Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Najot istab Toshkandga

Bu kun sakkiz kundan beriga — «kutilmagan bir baxt» egasi bo‘lib olg‘an Kumushbibi
uchun bu hol kutilmagan bir baxtsizlik, kutilmagan bir falokat edi. Endigina «Bekni
 uylantirdim, suyganiga qo‘shib quvontirdim», deb bu uylantirishning husni va qubhini
tuzukrakkina o‘ylay olmag‘an Hasanali uchun ham bu voqi’a kichkina gap, ozg‘ina qayg‘u
emas edi. Ko‘zining oqu qarosi, yolg‘iz qizini maxtovlik kuyavga berib, qizi bilan
kuyavining bir daqiqa ham bir-birlaridan ajrasha olmag‘anlarini ko‘rib ko‘ynagiga sig‘may
yurgan Oftob oyim uchun kuyavigina emas, hatto erining ham bu vartaga tushmog‘i
chiday olarliq bir hol emas edi. Kumushbibi o‘zining «kutilmagan bir baxti» uchun
ishonmag‘anday bo‘lib yurar edi. Chindan ham mundan keyin qaytadan qovishmog‘iga
ishonmay qo‘ydi. Hasanali «qutildim» degan edi, yana tog‘dek qayg‘ug‘a tutildi. Oftob
oyimning so‘yingani ichiga tushdi.
Kumushbibi bilan Oftob oyimning bu falokatka qarshi topqan-tutqanlari yolg‘iz ko‘z
yoshi to‘kishkina bo‘ldi. Bu falokatning og‘irlig‘i yana o‘zining tog‘dek kattaligi bilan
Hasanalining ustiga tushdi. Kumushbibi eri bilan otasining najotlarini kimdan kutishni
bilmas edi-da, qora ko‘zlarini jiq yoshg‘a to‘latib — «endi nima qilamiz?» degandek
Hasanaliga termular edi. Qutidor oilasida boshqa er zoti bo‘lmag‘anliqdan Oftob oyim
qarindoshlaridan «jonkuyar» deb tanilg‘an kishi Kumushning tog‘asi Ahmadbek bo‘lib, ul
ham umrining ko‘pini Qo‘qondami, Xo‘janddami o‘tkarar, shuning uchun undan ham yori
kutish uzoq gap edi. Mana bu jihatdan ham Kumush va onasining birdan-bir ishong‘
anlari yana Hasanalining o‘zi edi.
Barcha og‘irliq Hasanalining ustida. O‘zingning tug‘ilib o‘sqan yeringda og‘a-inilaring,
bilish-tanishlaring bo‘lib har nuchikda ulardan shuningdek og‘ir kunlarda so‘z bilan, ish
bilan bir yordam ola bilasan. Ammo biz-ning Hasanali Toshkandda emas — Marg‘ilonda,
musofaratda, kishilarini tanimag‘an bir shaharda. Boshda Hasanali Ziyo shohichi bilan
uning o‘g‘li Rahmatdan yaxshig‘ina umid tutkan, har holda ulardan boshqa tayanarliq
kishim yo‘q, deb o‘ylag‘an edi. Baxtka qarshi bu fikrdan ham tezda qo‘l yuvdi: Ziyo aka
bilan Rahmat ham qo‘lg‘a olindilar va Hasanalining o‘zi ham qidirila boshlandi. Hasanali
va Kumushbibilarning qayg‘ulari yana bir qat oshti, qo‘rqunchi ustiga qo‘rqunch qo‘shildi.
Hasanali ham Otabeklar bilan birlikda birinchi kun qo‘shilib qamalg‘an bo‘lar edi, biroq
uning saroyda bo‘lishi ulardan ajralib qolishig‘a sabab bo‘lg‘an edi. Qo‘rboshi yigitlari
tomonidan Hasanali ham qidirilib boshlang‘ach, ulardagi «balki bu kun, erta bo‘shatib
yuborarlar» degan umid ham bo‘shg‘a chiqdi. Boshda Hasanali o‘z erki bilan hukumatka
topshirilib, mahbuslarga jazo kelsa birlikda tortib, qutilish muyassar bo‘lsa birga
qutilishg‘a o‘ylab qarag‘an edi. Uning bu fikriga Kumush bilan onasi qarshi tushdilar:
«Sizning ozod yurishingiz mahbuslar uchun balki foydali bo‘lar», dedilar. Hasanalining
o‘zi ham ularning ra’yini muvofiq topdi. Biroq uning tashvishi ikki qat oshdi: har daqiqa
hadukda, qo‘rboshi yigitlaridan qochib yashirinishg‘a, har soat joy yangilashka majbur
edi.
Hasanali kunlarini tomoqsiz, tunlarini uyqusiz kechira boshladi: Otabeklar nega
qamaldilar, qanday gunohlari bor ekan? Otabekning ipidan-ninasiga bo‘lg‘an sirri unga
ma’lum emasmidi? — Bu jihat bilan o‘ylag‘anda «Qutidorlarning birar ishlari balosiga
qoldi-yov», deb fikr qilar edi. Bu falokatni umumiyroq tekshirib boshlasa, xalq og‘zida
maqol o‘rnida iste’mol qi-ling‘an «Ajalingning yetishi qilg‘an yozig‘ingdan emas— bek
akangning qonsirashi» degan gap ko‘ngliga tushar edida, beixtiyor uflab yuborar edi.
Oradan besh kunlab o‘tdi, mahbuslar zindon balosidan qutila olmag‘anlaridek,
ularning qamalish sirlari ham hech kimga bilinmadi. Hasanali shu besh kun ichida
mahbuslarning najotlari yo‘lida qora pullik ish chiqara olmag‘anidek, bundan keyin ham
bir ish qila olishig‘a ko‘zi yetmay qoldi. Chunki qo‘rboshi yigitlaridan saqlana olishning
o‘zi ham unga katta vazifa daraja-sida edi.
Nihoyat, Marg‘ilonda turish fikridan qaytib, Toshkand jo‘nash xayoliga tushdi. Bu
kunlarda ham Toshkand tinchsizligi bir taraflik bo‘lmag‘an, hanuz Toshkand Qo‘qon
 sipohlari tomonidan muhosara holatida ekanligi to‘g‘risidagi xabarlar kelib turmoqda edi.
Hasanali bu gaplardan xabarsiz emas, Toshkandga kirib olishning qay daraja qo‘rqunch
bo‘lg‘anlig‘i ham uning ko‘z o‘ngida edi. Ish shundog‘ bo‘lsa ham ul Toshkand jo‘nash
uchun o‘zida bir majburiyat his etar, najot yo‘llarini endi Toshkanddan izlamasa boshqa
chora yo‘q edi. Qarorni shunga berib, bu fikrini Kumush bilan Oftob oyimg‘a so‘zladi.
Ularda epaqalik bir miya, Ha-sanaliga yo‘l ko‘rsatadirg‘an ixtiyor qolmag‘an, topqanlari
faqat yig‘i edi. Hasanalining «Siz bilan manim qo‘llarimizdan bir ish chiqadirg‘an
o‘xshamaydir. Nima bo‘lsa ham men Toshkand borib, najotni o‘sha yerdan izlamasam
bo‘lmas», deyishiga qarshi Kumushbibi bir xil siniq tovushda:
— Marg‘ilondan topilmag‘an najot Toshkanddan topilsinmi? — dedi.
— Biz endi shunga majburmiz, qizim, — dedi Hasanali, — qayin otangiz ehtimol
buning birar chorasini topar.
— Biz endi shunday qolaberamizmi, agar zolimlar...— dedi-da Kumush so‘zining
oxirini aytalmay o‘krab yubordi. Hasanali ham o‘zini kuch hol bilan yig‘idan bosar ekan,
Kumushni yupatdi:
— Unday bo‘lmag‘ir xayollarga tushmang, qizim, — dedi, — qushbegi boshqalarg‘a
qarag‘anda insoflik hokimdir. Xudo xohlasa, men Toshkanddan qaytquncha ular ham
zindondan qutilurlar.
Bu kun kechasi ul yo‘l tayyorliqlarini ko‘rdi. Minib ketishi uchun qutidorning saman
yo‘rg‘asini belguladi. Ertasi ertalab Marg‘ilonning Qo‘qon darbozasidan bi-rinchi galda
chiqg‘uchi Hasanali bo‘ldi.

Toshkand qamalda

Qamoq



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari