mundan so‘ng qutidor turib ichkariga yugirdi, yarim yo‘ldanoq tanchada o‘lturg‘uchi
Oftob oyim bilan Kumushka qichqirdi:
— Sir ochildi!
Ikkisi ham sachrab qutidorg‘a qaradilar-da, birdan so‘radilar:
— Nima, qanday sir?
Qutidor tanchaga borib o‘lturmadi-da, ayvon peshonasidan turib, qo‘lidag‘i xatni
yuqori tovush bilan o‘qub chiqdi:
«Muhtaram qayin otamizg‘a!
Siz bilan meni qorong‘i zindonlarg‘a tushirib, dor ostlarig‘acha tortkan, buning ila
o‘zining vahshiyona tilagiga yeta olmag‘andan keyin manim tilimdan soxta taloq xati
yozib darvoza yonidan haydattirishka muvaffaq bo‘lg‘an va bir gunohsizni shahid etkan
Homid ismlik bir to‘ng‘uzni nihoyat, ikki yillik sargardonligim so‘nggida yordamchilari
 bilan tuproqqa qorishdirishg‘a muvaffaq bo‘ldim... Sizning shonli havlingiz yonida voqi’
bo‘lg‘an bu kurash albatta sizni va uy-ichingiz ham yor-do‘stlaringizni anchagina
tinchsizlikka qo‘yg‘an bo‘lsa kerak. Na choraki, yomonlarni sizning havlingiz orqasida
rafiqam qasdida bo‘lg‘anlari paytida uchratishg‘a to‘g‘ri keldi va men bu ishka majbur
qoldim. Buning uchun albatta meni kechirarsiz umididaman. Faqat sizning
tinchsizlanishingiz va mardumning yuqori-quyi so‘zi bo‘lmasa sizga boshqa zarar bo‘lur,
deb o‘ylay olmayman. Sizdan bu ulug‘ gunohim uchun afu so‘rab, haydalg‘an o‘g‘lingiz
Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li».
Ammo qutidor «haydalg‘an» so‘zini tashlab o‘qudi. Maktub o‘qulib bitkanda Oftob
oyim, ayniqsa, Kumush qutidorning boyag‘i holig‘a tushgan edilar. Kumushning bu
daqiqadag‘i holini qalam bilan chizib ko‘rsatish albatta mumkin emas edi. Ul titrar edi,
ko‘karar edi, to‘lg‘anar edi... Hozirgi eng kuchlik hissiyotini hissiyotning a’lo ifodachisi
bo‘lg‘an yosh bilan to‘kar edi.
Qutidor o‘z tomonidan ham izoh berib chiqdi:
— Men bilan Otabekni qamatib dor ostig‘a yubor-g‘uchi, Otabek tilidan soxta taloq
xati yozib bir-birimizdan judo etkuchi, Komilbekni o‘ldirguchi, uyimiz orqasini teshib
Kumush qasdida bo‘lg‘uchi — hammasi ham shu battol Homid ekan... Ammo badbaxtni
ikki kishisi bilan tuproqqa qorishdirib ketkuchi Otabek ekan!
Oftob oyim titrag‘an tovush bilan:
— Uyatsiz Homid, — dedi.
Kumushbibi:
— Bechora begim, — deb qo‘ydi.
Uchchavi ham yurakni to‘xtatib olish uchun anchagacha jim qoldilar.
— O‘zi esonmikin? — deb so‘radi oxirda Kumush.
— Xatig‘a qarag‘anda sog‘, — dedi qutidor.
Oftob oyim so‘radi:
— O‘zi qayerda emish, xatni sizga kim kelturdi?
Bu savoldan qutidorning esiga mehmonxonada o‘l-turgan usta Alim tushkan edi.
O‘rnidan irg‘ib turdi-da, xotinig‘a javob bermasdan tashqarisig‘a chiqdi. Ul usta Alimning
qarshisig‘a o‘lturganda, mehmonxonaning yuqori darichasi ostig‘a Oftob oyim bilan
Kumush xat keltirguchining so‘zini eshitish uchun kelib to‘xtag‘an edilar.
Qutidor uzr aytdi:
— Kelturgan xabaringiz ta’sirida sizni unutayozibman...
— Men buni payqadim, — dedi usta Alim kulib,— shu yo‘sinda makkor Homidning
iblisona dasisasi bir oilani tamom ishdan chiqarayozg‘ankim, bu to‘g‘rida ayniqsa sizga
so‘zlash ortiqchadir. Ammo arslon yuraklik Otabek ham badbaxtni shundog‘ yanchib
tashladikim, bu juda oz kishilar qo‘lidan kelaturgan ishdir.
— O‘g‘rilarni o‘ldirganda Otabekning yonida necha kishisi bo‘lgan? — deb so‘radi
qutidor.
Usta kuldi:
— Otabekning tanho o‘zi! — dedi.
— Uch kishiga tanho o‘zi? — qutidor ishonmag‘an edi.
— Azamatning yolg‘iz o‘zi! — deb usta Alim ilgarigi so‘zini qaytaladi.
— Astag‘firulloh... Nega menga bu to‘g‘rida xabar bermagan?
— Sizga xabar berib o‘lturishni yigitlik otig‘a eb bilmay, hatto menga ham bir narsa
sezdirmagan. Men hali bu nuqsoni uchun ayblasam: «Men o‘zimning ashaddiy
dushmanim bilan tanho kurashib yo jon bermakka va yo jon olmaqqa qaror bergan
edim. Shuning uchun hech kimga ham bildirmadim», deydir.
 Qutidor bir tomondan dahshatka tushsa, ikkinchi jihatdan Otabekning dov yuragiga
hayron qolar edi.
— O‘ziga jarohat olmag‘anmi? — deb so‘radi qutidor.
— Bo‘ksasi bilan qo‘lidan yaralang‘an bo‘lsa ham zararsizdir.
Usta Alim qutidorning ba’zi bir e’tirozlariga qarshi Otabekning qutidor tomonidan
quvlang‘anidan tortib, shundan beri Marg‘ilong‘a yetti-sakkiz martaba kelib ketkanini,
har bir kelishida o‘zining uyiga kelib tushkanini va qalin o‘rtoq bo‘lib olg‘anlarini,
shundoq bo‘lsa ham Otabekning o‘zidan chin ismini yashirib yurg‘anini, jum’a kuni usta
Farfidan birinchi martaba o‘z raqibini tanishini, nihoyat bu kungina unga chin ismini
ochqanini so‘zlab chiqdi.
— Taloq xati-ku soxta ekan, — dedi qutidor, — nega biznikiga bir kelgani bilan qaytib
kelmadi ekan?
— Chunki uning so‘ziga qaraganda, siz uni og‘irroq tariqa bilan darbozangiz yonidan
jo‘natqan ekansiz, — deb izohladi usta. — Toshkanddan uylanishida sizning bilfe’l bosh
qo‘shishingizni faqat qizingizni undan chiqarib olish uchun qurilg‘an bir hiyla ekan, deb
o‘ylab, qaytib eshikingizga oyoq bosmag‘an, hatto xotinini qozig‘a chaqirish to‘g‘risida
fikri bo‘lsa ham, siz bilan uchrashishdan qochib bu fikridan ham qaytqan, ya’ni sizning
qizingiz bo‘lg‘ani uchun suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan.
Qutidor hali ham Otabekning ruhiga tushuna olmag‘an edi:
— Mendan o‘zi xafa bo‘lg‘an bo‘lsa, orag‘a kishi qo‘ysa ham bo‘lar edi.
— Shundog‘ qilsa ham bo‘lar edi, — dedi kulib usta Alim, — men hali undan shunday
deb so‘rasam, «O‘zimga ishonmag‘an kishi kishi so‘ziga kirarmidi, deb o‘yladim», deydir.
Kuyavingizning qiziq tabi’atini shundan ham yaxshi bilib olsangiz bo‘ladirkim, shu
choqqacha ota-onalari ham bu foji’adan xabarsiz ekanlar.
— Qiziq yigit, — dedi qutidor, — mendan ham katta nodonliq o‘tkan.
— Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz
yo‘q.
— Albatta yo‘q, — dedi qutidor va so‘radi: — o‘zi siznikidami?
— Bu kun peshinda Toshkand jo‘nab ketdi.
Qutidor tushuna olmag‘an edi:
— Nega-nega? — deb so‘radi.
— Nega... sababini men ham yaxshi tushuna olmadim.
— Qaytib keladirgan vaqtini aytkandir?
— Bu to‘g‘rini so‘rag‘an edim, muhmalroq javob berdi,— dedi usta va yonini kovlab
xatni oldi. — Bu xat karimangizga bo‘lsa kerak, endi menga ruxsat, — dedi va fotiha
o‘qub o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Men sizga dasturxon yozdirishni ham unutqanman, qo‘zg‘almangiz!
— Rahmat, amak, hozircha meni kechirib turasiz, ammo bapirja kattaroq ziyofatni
unutmaysiz, — deb kuldi usta Alim. Qutidor uni ko‘chagacha kuzatib chiqdi.
Kumushbibi daricha orqasidan hamma gapni eshitib olg‘an va hissiyotini yum-yum
yig‘lab o‘tkargan edi.
* * *
Oftob oyim Kumush bilan boshlashib ichkariga kirar ekan, so‘radi:
— Homidning yomonlig‘ini bizga ulashdirib yurgan puchuq xotinning shumligi o‘z
boshig‘a yetib, o‘lganlarning bittasi o‘shaning o‘g‘li ekan, bildingmi?
— O‘lganidan menga nima foyda, — dedi Kumush.
Oftob oyim qizig‘a ajablangan edi.
— Foydasini ko‘rib turibsan-ku, axir.
 — Foydasi Toshkandga ketib qolg‘animi?
— Ketib qolg‘an bo‘lsa, tag‘in bir kun kelar.
— Kelmaydi, — dedi o‘ksib Kumush, — uning hamma harakati dushmanidan o‘chini
olish uchun ekan.
— Kim aytdi sanga?
— Xat olib kelganning so‘zidan payqadim.
Oftob oyim kuldi:
— Ering sani tashlab ketmas, qo‘rqma qizim, — dedi,— saning boshingg‘a tikilgan bu
balolarni o‘zining shirin jonidan kechib daf’ qilg‘an Otabek, seni sira ham unutmas,
sanga yozg‘an xatini otangdan olib o‘qub ko‘r-chi oldin.
Kumushbibi yig‘idan qizarg‘an ko‘zini katta ochib so‘radi:
— Menga xat yozg‘anmi?
— Haligi kishi sanga atab dadangga bir xat berdi-ku, bilmadingmi?
— Bilmadim, — dedi. Chunki ul usta Alimning «muhmal javob berdi» so‘zini eshitkach,
tamoman o‘zini unutib, berilgan xatni payqamay qolg‘an edi.
Ikki yildan beri suratini ko‘z o‘ngidan ketkuza olmag‘an, Otabekning yuzini ko‘ralmay,
so‘zini eshita olmasa ham yozg‘an xatini o‘qub eshitish Kumush uchun katta qiymatka
molik edi. Otasining yo‘lakdan kirishi bilan latif ko‘kragi kuchlik tin olish ila ko‘tarilib
tashlandi-da, go‘yo Otabek bilan uchrashaturg‘andek yuragi o‘ynamoqqa boshladi.
Qutidor kelib tanchaga o‘lturg‘ach, o‘ziga «amonatni topshiring» degan kabi qarab
turg‘an Kumushka xatni uzatdi:
— Sanga xat.
Kumushbibi uyalib-netib turmadi va kimdan, deb ham so‘rab o‘lturmadi, darrov
tokchada yonib turg‘an sham’ yonig‘a borib xatni ocha boshladi. Sham’ qarshisida
qizarg‘an shahlo ko‘zlari, yosh bilan sing‘an jinggila kipriklari, chimirilg‘an to‘sdek qora
qoshlari uni allaqanday bir holga qo‘yg‘an edilar. Qoshi ustiga to‘zg‘ib tushkan sochlarini
tuzatib xatni o‘qudi:
«Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga!
Shayton ustasi bo‘lg‘an Homidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila
menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir.
Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol
endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an
yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan
hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi... Sizga ochib so‘zlay, go‘zal rafiqam:
go‘yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to‘kkan, o‘tlik ohlar
tortqan chog‘ingizda erishar-da unutilg‘an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz
va yonib turg‘an yurak o‘tingiz bilan kuydirarsiz...
Ammo xatimni o‘qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o‘tida
kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy
rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg‘a hozirman!
Uyingiz orqasida qilg‘an adabsizliklarim, xunxo‘rlik-larim uchun meni kechiringiz...
Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning
saqlanishi buni taqozo etar edi... Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig‘im
uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o‘zimni sazovor hisoblay
olmayman.
Men o‘shal kuni kechasi dushmanlardan birini o‘ldirdim-da, so‘ng darajada zaiflandim,
ikkinchi dushmandan yengilishimni va ko‘yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib
ketdim... Manim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va
ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman,
 so‘ng daqiqamda yana bir martaba bo‘yingizni olib o‘lish uchun dushman tomonidan
uyingizga ochilg‘an tuynukchaga kirdim. Kirdim-da, sizni bo‘yingizni oldim, xafif tin
olg‘andag‘i latif uxlag‘an tovshingizni eshitdim... Shu vaqt subhonolloh... o‘zimda
kutilmagan bir kuch sezgan edim, ikki emas, ikki yuz dushmanga muqobala etishka
o‘zimda qudrat ko‘rgan edim... Men o‘zimga bag‘ishlang‘an kuch manba’ini juda yaxshi
onglar edim, mendagi bu o‘zgarish manba’i uy ichida uxlag‘uchi bir malak edi... Siz
edingiz!»
Kumushbibi xatning bu o‘rniga yetkanda qizarinib, bir oz o‘qushdan to‘xtab oldi va
davom etdi:
«Shundan so‘ng ikkinchi dushmanni tuynukdan chiqmayoq ishini bitirdim. Bizning
foji’amizning asl omili bo‘lg‘an Homid esa go‘yo manim qo‘limda mushuk kabi o‘yin
bo‘lg‘an, uni kulib turib, o‘ynab turib tilimlagan edim...
Esingizda bormi, meni dor ostidan qutqarib, menga yangi hayot bag‘ishlag‘aningiz? Bu
kecha ham bu ikkinchi o‘limdan qutqarg‘uchi va ikkinchi martaba menga hayot
bag‘ishlag‘uchi yana siz bo‘ldingiz! Shuning uchun minnatdorlik etkuchi siz emas, men
bo‘lishg‘a tegishman!
Sizdan emas, otangizdan bir o‘pkalashim bor: soxta taloq xatini manim o‘z qo‘lim
bo‘lib, bo‘lmag‘anini ajrata olmag‘an. Gumonimcha bu soxta xat sizga ham
ko‘rsatilmagan o‘xshaydir, chunki, ayniqsa, sizning ko‘z o‘ngingizdan bu haqiqat qutila
olmas edi... Har holda taqdirning bunchalik o‘yinlari turg‘an bir zamonda biz nima ham
qila olur edik? Bu to‘g‘rida mendan ham o‘tkan joylari bordirkim, sizning birinchi
martaba menga yozg‘an xatingiz ma’nosidan dahshatlik suratda o‘zimni tag‘ofilg‘a
solg‘an va xat kelturguchini surishtirmasdan javob xati berib yuborgan edim. Shuning ila
sizni-da, o‘zimni-da Homid qo‘lida o‘yin bo‘lmog‘imizg‘a katta yo‘l ochqan edim.
Ba’zi ehtimollarga qarshi siz bilan ko‘rishmak menga muyassar bo‘lmadi. Umrimda
birinchi martaba ko‘ngil orzusig‘a qarshi bordim. Chunki manimcha oradag‘i qora tikon
supirilgan edi. Mundan so‘ng hamisha meniki edingiz. Men Toshkandda yurarman, ammo
ko‘zim o‘ngida sizning haykalingiz! Ajabo, busiz menga mumkinmi?!
Zavjingiz Otabek».
Kumushbibi xatni o‘qub tugatdi-da, yugirgilagancha uyiga kirib ketdi. Uning bu
harakatidan qutidor bilan Oftob oyim ajabsinishib bir-birlariga qarashg‘an edilar.
Kumushbibi qo‘lida ikkinchi bir maktub ko‘targanicha uydan chiqdi-da, sham’ yonida ikki
xatni bir-birisiga solishtirib ko‘rdi. Bu xat Homidning Otabek tilidan yozg‘an taloqnomasi
edi. Bu ikki xat birinchi qarashda-yoq ikki kishi tomonidan yozilg‘anliqlarini o‘z
og‘izlaridan so‘zlab turar edilar.
Kumushbibi ikki xatni qator ushlab otasig‘a ko‘r-satdi:
— Bularga qarangiz, ota! Bizni nechog‘liq g‘aflat bosqan ekan, — dedi.
Qutidor qizining maqsadig‘a tushunib ikki turli qo‘lni darrav payqab oldi:
— Vijdonsiz, iblis, imonsiz, kofir, — deb qo‘ydi.
Kumushbibi Otabekning xatini buklab cho‘nchagiga soldi-da, soxta xatni sham’ga tutib
yondirar ekan, otasidan so‘radi.
— Shu voqi’adan so‘ng kuyavingiz aniq kelganmi edi?
— Kelgan edi, qizim.
— Bechorani nega haydadingiz-da, nega meni, loaqal oyimni bu kelishdan xabardor
qilmadingiz?
— Men uning kelishini boshqa gapka yo‘yib, sizlarga bildirmagan edim...
— Qizimizni taloq qilg‘an bir kishini Toshkand degan joydan eshikingizga kelishi sizga
g‘arib tuyulmag‘anmi edi? — deb yana so‘radi Kumush.
 Qutidor uyalish va o‘kinish orasida:
— Jaholat kelsa, aql qochadir, qizim, — deb qo‘ydi.
Oftob oyim bilan qutidor Homidning iblisona ishla-riga «tavba-tavba» deb muqobala
qilsalar ham, ammo Otabekning favqulodda yurakini so‘z orasida «baraka topkur,
umring uzoq bo‘lg‘ur» bilan qarshi olar edilar. Kumushbibi esa butunlay boshqa
qayg‘uda edi. Eru xotinning so‘zlari Otabekning Toshkandga ketib qolishi to‘g‘risig‘a kelib
taqaldi-da, Oftob oyim Kumushdan so‘radi:
— Senga kelishidan aytkanmi?
Kumushbibi siltalash nazari bilan ularga qaradi va keskin ohangda javob berdi.
— Aytmagan!
Eru xotin ma’nolik qilib bir-birlariga qarashib olg‘ach, orada uzoqqina sukut boshlandi.
Kumush quti-dorg‘a savol nazari bilan bir-ikki qayta qarab ham qo‘ydi.
— Kelib qolsa yaxshi, — dedi nihoyat qutidor, — kelmasa, Toshkandga o‘zimiz
tushamiz-da, — deb xo-tinig‘a qaradi.
Bu so‘z Oftob oyimg‘a yoqmag‘anliqdan yuzini chetka burdi. Ammo Kumush otasidan
rozi qolib, onasig‘a qaradi.
— Qizing har qaysi yerda bo‘lsa ham sog‘ bo‘lsin, — dedi xotinig‘a qutidor. — Eriga
topshirib, sen bilan manim tinchkina duo qilib o‘lturganimiz ma’qul o‘x-shaydir.
— Endi qizingizning bir kami kundash balosi edimi?— dedi sapchib Oftob oyim.
Qutidor xotinig‘a kulib qaradi:
— Eri yaxshi bo‘lsa, kundash balosi nima degan gap?
— Eri ming yaxshi bo‘lsin, baribir kundash kundashligini qila beradir. Mashoyixlar
bilmasdan «kundash» demaganlar.
Qutidor qizig‘a qarab kuldi va xotinini yupatdi:
— Hamma vaqtga emas, qo‘rqma.
— Menga qolsa bir kunni ham ko‘b ko‘raman, kundash bilan kechirilgan kun — kunmi?
— Kuyavingning shuncha qilg‘an jonbozlig‘ini unutdingmi?
— Nega unutay, — dedi Oftob oyim. — Kelsin. Mana bosh usti, bolam bir emas ikki.
Uldurki, qizimni kundash ustiga yuborishg‘a tish-tirnog‘im bilan qarshiman.
— Besh-olti kunga ham-a?
— Necha kunga?
— Menga qolsa bitta-ikkita bolaliq bo‘lg‘uncha tur-sin, deyar edim. Sen bunga
ko‘nmasang, bir-ikki oy turib kelsin, loaqal. Bir yigit qizingni deb ikki yillab sarson
bo‘lg‘anda qizingni ikki oylik kundash azobidan hayf ko‘rish juda uyat, axir!
Qutidor «bitta-ikkita bolaliq» so‘zini aytkanda Kumush qizarinib yerga qarag‘an edi.
Oftob oyim eri-ning keyingi so‘zi bilan anchagina bo‘shashdi:
— Bir oydan ortiqqa men rozi emasman, shunda ham kuyavimning yaxshilig‘i uchun,
— dedi.
— Ana endi o‘zingga kelding, xotin.
— O‘zimga kelsam-kelmasam shartim haligi, shunda ham o‘zim birga borib kelaman.
— Albatta, o‘zing birga borasan, qudalaring bilan tanishmog‘ing ham zarur.
— Qachon yubormoqchi bo‘lasiz endi? — deb so‘radi Oftob oyim. Qutidor bir oz o‘ylab
olg‘ach, Kumushka qarab javob berdi:
— Otabek bilan ketma-ket chopishmog‘imiz ham uncha ma’qul ko‘rinmaydir. Undan
so‘ng qish kuni arava safari ham qulay ish emas. Shuning uchun oradag‘i uch oy qishni
o‘tkazib jo‘narmiz, — dedi. Kumushning uch oy muddatni eshitgach, juda ham hurpayib
ketkani uchun bo‘lsa kerak, — balki o‘zi ham birar oylarda kelib qolar, — degan so‘zni-da
qo‘shib qo‘ydi.


 Ikkinchi bo‘limning so‘ngg‘i

Musulmonqul istibdodiga xotima

O'zni tanitish



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari