Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Raqib izidan

O‘n olti-o‘n yetti kunlik oy oq bulut ichidan qo‘toslanib ko‘rinar edi. Hamma xuftan
namoziga kirib ketkan, ko‘chalar suv quyg‘andek tinch edi. Ko‘chaning bu tinch paytidan
foydalang‘an kabi usta Alimning eshigi yonig‘a kelib to‘xtag‘an kimsaning kim ekanligini
bi-lish uchun oy yoruqlig‘ig‘a qarshi tushkan bo‘g‘ot xalal berar edi. Bo‘g‘ot panasida va
eshik halqasida qadalib bir muncha vaqt nimanidir kutib turg‘an bu kishi nihoyat,
avaylabgina eshikni ochib o‘zini yo‘lakka oldi. Tag‘in anchagina eshikning ichkarigi
qismida turg‘ach, ochishidag‘i ehtiyot bilan eshikni yopdi.
Oy yoruqlig‘i uch burchak ravishda yo‘lakka tushib turar edi. Bu noma’lum kimsa oyoq
uchi bilan yurib keldi-da, mo‘ralab ayvong‘a qaradi. Ayvonning tokchasida sham’ yonib,
Sayfi o‘rin yozish bilan ovora edi. Noma’lum kimsa yo‘lakning qorong‘i qismig‘a o‘zini
olib, ko‘zini Sayfidan uzmay tura boshladi, Sayfi o‘rnini to‘shab bo‘lg‘andan so‘ng
ayvonning peshonasida yozilib yotqan dasturxon va laganni ko‘tarib hujraga kirdi.
 Yo‘lakdagi majhul kimarsa go‘yo shuni kutib turg‘andek oyog‘ uchini onda-sonda tashlab
o‘zini maydon ichiga oldi...
Bargi to‘kilib quruq shoxlari bilan qolg‘an maydon ichi tumanlik oydin, majhul kishi
yuzini oyding‘a berib, xaroba uy ostida qadalib turg‘anliqdan uning kim ekanligini tanish
oson edi. Bu alamzada, zulmdiyda yuz eng so‘ngg‘i kurashka hozirlang‘an bir yigit edi...
Otabek xaroba uy devori yonida so‘ng chekdagi bir e’tibor bilan ichkariga quloq
solmoqda edi. Ichkaridan o‘tin yorib o‘choqqa o‘t qalash harakatlari eshitilar, gohi xotin
kishining tovshi ham kelib qo‘yar edi. Ul bir-ikki qayta ohista adimlar bilan xaroba
uylarning u boshi bilan bu boshig‘a borib keldi, ya’ni ichkariga oshib tushmak uchun
qulayroq o‘rin chog‘lar edi. Xaroba imoratlarning o‘rta bir yeridagi raxnadan oshib
tushish qulayroq bo‘lg‘ani uchun shuning ostig‘a shumshayib o‘lturdi. O‘lturishi hamono
qayoqdandir oyoq tovshi eshitkandek bo‘ldi-da, sekingina o‘lturgan joyig‘a yerga
singgandek qilib yotib oldi. Oyoq tovshi to‘xtab narigi yoqdan usta Alimning tovshi keldi.
Usta Alimning xuftandan qaytib kelganligini ongladi va uning maydonga kirish ehtimoli
bo‘lg‘anliqdan shu ko‘yi yotaberdi.
Vaqt juda sekin harakat qilar edi. Ul o‘zining har bir yurak tepishini sanag‘andek
o‘tkuzar edi. Kuzning yoqimsiz shamoli o‘pkani qichitib, yo‘talni qistatar, ul chalqancha
yotqan ko‘yi og‘zini o‘ramlab ko‘mak kutkan kabi ko‘kka ko‘zini tikkan edi.
Oradan bir-bir yarim soatlar chamasi vaqt o‘tib ketdi. Tevarakdan «jannat
qushlari»ning birinchi tovshi qichqirilib o‘tdi, shu kezda xaroba havli tomondan bir necha
oyoq tovushlari eshitildi-da, ul o‘rnidan turib quloq solishg‘a majbur bo‘ldi. Bir muncha
vaqt onglashilmag‘an so‘zlashish tovushlari kelib turgach, darichaning g‘iyq etib
ochilishidan so‘ng, bu tovushlar yana ham uzoqlashdilar. Otabek devorg‘a intildi va
sekingina yuqorig‘a ko‘tarildi. Buzuq uyning darichasi-dan narigi qatordag‘i ayvon va
undagi o‘choqda yonib turg‘an o‘t ko‘rindi. Ammo ochiqqina bo‘lib uy ichidan kishilar
tovshi kelar edi. Ul o‘marilmasliq etib devor ustiga mindi va osong‘ina xaroba uy ichiga
o‘zini oldi. Chunki uy tomi o‘pirilib ostig‘a bosqanliqdan uyning sahni juda ham yuza edi.
Avaylab uch-to‘rt adim bosdi-da, uyning buzuq darichasi yonig‘a kelib to‘xtadi va
mo‘ralabqina havli yuziga qaradi. Qarshidag‘i uyning har ikki darichasi ham yopiq, ammo
tirqishlaridan sham’ yoruqlig‘i ko‘rinar va boyag‘ig‘a qarag‘anda sekinroq bir tovushda
g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir so‘zlashish eshitilar edi. Oradan o‘n besh daqiqa chamasi fursat o‘tib
tovushlar bir oz yuqorilashib kelmakka boshladi. Bu orada uydan qo‘lig‘a lagan ushlagan
bir xotin chiqdi-da, qozondan laganga bir narsani ko‘tara berdi. Otabek go‘yo shuni kutib
turg‘andek uzoq bir tin oldi va o‘zini chetka burdi. Xotin lagan bilan uyga kirib ketkach,
ichidan taqing‘an xanjarini qinidan sug‘urib oldi-da, damini oyding‘a solib boqdi va
xanjarining uchini yonboshidan orqasig‘a o‘tquzib ushladi, yana uyni kutib to‘xtadi. Xotin
yana chiqg‘an va toboqlarg‘a sho‘rba suza boshlag‘an edi. Uyga bir-ikki qatnab suzilgan
sho‘rbalarni tashib bitirgan, uyning eshigini bekladi-da, kirib ketdi.
Otabek havlining o‘rtasig‘a, tut yog‘ochining yonig‘a kelib to‘xtag‘an va janubda kishi
yo‘qmi, deb alang‘lar edi. Ul bu to‘g‘rida bir qanoat hosil etkach, bitta-bitta bosib kishilik
uyning yo‘lak tomonidag‘i darichasi yonig‘a yetdi va o‘zini so‘ng chekda ehtiyotlab
daricha ostig‘a o‘lturdi. O‘lturishi hamono dimog‘ig‘a ichkulik bilan sho‘rba isi kelib urdi.
Uydagilarning so‘zlarinigina emas, hatto tomoq chaynashlarini ham eshitsa bo‘lar edi.
Ichkaridan kimdir birav shap-shap etib chaynab der edi:
— Endi menga berma, Sodiq, Mutal polvong‘a beraver!
Otabek bu tovushning kimniki bo‘lg‘anlig‘ini bilgan edi.
— Hadeb menga beraverasanlarmi, oralatib Jannat opamga ham berib qo‘y, xa-xa-xa!
— Bizning kampirga bersang qaytarmasdan icha beradir!
 — Bersa ichaberaman, qix... o‘zim xotin bo‘lsam ham Mutal polvonlarning o‘nini
qochiraman, qix...
Bu so‘zdan so‘ng, uy ichini kuchlik bir kulgi tovshi qopladi. Kulgi bosilg‘ach, so‘z
boshlandi:
— Endi shuni ichasiz, Homid aka!
— Yo‘q, Sodiqboy inim, men juda ham bo‘lib qoldim, o‘zi ham juda kuchlik chiqg‘an
ekan.
— Ichmasangiz qo‘ymayman, nekin...
— Mutal polvonga ber! Siz oling-chi shuni!
— Aniq ichmaysizmi? Kumush opamning salomatligiga ham ichmaysizmi?
Bu so‘zni eshitkan Otabek ixtiyorsiz o‘rnidan turib ketdi. Jannat opaning xi-xi-xi qilib
kulgan tovshi eshitildi.
— Orag‘a nozik bir ismni kelturib solmasang, xudo haqqi ichmas edim. Qani, bo‘lmasa
ber-chi, Kumush apangning salomatligi hammadan ham menga kerakdir.
— Xa-xa-xa, nozik joydan ushladimmi?
Otabek bu so‘zlarni eshitar ekan, zo‘rg‘a-zo‘rg‘a o‘zini darichaga hujum qilishdan
bosib qolg‘an edi. Orada bir muncha mayda so‘zlar so‘zlangach, kim-ningdir ufff, deb
yuborg‘ani eshitildi.
— Tag‘in nima bo‘ldi, Homid aka?
— Bu kungi gap juda ham meni cho‘chitib qo‘ydi-da, Sodiqboy!
— Maning gapimga nima uchun ishonmaysiz, axir! Yuz martaba sizga aytib yotibmanku,
xumsani darbozadan chiqardim, tag‘in qanchag‘acha orqasidan borib to karvonlarga
qo‘shilib ketkuncha kutdim, so‘ngra qaytib keldim, deb. Agar o‘sha ketishi bo‘lsa, bu kun
xudda Qo‘qong‘a borib yetkan.
— Ey, san bilmaysan, uka!
— Nekin manga qolsa, shu ishdan hech bir qo‘rqa--turg‘an gap yo‘q, usta bilan
tanishlig‘i bo‘lsa, uning uyiga mehmon bo‘lg‘andir, savdogarchilig‘i bo‘lsa Marg‘ilong‘a
kelgandir, axir ketib turg‘andag‘i so‘zini o‘z qulog‘ingiz bilan eshitdingiz-ku!
— Bu mulohazang tuzik-ku, biroq men bilan achchig‘lashqan bir kishinikida mehmon
bo‘lishi boshni qotiradir, tag‘in sizlarning havlilaringiz yonida...
— Agar sirringizdan usta Alimning xabari bo‘lsa, ul vaqtda qo‘rqsangiz ham arziydir.
Ammo menga qolsa u xumpar (Otabekni aytadir) Marg‘ilonda xotini borlig‘ini ham unitib
yuborg‘an, deb o‘ylayman.
— Maning bu sirrimni sizdan boshqa hech kim bilmaydir. Umarbek bilan bir oz nariberi
bo‘lib qolg‘an edik, haytovur tag‘in orani ochib yubordiq.
— Undoq bo‘lsa tag‘in nimadan qo‘rqasiz?
— Men uning Toshkand ketishini ko‘z bo‘yash uchun bo‘lg‘an hiylami, deb qo‘rqaman.
— Xayr, ketmagan ham bo‘lsun: ul holda o‘zingiz aytkandek qilib to‘ppa-to‘g‘ri ertaga
Salim sharbatdor-ning oldig‘a boraman-da, o‘g‘lingni Mirzakarim akaning ilgarigi
toshkandlik kuyavi o‘ldirdi, men o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, deyman. Ana undan so‘ng
xumsaning holig‘a maymunlar yig‘lasin! Agar ul sirringizni bilgan bo‘lg‘anda ham
allaqachon kelaturgan ishka tushunib olib, Marg‘ilondan dumini xoda qildi, desangiz-chi!
— Qix... Sodiqning gapi jo‘yalik, — deb qo‘ydi Jannat opa.
Otabek bu so‘z dahshatidan titrab ketkan edi. Sodiq davom etdi:
— Endi ishning bo‘ladirg‘anini o‘ylash kerak, sizning qo‘rqoqlig‘ingizni ko‘rib, mana
Mutal polvon ham uxlab boshlabdir.
— Uxlag‘anim yo‘q, hez, doringdan quy-chi!
— Mutalboy o‘rtoq, — dedi Homid, — biz biravning yaxshilig‘ini unutaturg‘an kishi
emasmiz. O‘rtog‘ingiz Sodiqboy men bilan birgalashib kamlik ko‘rmadi, avvali xudo,
 qolabersa men uni uylantirib qo‘ydim... Men birav bilan oshnachiliq qilsam, hatto, undan
jonimni ham ayamay, ko‘nglini olmoqg‘a tirishaman.
Sodiq:
— Mutalboy sizni o‘bdan yaxshi biladir, Homid aka! Sizning qanday xizmatingiz
borlig‘ig‘a ham qong‘an... Ammo uning sizdan bir iltimosi bor ekan.
Homid:
— Nima iltimosingiz bor, Mutalboy?
Mutal (sarxush):
— Bitta ya-ya-ya -rimtadan uch-to‘rt t-t-tanga q-q-qarz-larim bor edi, Homid aka.
Homid:
— Oshnaliq degan uch-to‘rt tanga bilan bog‘lana olmaydir, Mutalboy! Men sizga hali
aytib qo‘ydim: ma-ning oshnalig‘im oshnadan jonni ham ayamasliq bilan bo‘ladir. Uchto‘
rt tanga emas, muhtoj bo‘lsangiz o‘ttuz-qirq tanga ham so‘ray bering!
Jannat opa:
— Ilohi Homidboy murod-maqsadig‘a yetsin, qix. Oshna-og‘aynidan dunyo
ayamaydir!
Bir oz vaqt tanga tovshi eshitilib turg‘ach, Homidning ovozi keldi:
— Mana, Mutal polvon, hozirga oz bo‘lsa ham shuni olib turarsiz, ammo xizmat
haqingiz o‘z yo‘lig‘a bo‘-ladir.
Sarxush:
— R-rahmat, H-homid aka, siz j-jonni ayamasangiz, m-men ham yo‘lingizga
boshimni tikdim, jamshidning arvoyi!
Sodiq:
— Bizning Mutalboy ham quruq yigit emas!
Homid:
— Dasturxonni yig‘ishtirib olingiz-chi, Jannat opa!
Lagan-tovoqning bir-birisiga tekkan tovshi eshitilib, Otabek o‘zini ohistagina yo‘lakka
oldi. O‘choq boshida bir-ikki daqiqa chamasi tovoq-qoshiq va oyoq tovshi eshitilib
turg‘ach, Jannat opa havlig‘a tushib keldi va qo‘lidag‘i dasturxonni tut ostig‘a qoqib
ketdi. Otabek qaytib kelib daricha ostig‘a o‘lturgan ham edi, Homidning shu so‘zini
eshitib qoldi.
— Eshikning zanjiriga bir qarab kelingiz-chi, imon topkur Jannat opa!
Sodiq:
— Qo‘rqasiz-da, Homid aka, eshikni o‘zim zanjirlaganman.
Homid:
— San hali yoshsan, inim Sodiqboy, siz chiqabe-ringiz, Jannat opa!
Otabek uchun vaqt ortiq tang va qo‘rqunch edi. Xaroba uyga boray desa, Jannat
opaning ko‘rib qolishi aniq edi. Eshikni ochib chiqib ketay desa, o‘lturishning maqsadi
hali ochilmag‘an bo‘lib, butun mashaqqati shamolg‘a ketar edi. Joni halqumig‘a tiqilib
tevaragiga alang‘ladi va yo‘lakdan nariroqda usta Alimning devorig‘a suyog‘liq turg‘an
zanbilga ko‘zi tushdi. Zanbilning ostig‘a yashirinish juda ham xavfli edi esa-da, ammo
o‘lturishning maqsadig‘a qonmay ketish undan ham xatarlik edi. Sir fosh bo‘la qolsa, uch
dushmanga barobar hujum qilishni bo‘yniga olib qo‘ydi. Uy eshigi ochila boshlag‘anda
zanbilning ostig‘a kirib olg‘an edi. O‘zini nechog‘liq siqib g‘ujanak qilg‘an bo‘lsa ham,
ammo bir qarash bilan zanbil ostida kishi borlig‘ini bi-lish uncha qiyin emas edi. Zanbil
ostida xanjarini qisimlab, go‘yo sichqonni poylag‘an mushukdek hujumga hozirlanib
yotar edi.
Jannat opa yo‘lakka tomon yurib keldi-da, zanbil ostidag‘ini payqamay yo‘lakka
burildi. Oydindan eshik-ning zanjirligi aniq ko‘rinib turar edi. Shuning uchun eshik
 yonig‘a borib o‘lturmay yo‘lakning yarmidan qaytdi. Qaytishi hamono yuqoridan uchib
o‘tkan bir-ikki moshak qushning chev-chev-chev degan tovshini eshitib ko‘kka qaradi.
Shimol-sharqig‘a to‘g‘ri otilib o‘qdek uchib borg‘an moshak qushlarg‘a qarag‘anicha
yo‘lak-dan uy tomonig‘a qayrilib ketkanini o‘zi ham sezmay qoldi. Jannat opa ayvong‘a
chiqqanda, Otabek ustidagi zanbil to‘rt enlik yuqorig‘a ko‘tarilib, tag‘in sekingina uni
bosib tushkan edi. Jannat opa eshikni ochib, uyga kirganda, ul ohistagina zanbil ostidan
chiqdi, uning yurak tepishi hali ham shiddatlik edi. Daricha yonig‘a yurib keldi-da,
hamon hujumga hozirlang‘andek ichkariga quloq solib turdi. Jannat opaning «eshik
zanjir» degan tovshini eshitkach, rohat tin oldi va daricha yonig‘a cho‘nqaydi.
Homid:
— Bo‘lmasa, dushanba kuni kechasiga bo‘lsin!
Sodiq:
— Biz qaysi kunga desangiz ham hozirmiz!
Mutal:
— Menga qolsa, shu topta borsaq deyman!
Homid:
— Yaxshisi dushanba kun, undan nariga o‘tkani ham yaramag‘andek, berisi ham
foydasiz bo‘ladir, chunki bir-ikki kun bunga hozirlik ham kerak.
Sodiq:
— Tag‘in qanaqa hozirligi bor?
Homid:
— Olib chiqg‘andan so‘ng, uni Marg‘ilon ichida olib turib bo‘lmaydir: to rom qilg‘uncha
birarta qishloqg‘a yuborishka to‘g‘ri keladir. Olib chiqishimiz dushanba kechasining qaysi
paytiga to‘g‘ri kelishini ham hozirdan aytib bo‘lmaydir. Olib chiqg‘an zamon Marg‘ilondan
chiqarilib yuborilmasa, kunduz kuni chiqarish tag‘in xavflik. Kechasi ma’lum, Marg‘ilon
darbozalari yopiq bo‘ladir. Shuning uchun birarta darbozabonni qo‘lga olib qo‘ymog‘imiz,
albatta, kerak...
Sodiq:
— Yaxshi maslahat, qutidornikiga qanaqa qilib tushamiz?
Homid:
— Masalaning bu yog‘ini ham o‘ylashimiz kerak ekan hali!
Sodiq:
— Eng yaxshisi darbozasidan kirish!
Mutal:
— Darbozasidan kirib bo‘lmasa, tomidan oshib tushamiz!
Sodiq:
— Ha-ha-ha, balli, Mutal to‘ram!
Mutal:
— Kulishingni bejo qilma, hez Abdikarim! San hali dunyog‘a kelib nimani ko‘rding-ku,
sanga kulish tushib qoldi! Bu bosh dunyoga kelib nimalarni ko‘rmadi-a? Bunaqanggi
qochiriq ishlarni endi qilib turipti, deb o‘ylaysanmi? Eyxa-x-x, Mutal akang nimalarni
qilmadi? Xa-xa-xa... Musulmonsan otangning arvoyi, Homid aka! Bir kuni Jonkeldiboy
hasratini qilib Hotam to‘raning o‘g‘lini yaxshi ko‘rganligini, diydoriga to‘yolmay besar
bo‘lg‘anini arz qilib qoldi-ku, yonimda Qalandar polvon bor edi, Jonkeldiga, bo‘lmasa o‘n
oqta ber bizga, biz Qalandar bilan birga do‘ndiqchangni muhayyo qilib beraylik, dedim.
Jonkeldi o‘lib turg‘an ekan, quloq qoqmay xo‘b, dedi. Biz qalandar bilan tunni yarim
qildiq-da, Hotam to‘raning havlisiga keldik. Ishning ebini jo‘blab qarasaq juda kashal,
devor — tosh hamin! Oshib tushishning sira o‘nqovi yo‘q. Bu ishkalni ko‘rgan
Qalandarning tarbuzi qo‘ltug‘idan tushib «besh oqtani qaytarish uvol-ku?!» dedi.
 O‘zimning sal shunaqanggi kayfim balandroq edi, xanjarchamni qinidan sug‘urib oldimda,
to‘g‘ri Hotam to‘raning darbozasig‘a borib chaqira boshladim. Bu ishimdan jon-poni
chiqib ketkan Qalandar yonimg‘a kelib turta boshladi: «Hoy, Mutal, sanga nima bo‘ldi?»
Men Hotam to‘rani chaqira berib «tovshingni chiqarma, xoting‘a o‘xshag‘an yigit»,
dedim. Qalandar yonimda turolmadi, meni yolg‘uz qoldirib ura qochdi. Bir vaqtda haligi
Hotam to‘ra darboza orqasig‘a kelib «kim» dedi. Men tovshimga shoshilishqan tus berib
«Men, men, oching tezroq!» dedim. Bechora go‘l to‘ra darbozani ochib yuborishi bormi,
lip etib o‘zimni ichkariga oldim va Hotam to‘rani qo‘lidan ushlab havlig‘a boshladim.
Bechora endi meni tanig‘an, avzog‘imning buzuqlig‘ini ham payqag‘an edi. Ke-kirdagiga
xanjarimni tirab: «Joningdan umiding bormi, yo‘qmi, noinsof!» dedim. Juda tili shishib
qolg‘an edi xumsaning — «bovv-bovv» deb g‘o‘ldirab javob berardi... «Bir bechora
o‘g‘lingni deb ko‘kragini zaxka berib yotsin-da, san tinchkina o‘g‘lingni olib yot!.. Qani
o‘g‘ling, yotqan joyini ko‘rsat!» dedim. Hotam to‘ra dir-dir qaltirar edi, shu ko‘yi uni
ayvong‘a o‘zim yetaklab bordim-da, o‘g‘lini ko‘rsatdi. Bolani uyqu aralash turg‘uzib
kiyintira boshlag‘an edim, bir tomondan ona-si dodlab qoldi-ku, xanjarimni olib unga
yugirdim. «Tovshingni o‘chir, mochaxar... o‘g‘lingni o‘limg‘a olib borayotqanim yo‘q,
nihoyati bir piyola choy ichadi-ku keladi!» dedim. Qisqasi, ilgari dahshat berib, keyinidan
yaxshi gaplar bilan ularni ishontirib, bolani olib chiqdim va Jonkeldiga topshirib ketdim...
Baxtimga o‘sha kuni bitta ham mirshab yo‘liqmadi. Ey-y, Sodiqcha, san hali nimani
ko‘rding-ku, nimangga ishonding, buzoq bo‘g‘uzlag‘andek qilib bir-ikkitani so‘ygan bilan
odam bo‘lding-qo‘ydingmi? Gap bilan bo‘lib zang‘ar kayf ham tarqab ketdi, qani, quy-chi
bir-ikkini!
Homid:
— Sizga qoyilman, Mutal polvon, sizning shuna-qangi ishlaringizni bilib yurganim
uchun bu yerga chaqirtirib keldim-da!
Mutal:
— Shuni bilgan bo‘lsangiz bas, bu ishni menga topshirib qo‘yabering!
Homid:
— Sodiq aytkandek darbozadan kirishni xohlamayman, chunki mirshablarning oyog‘
usti.
Mutal:
— Bo‘lmasa havlining orqasidan tushamiz!
Homid:
— Orqasi havlidir?
Jannat opa:
— Qix, haligi oti qursin... Malikboyning maydoni-da!
Homid:
— Juda yaxshi ekan. Bo‘lmasa tomig‘a shoti yetarmikin?
Jannat opa:
— Qix, juda balan.
Mutal:
— Balan bo‘lsa, zarari yo‘q, osoni uyning tegidan teshamiz, qo‘yamiz!
Homid:
— Qiyin bo‘lmasmikin?
Mutal:
— Hammadan ham osoni teshish, mo‘ljalini yaxshi olsaq bas.
Homid:
— Bir-ikki soatda uni teshib bo‘larmidi?
Mutal:
 — O‘zi maydonmi, axir?
Jannat:
— Maydon, qix.
Mutal:
— Yaqinida odam yo‘qmi?
Jannat:
— Yo‘q, qix.
Mutal:
— Bali, mo‘ljalni olib bersalaring, ertadan boshlab qazig‘anim bo‘lsin.
Homid, Sodiq:
— Bali, rahmat, polvon!
Majlisning so‘zi shu yerga yetkanda Otabek o‘rnidan turib yo‘lakka keldi. Eshik
zanjiriga qo‘lini olib borg‘ani holda o‘ylanib to‘xtadi va eshikni ochmay orqasig‘a qaytdi.
Xaroba uy orqaliq usta Alimnikiga chiqib ayvon yonida to‘xtadi, ularning xurrak va
pishillashlariga qanoat hosil etkach, oyog‘ uchi bilan yo‘lakka o‘tdi va eshikni ochib
chiqdi...
* * *
O‘z og‘zidan eshitkanimizdek Sodiq uni, Homidning ta’limoticha Qo‘qon darbozasidan
chiqarib to karvonlarga qo‘shilib olg‘uncha ta’qib etib borgan edi. Otabek bu ta’qibni juda
yaxshi sezganlikdan Sodiq yo‘lda qolg‘andan so‘ng ham yana bir bekat olding‘a borg‘an
va ikkinchi bekatdan yo‘lni chaplab, Toshloq darbozasi orqaliq yana qaytib Marg‘ilong‘a
kirgan edi.
Usta Farfining Homid va o‘zi to‘g‘rilaridag‘i mudhish hikoyasini eshitkach, Marg‘ilonda
qolish va qayin otasining uyiga borib onglashish o‘rniga juda oshig‘ichliq bilan
Marg‘ilondan jo‘nab ketkan bo‘lib ko‘rinishi albatta o‘rinsizga emas edi. Chunki Komilbek
o‘ldirilgan bir kunda Homidning ko‘z o‘ngida qolishi, bilaturib, o‘z-o‘ziga qabr qazish,
qabrg‘ina emas nomusni barbod berish va qotilliq ismini olib xalq oldida sharmanda
bo‘lish bo‘lur edi, nuchukkim, biz yuqorida Sodiq og‘zidan eshitkanimizdek Homid bu
tuhmatdan ham qaytmas va o‘z tuhmatini mahkama oldida mantiqiy ra-vishda isbot
ham qila olur edi. Mana ul shu mudhish, boshqa tushmog‘i aniq turg‘an halokatning daf’i
uchun Marg‘ilondan oshig‘ich chiqib jo‘nag‘an edi. Orqasidan qiling‘an ta’qibni payqashi
esa avvalo bu uning bir mulohazasi bo‘lg‘an edi, ikkinchi, otini egarlar ekan, devordan
o‘zig‘a qarag‘an bosh bilan bu mulohazasini chinga chiqishini bilgan edi. Uchunchi,
ko‘chada usta Alim bilan xayrlashar ekan, qo‘shnining yo‘lagida ko‘ringan kishi ko‘lagasi
yana ta’qib etilishini ta’kidlagan edi.
Marg‘ilondan ikkinchi bekatka qo‘nib, choyxonada bir-ikki choydish choy ichib uzoq
o‘ylag‘an va Marg‘i-long‘a qaytish quruq tuhmatka qolish bilan farqsiz ekanligini yana bir
qat tushungan edi esa-da, Homidni maydonda muzaffar holda qoldirib ketishni hech bir
turlik yuragiga sig‘dira olmag‘an, g‘ayri rasmiy yashirinib bo‘lsa ham Marg‘ilonda
turishka va turib Homidning mundan so‘nggi rejalarini o‘rganishka va shunga qarab
kurash boshlashg‘a qaror bergan, shom bilan asr orala-rida Marg‘ilong‘a kirgan edi. Kelib
birinchi kelishida tushkan saroyga joylashqan va joylashib tinchiy olmag‘an, ya’ni
ta’qibini bu kundanoq boshlashg‘a qaror bergan. Homidning yomonliq korxonasi usta
Alimning qo‘shnisinikida bo‘lg‘anlig‘i uchun hech bir taraddudsiz yo‘lni to‘g‘rilab
Sodiqnikiga solg‘an ediki, biz mundan keyingi gaplarni yuqorida ko‘rib o‘tdik.
Usta Alimning eshigini ochib chiqg‘ach, Sodiqning yo‘lagiga quloq solib g‘o‘ng‘irg‘
o‘ng‘ir kelgan tovushni eshitdi va sekin-sekin yo‘lg‘a tushdi.
 Dushman bilan betma-bet uchrashmoq kuni belgulanganlikdan o‘zining bu kungi
kutilmagan muvaffaqi-yati to‘g‘risida hech bir taajjublanmas, faqat dushanba kun
kechasi bilan miyasi mashg‘ul edi. Dushanba kun kechasi bir emas, uch dushman bilan
kurash to‘g‘risidag‘ina o‘ylar edi. Bu birga uch masalasi bir oz uning miyasini qotirg‘an;
kishilar yollash, hukumatka bildirish, qutidorni xabardor qilib qo‘yish mulohazala-rigacha
kelib yetkan bo‘lsa ham, ammo izzati nafsi bu qo‘rqoqliqqa tamoman zid turar edi. Borabora
bu mulohazasini tamoman ko‘nglidan chiqarib tashladi; na kishilar yollayturg‘an, na
hukumatka bildiraturgan va na qutidorni xabardor qilaturg‘an bo‘ldi. Chunki raqib bilan
dildorning uyi orqasida tanho olishmoq, yor oyog‘i ostida qonlik tuproqqa qorishmoq —
uning uchun juda lazzatlik va shoirona tuyila boshlag‘an edi. Saroyga kirar ekan o‘zicha:
— Shirin o‘lim, — deb qo‘ydi.
Garchi kechagi tun «Xo‘ja Ma’oz»ni tunab uyqudan qolg‘an edi, ammo uzoq vaqt bu
kungi gaplarni o‘ylab yotdi. Ul uxlab ketar ekan, o‘zini goh qong‘a belanib yotqan holda,
goh Kumushni erkalab turg‘an holda ko‘rar edi.

Dushanba kun kechasi

Kelib qaramag'an baxt



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari