Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Xon qizig'a loyiq bir yigit

Otabek o‘zi bilan ko‘rishgan mundaki ikki yot kishini tanimaganliqdan bir-ikki qayta
ularni ko‘z ostidan kechirdi. Buni payqag‘an Ziyo shohichi Otabekka tanitdi:
— Amakilaringizni siz tanimag‘andirsiz albatta, — dedi. — Bu kishi otangizning yaqin
do‘stlaridan Mirzakarim qutidor. Bu zot Andijon savdog‘arlaridan Akram hoji.
Mirzakarim ismlik qirq besh-elli yoshlar chamasida qora qosh, qora ko‘z, ko‘rkam yuz,
yaxshig‘ina kiyingan bir kishi bo‘lib, Akram hoji elli besh yoshlar orasidag‘i bir keksa edi.
Otabek qaytadan Mirzakarim qutidorni ko‘zdan kechirdi.
— Ota qadrdonlari bilan tanishdirg‘aningiz uchun rahmat, amak, — dedi va Akram
hoji bilan Mirzakarim akaga tavozu’landi. — Otam sizlardek yaqin do‘stlariga salom
aytishni menga amonat topshirg‘an edilar.
— Rahmat, sog‘ bo‘lsinlar.
Majlis Ziyo shohichining uyida Otabekning meh-mondorchilig‘i uchun yig‘ilg‘an,
yuqorida ismlari o‘tkan zotlardan boshqa Homid, Rahmat ham Hasanali bor edilar.
Tanishdirishdan so‘ng Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha
 boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini jo‘plab tursa ham Akram
hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidag‘i gaplari keti uzilmay davom etar edi.
Ularning ko‘zi uchunchi to‘qnashishida qutidor kulimsirab qo‘yib so‘radi:
— Meni eslay olasizmi, bek?
Otabek diqqat va e’tibor bilan qutidorni kuzatib javob berdi:
— Yo‘q, amak.
— Necha yoshg‘a bordingiz?
— Yigirma to‘rt yoshg‘a...
Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi-da:
— Voqi’an siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorlik qilg‘an
vaqtimda siz taxminan besh-olti yoshliq bola edingiz... Go‘yoki, men Toshkandda
kechagina turg‘andek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘andekman...
Ammo, haqiqatda, oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz ham katta yigit bo‘lgansiz, umr
— otilg‘an o‘q emish.
— Siz bizning havlida bo‘lganmisiz?
— Ko‘b martalab mehmon bo‘ldim, — dedi qutidor,— ul vaqtda bobongiz ham hayotda
edilar.
Bu ikkisining so‘zlariga quloq solib chetda o‘lturgan Hasanali ham gapga aralashdi:
— Amakingiz bizning havlig‘a kelib turadigan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, —
dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar.
Otabek uyaluv aralash kulimsirab qutidorg‘a qaradi:
— Taassufki, eslay olmayman, — dedi. Qutidor tag‘in nimadir aytmoqchi bo‘lg‘an edi,
Akram hoji unga yo‘l bermadi.
— Hoji akamiz bu kunda qanday ish bilan mash-g‘ullar?
Otabek:
— Toshkand begi yonida mushovir sifati bilan turadilar.
— Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?
— Shundog‘.
— Sotqi bek ketsin, Aziz bachcha deng, — dedi Homid va Akram hojiga qarab kuldi. —
Yaqindag‘ina Musulmon cho‘loqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi, — dedi,
ulug‘ bir narsa kashf etgandek mag‘rur, majliska qarab chiqdi. Homidning zaruratsiz ayb
tekshirishi majliska yotroq tuyilgan bo‘lsa kerak bir-birlariga qarashib oldilar. Bu o‘rinsiz
tekshirish majlisni bir oz sukutga yubordi-da, so‘ngra Akram hoji savolida davom etti:
— Hokimingiz juda zolim emish, bu to‘g‘ri so‘zmi?
— To‘g‘ri so‘z, — dedi bek. — Azizbek zulmidan aholi juda to‘yg‘an.
Otabekning bu javobidan yolg‘iz Akram hojigina emas balki, majlisning boshqa
a’zolari ham ajablandilar.
Otasining valine’mati bo‘lg‘an bir bekning zulmini iqror etish haqiqatan ham taajjubka
loyiq edi. Azizbekning Turkiston xonlig‘ining eng zolim va mustabid sanalg‘an beklarining
biri va uning o‘z qa-ramog‘ida bo‘lg‘an Toshkand aholisiga qilg‘an zulmlari Farg‘onaga
doston, ammo Akram hojining bu savoli Azizbekning eng yaqini bo‘lg‘an bir kishining
o‘g‘lini sinab ko‘rishlik uchun edi. Bu sinash natijasi Akram hojining taajjubini orttirdi va
buning sirrini bilishka qi-ziqsindi:
— Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, — dedi Akram hoji, — nima uchun uni bir oz
bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir?
— Kechiringiz, amak, — deb Otabek kulimsiradi,— siz otamning mushovirlig‘ini
boshqacharoq ongla-g‘ang‘a o‘xshadingiz... Bizning beklarga hukm vaqtida ham
mushovir bo‘lmoq imkonsiz narsadir. Otam Azizbekning mushoviri va yaqin musohibi
sanalsa ham va lekin bu juz’iy ishlardaginadir, buning uchun sizga bir misol keltiray, bu
 ish shu yaqin oralardag‘ina bo‘ldi: Toshkanddagi jum’alik gap majlislaridan birida bir
kishi Azizbekni maxtar va bu maxtovg‘a qarshi ikkinchisi «nega munchalik maxtaysan,
Azizbekning asli bir bachcha-da» der. Ularning bu muzokaralarini chetda eshitib turgan
xufiyalardan biri bu so‘zni Azizbekning qulog‘iga yetkazur. Ertasiga Azizbek mazkur ikki
kishini o‘z huzuriga oldirib maxtovchig‘a ulug‘ mansab ato qilar va ikkinchisini o‘limga
buyurar... Bu hukm majlisida hozir turgan otam mahkumning gunohini so‘raganida
Azizbek jallodga baqirar: «Tezroq olib chiq!» Otam tag‘in qulliq qilg‘anida jallodg‘a
buyurar: «Qo‘ling-dag‘ini bo‘shatib, o‘rniga hojini olib chiq!» — Mana ko‘rdingizmi,
otamning qadru qiymatini.
— Bo‘lmasa aholi xong‘a shikoyatnoma yozmaydirmi?
— Nechanchi shikoyatnomani so‘raysiz, — dedi Otabek, — Azizbekdan zulm, jafo
ko‘rganlar bilan birgalikda endi o‘ninchi shikoyatnomamizni yuborg‘andir-miz... Lekin
xonning yo‘lboshchisi bo‘lg‘an kishining o‘zi zulmda Azizbekdan bir necha zina baland
o‘rinni ishg‘ol etkuchi kimsa bo‘lsa, biz qandog‘ qilayliq. Ammo shunisi ham borki, shu
keyingi vaqtlarda Azizbek Qo‘qonning yorlig‘ va farmonlarini iltifotsiz qoldira boshladi.
«Itoatdan bosh tortmasin...» degan mulohazada yozg‘an shikoyatlarimizdan markazning
ko‘z yumishi ham ehtimoldir. Har holda Toshkand aholisi Azizbek istibdodidan ortiq
to‘yindi, kimdan ko‘mak so‘rashg‘a ham bilmaydir.
Yusufbek hojining qanday odam ekani ayniqsa Akram hojiga onglashilib, bu to‘g‘rida
ortiq bahs qilinmadi va so‘z boshqa xususlarga o‘tdi.
Ziyofat samimiyat bilan chaqirilg‘anliqdan dasturxon qadrlik mehmonga maxsus
turlangan edi. Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni
dasturxonga qistashlari boshqalarning ishtahalarini ochishg‘a sabab bo‘lsa ham, ammo
bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib o‘ltirar edi. Ul nima to‘g‘rida xayol
surib, qaysi to‘g‘rida o‘ylar edi — buni bi-lish qiyin bo‘lsa ham, biroq uning hozirgi ba’zi
harakatlari diqqatni jalb etarlik edilar: xayol surar ekan, uning ko‘zlari ixtiyorsiz kabi
qarshisidagi qutidorg‘a qaraydirlar, qutidorning ko‘zi o‘ziga tushdi deguncha ko‘zini
undan olib dasturxondagi ko‘ngli tilamagan narsalarga urina boshlaydir... Otabekning bu
holini majlisdagilar sezmasalar-da, ammo Homid uni ta’qib etkandek edi.
— Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor so‘radi.
— O‘zimizning shaharlardan ko‘pini ko‘rdim, — dedi bek, — o‘ris shahardan
Shamayga ham bordim.
— Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi? — deb Ziyo shohichi ajablandi.
— O‘tkan yil borg‘on edim, — dedi bek, — borishim noqulay bir vaqtga to‘g‘ri kelib
ko‘b mashaqqatlar chekdim.
— Chin savdogar siz emishsiz, — dedi qutidor, — biz shu yoshqa kelib hali o‘zimizning
kattaroq shaharlari-mizni ham ko‘ralmadik; siz o‘risning Shamayigacha borg‘ansiz.
— Yurgan daryo, o‘lturgan bo‘ryo emish, — dedi Akram hoji.
O‘ris shaharlariga borib savdo qilg‘uchilar Turkistonda juda oz hisobda bo‘lib, chet
ellarni ko‘rgan Otabek majliska tansiqlandi. O‘rislar to‘g‘risida allaqanday xayoliy
rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilar-ning Otabekdan haqiqiy holni
bilgilari kelib, undan Shamayda ko‘rib, kechirganlarini so‘radilar. Otabek Shamay
xotirotini so‘zlab berdi. O‘rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini
eshitkuchilarni tongg‘a qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqg‘ach:
— Shamayga bormasimdan ilgari o‘z hukmdorlig‘i-mizni ko‘rib; boshqalar ham
shundaydir, deb o‘ylar edim, — dedi bek, — lekin Shamay manim fikrimni ost-ust qilib,
o‘zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o‘risning idora ishlarini ko‘rib, o‘z
idoramizning xuddi bir o‘yinchoq bo‘lg‘anlig‘ini iqror etishka majbur bo‘ldim... Bizning
idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan ketabersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay
 qoldi. Shamayda ekanman, qanotim bo‘lsa, vatanga uchsam, to‘ppa-to‘g‘ri xon o‘rdasiga
tushsam-da, o‘risning hukumat qonunlarini birma-bir arz qilsam, xon ham arzimni
tinglasa-da, barcha elga yorlig‘ yozib o‘risning idora tartibini dasturilamal etishka
buyursa, men ham bir oy ichida o‘z elimni o‘risniki bilan bir qatorda ko‘rsam... ammo o‘z
elimga qaytib ko‘rdimki, Shamayda o‘ylag‘anlarim, oshiqqanlarim shirin bir xayol emish.
Bu yerda so‘zimni eshitkuchi birov ham bo‘lmadi, bo‘lsalar ham: “Sening orzungni shu
xonlar eshitadimi, shu beklar ijro qiladimi?” deb meni ma’yus qildilar. Ilgariroq men
ularning gapiga bovar qilmay yursam, so‘ngg‘idan to‘g‘ri so‘zni aytkanlarini bildim.
Darhaqiqat, mozoristonda «hayya alalfalah» xitobini kim eshitar edi.
Majlis Otabekning Shamay taassurotini maroq bilan eshitkan, shu kungacha hech
kimdan eshitilmagan uning fikrlariga ajablangan edi. Istiqbol qayg‘usi tushiga ham
kirmagan bu Turkiston otalari Otabekning daruni dildan chiqarib aytkan gaplaridan
hissasiz qolmadilar:
— Amiri Umarxondek odil poshsho bo‘lsa, — dedi qutidor, — biz ham o‘risdan oshib
ketar edik.
Ziyo shohichi:
— Bizning bu holga tushishimiz o‘z fe’li xo‘yimiz-dan.
Akram hoji:
— To‘g‘ri.
Homid ham boshqalardan qolishmas uchun: «Xudo kofirning dunyosini bergan» deb
qo‘ydi.
— Manimcha, o‘risning bizdan yuqoridalig‘i uning ittifoqidan bo‘lsa kerak, — dedi
Otabek, — ammo biz-ning kundan-kunga orqag‘a ketishimizga o‘z ora nizo’imiz sabab
bo‘lmoqda, deb o‘ylayman, boshqa xil aytkanda Ziyo amakining fikrlari qisman to‘g‘ri.
Oramizda bu qo‘rqunch holatka bahaqqi tushunadirg‘an yaxshi odamlar yo‘q, bil’aks
buzg‘uchi va nizo’chi unsurlar tomir yoyib, har zamon sodda xalqni halokat chuqurig‘a
qarab tortadilar. Bu kungi qora chopon va qipchoq nizo’larini sizga bir timsol o‘rnida
ko‘rsatayin: o‘ylab ko‘rilsin, bu nizo’lardan bizga qanchalik foyda va qipchoq
og‘aynilarg‘a nima manfaat hosil bo‘lmoq-da?— Faqat bundan foydalang‘uchilar ikki xalq
orasig‘a adovat urug‘ini sochib yurg‘uchi bir necha e’vogar boshluqlarg‘inadir. Masalan,
Musulmonqulni kim xolis odam, deb o‘ylaydir? — Uning yurt uchun qon to‘kishdan
boshqa nimaga foydasi tegdi? Musulmonqul o‘z g‘arazi yo‘lida orada yo‘q nizolarni
qo‘zg‘ab, kuyavi Sheralixonni o‘ldirdi, gunohsiz Murodxonni shahid etdi, qo‘y kabi
yovvosh Toshkand hokimi Salimsoqbekni o‘ldirib, o‘rniga Azizbekdek zolimni belguladi va
o‘zini mingboshi deb e’lon qilib, aqlsiz bir go‘dakni (Xudoyorni) xon ko‘tarib el yelkasiga
mindi. Tuzuk, agar Musulmonqul bu ishlarni bir yaxshi maqsadni kuzatib qilg‘anda,
zolimlarni o‘rtadan ko‘tarib, yurtka osoyish berganda, unga kim nima deya olur edi?
Holbuki, Toshkand tarixida misli ko‘rilmagan Azizbek kabi vah-shiyni faqat shu
Musulmonqul qo‘lidan oldi. Basharti, Musulmonqul chin inson bo‘lsa, insondan vahshiy
tug‘ilganini hech kim eshitkan chiqmas. Modomiki, o‘z g‘arazi yo‘lida istibdod orqali el
ustiga hukmron bo‘lg‘unchilar yo‘qotilmas ekanlar, bizga najot yo‘qdir, magar shunday
g‘arazchilarni ular kim bo‘lsalar ham ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi xolis
odamlarni o‘tquzish najotimizning yagona yo‘lidir.
Otabek majliska tamoman yangi va eshitilmagan fikrlarni so‘zlab ketdi, ular bekning
og‘zig‘a anqayishib qolgan edilar. Darhaqiqat, o‘z ora bitmas nizo’larning asli mansha’ini
ul yaxshi onglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi. Uning shu yo‘sun mulohaza va
fikrlari majliska chuvalg‘an ipning uchini topib bergandek bo‘lib, lafzan bo‘lmasa ham
ma’nan ularning tahsin va olqishlarini oldi.
 Otabek xufton namozi uchun tahorat olishg‘a mehmonxonadan chiqg‘an edi, uning
keticha:
— Otaning bolasi-da, — deb Ziyo shohichi mehmon-larga qarab qo‘ydi.
— Umri uzoq bo‘lsin, — dedi Akram hoji, — yigitlarimiz ichida eng aqllig‘i ekan...
Agarda xon ko‘tarish manim qo‘limda bo‘lsa edi, xon qilib Otabekni ko‘tarar edim... O‘zi
o‘qug‘anmi?
Bu maxtovlar bilan terisiga sig‘may ketkan Hasanali javob berdi:
— Toshkand Beklarbegi madrasasining peshqadam mullabachchalaridan edi, lekin
uch yilcha bo‘ldi, xo‘jamiz madrasadan olib savdo ishiga qo‘ydilar.
— Xudo har narsadan ham bergan yigit ekan, — dedi qutidor.
Ahli majlis Otabekni ko‘klarga ko‘tarib maxtar edi, lekin Homid bu maxtashlarg‘a
ishtirok etmas va nimadandir g‘ijing‘andek ko‘rinar edi. Shu orada qutidorning
«uylanganmi?» deb Hasanalidan so‘rashi Ho-midga yana boshqacha holat berdi.
Hasanalining so‘ra-g‘uchig‘a bekning qiz yoqdirmaslig‘ini sabab ko‘rsatib, shu kungacha
uylanmay kelganligini tafsili bilan hikoya qilib berishidan so‘ng ul toqatsizlang‘andek
bo‘ldi:
— Balki begingizning tama’lari xon qizidadir, — dedi istehzo bilan Homid, — bundog‘
yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umr bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar...
Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istehzoga qar-shi Hasanali sukut qilmadi:
— Men uning xon qizini olish maqsadi borlig‘ini bilmayman, — dedi kulimsirab, —
biroq ul xon qizini olsa arzimaydirgan yigit emas... hatto zarxarid quli bo‘lg‘anim holda
menga ham qattig‘ so‘z aytishdan saq-lang‘an bir yigit o‘z nikohida bo‘lg‘an ozod bir
qizg‘a albatta zahmat bermas, deb o‘ylayman. Ba’zi xotin uradirgan va xotin ustiga xotin
olib, xotinlarig‘a zulm qiladirg‘an hayvonsifat kishilardan bo‘lib ketishi menimcha
ehtimoldan juda uzoqdir, inim mulla Homid...
Hasanali o‘tkan faslda Homidning o‘z og‘zidan xotinlarig‘a qarshi qamchi ishlatkanini
eshitkan edi. Shunga binoan uning bu oxirg‘i jumlasi Homidni yerga qaratib, lom
deyishka majol bermay qo‘ydi. Ziyo shohichi qaynisi Homidga «Tuzlatildingmi»?
degandek qilib qaradi va Hasanalidan afu so‘radi:
— Kechirasiz, ota, — bizning Homidboy shunaqa qo‘lansa gaplar uchun yaratilg‘an
odam.
Qutidor ham Hasanalining ko‘nglini ko‘tarib tushdi:
— Gapingiz to‘g‘ri, ota, — dedi, — Otabek xon qizig‘a loyiq bir yigit ekan.
Bahslashish uchun Homidga yo‘l qolmag‘an edi. Bir turlik iljayib yer tegidan
Hasanaliga ko‘z tashladi.
Oshdan keyin boshlab Homid, so‘ngra boshqa meh-monlar tarqalishdilar. Otabek bilan
qutidorning yo‘llari bir bo‘lg‘anliqdan birgalashib ketdilar. Qutidor havlisiga qayrilar ekan,
bek bilan xayrlashdi:
— Albatta, birisi kun biznikiga marhamat qilasiz, tuzikmi?
— Xo‘b, amak.
— Bizniki mana shu burchakdagi eshik... Qaytag‘a bu kun biznikida qolsangiz
bo‘lmasmi-a?
— Rahmat... Xayr, salomat bo‘lingiz.
Ular to‘xtab so‘zlashqan o‘rinlaridan xayrlashib uzoq-lashg‘ach, shundagi bir
burchakdan choponig‘a burkangan bir kishi chiqib, haligilar kelgan tomong‘a qarab
yurdi...
 

Bek oshiq

Otabek Yusufbek Hoji O'g'li



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari