Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Qarshilash

Bu kungi kutilmagan tun Hasanali otani gangitkan, uning keksa ko‘zlari uyqu bilan
tamom chaplashib olg‘an edilar. Ul bu xabarni ertaga ertalab qaysi yo‘sun bilan bekka
bildirish yo‘llarini o‘ylar edi. Bu favqulodda so‘yinch xabarni bekning qaysi yo‘sunda
qarshilashini o‘ylar edi. Bu xabarni eshitish bilan Otabekda ko‘riladirgan o‘zgarishlarni,
hollarni, harakatlarni... barchasini birma-bir ko‘nglidan kechirar edi. Bu gapni eshitgach,
haftalab hujra ichidan chiqmay yotqan bekni ko‘chalarda, bozorlarda, qutidor uylarida
shodlanib, ruhlanib yurganini ko‘rar edi. Bu o‘ylarni tugatkandan keyin uning ko‘zlari
uyqu sari yumila boshlab, qarshisig‘a Otabek kelib to‘xtar edi: «Ota, men sizning bu
qilg‘an yaxshilig‘ingizni sira unutmasman» deb minnatdorlik qilg‘andek bo‘lar edi.
Hasanali uyg‘onib ketar va qaytadan shu to‘g‘rida o‘ylab boshlar edi: «Bechora.
Suyganing to‘g‘risida o‘ylay-o‘ylay boshlaring og‘rib, ohlar tortib yotadirgandirsan...
Yordamching yo‘qlig‘i-dan umiding kesilib, hasratingni kimga aytishni bilmaydirg‘
andirsan. Qayg‘irma begim. Hasanali otang u to‘g‘rida ham seni yodidan
chiqarmadi... Bu kecha se-ning qayg‘uliq kechalaringning eng keyingisi va oydinliq ham
she’riyatlik tunlaringning arafasidir, begim».
Hasanalining ko‘zlari tag‘in uyqug‘a ketar, qarshisig‘a Otabek bilan ko‘hlik, ko‘rkam
bir qiz kelib chiqar va ikkisi unga qarab iljayishar edilar: «Bizning chin otamizsiz»
degandek bo‘lar edilar. Hasanalining yana uyqusi qochar edi. Yoshim oltmish to‘rtka
yetdi, o‘g‘ul-qizim bo‘lmadi... Dunyodan charog‘chisiz boraman... Darvoqi’ Otabek
menga o‘g‘ulliq qilmasmi, xotini menga qiz bo‘lmasmi, ularning bolalari meni «bobo»
deb ketimdan yugurmasmikinlar? Tuproq ostlarida unutilib yotqan kezlarimda: «Bir vaqt
 Hasanali otamiz ham bor edi», deb yodlasalar, yaxshiliq bilan eslasalar yetar menga
shu».
Tunlar uzoq, tongni otdirib, Otabekni quvondi-rishg‘acha sabr chidamas, ko‘z
yumishg‘a haligidek xayol-lar mone’ bo‘lar edilar. Shu yo‘sun yarim uyqu holatda tongni
otdirib so‘yintirish soatlari ham yetdi.
Choydan keyin hujrasiga chiqib ketkan Hasanali qo‘ltug‘ida bir narsa bilan kirib bek
qarshisig‘a o‘lturdi. Otabekdagi sukut, xayol, fikr kabi holatlarni yulib, yulqib olib, ular
o‘rniga chechak donalari ekib, umid suvlari sepmakchi edi. Hasanali:
— Endi muborak bo‘lsin sizga, — dedi.
Otabek tushunolmay Hasanaliga qaradi. Hasanali iljaygan ko‘yi qo‘ltug‘idag‘i zarrin
choponni olib sandal ustiga qo‘ydi.
— Bu qanday chopon? — deb so‘radi bek.
— Muborak bo‘lsin, dedim-ku.
— Nima muborak bo‘lsin?
— Sizga iffatlik va sevimlik rafiqa bilan qutidordek qayin ota, Hasanaliga kelin.
Otabek qiziq holatda qoldi: bir turlik titrab ketdi, ko‘zlari qinidan chiqar darajaga
yetdi. G‘ayri-ixtiyoriy qo‘zg‘alib o‘lturgandan keyin so‘radi:
— Bu nima degan so‘zingiz?
— Nima deganimni so‘ramangiz va deganimga ishonaberingiz, — dedi kulib Hasanali,
— men sizni qutidorning qiziga uylandirishka qaror qilib, qarorimni ham bu kun kechasi
Ziyo shohichi bilan amalga oshirdim... ya’ni qutidorning qizig‘a sizning uchun unashib
keldik.
Otabek gangib shoshib so‘radi:
— Qaysi qizig‘a unashib keldingiz?
— Qutidorning yolg‘iz qizig‘a, — dedi Hasanali, — bundan xotirjam’ bo‘lingiz, bek.
Ziyo shohichi ertalabki choyni ichib borarman degan edi, biz uning bilan hali to‘y
kengashlarini qilamiz.
Otabek tusida xursand va xafaligi majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga
qarshi tushmaganidek, so‘yinchini ham oshkor qilmadi...
* * *
Kumushbibi uyqudan turib, favqulodda bir holga uchraydir:
— Bir kechada hammaning tushiga «to‘y» kirib chiqg‘an.
To‘y uchun yangi ko‘rpalar qoplamoqchi bo‘ladilar, par to‘shaklar olmoqchi bo‘ladilar,
kuyav uchun qanday kiyim yarashmog‘i ham bahs qilinadir. Oftob oyim eriga oltin kamar
olmoqqa buyuradir... Tavba, demak chora yo‘q: Oftob oyimlarning kuyavlari kim, qaysi
qizlarini erga beradirlar, ularning Kumushdan ham boshqa qizlari bormi? — Ularning
qizlari yolg‘iz, demak Kumush erga beriladir... Tushunarlik gap emas:
— Erga kim tegadir?
— Kumush.
— Kumushbibi kuyavni yoqtiradirmi, yo‘qmi? Bu to‘g‘rida uning fikrini bilish kerak
emasmi?
— So‘zlash ham kerak emas, bildirish ham.
— Nega?
— Chunki odat shul! Kumush ota-ona yoqtirg‘an kishiga rozi bo‘lish uchun majbur!
Kumushbibi kuyavning kim bo‘lg‘anlig‘ini To‘ybe-kaning shu so‘zlaridan so‘ng payqab
oldi:
 — Mana, bekachim, — dedi kulib To‘ybeka. — To‘ybeka opangni sen hech narsaga
sanamaysan. Biroq uning nafsilamrda karomati bor. Opang bir narsani tiliga va yo
ko‘ngliga oldimi, darrav farishtalar «omin!» deydirlar. Anovi kungi yosh mehmonni
senga maxtasam achchig‘landing, ammo kelib-kelib bu kun seni o‘shanga berdilar...
Endi mundan keyin To‘ybeka opangg‘a ixlos qo‘y, bekachim!
Bu xabarni eshitkuchi Kumushbibining qora ko‘zlari jiq yoshg‘a to‘lib, kipraklari yosh
bilan belandilar.
— Yig‘lama bekachim, — dedi To‘ybeka, — biz bi-lamiz sizning ko‘z yoshlaringizning
nimaga ekanin: erlar so‘yinganda kulsalar, sizga o‘xshash qizlar yig‘laydirlar; sizning
yig‘lag‘aningiz — quvong‘aningiz... Meni erga berganlarida senga o‘xshash men ham
yig‘lag‘an edim, ammo ichimdan nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta o‘lgan edim.
— Toqatim tugadi, opa, — dedi Kumush, — ortiq so‘zlamangiz.
— So‘zlamayman, — dedi To‘ybeka, — lekin sirasini so‘zlayman... Oh, ko‘rsang edi bir
kuyavni. Qanday chiroylik, qanday aqllik ekanini bilar eding, bekachim. Yulduzingiz nax
bir-biringizga to‘g‘ri tushkan ekan, ik-kingizning ham bir-biravingizdan kamligingiz yo‘q.
Kumushbibi ortiq chidalmadi, qo‘rqunch bir tovush bilan hayqirdi:
— Oh, o‘laman, ko‘b so‘zlama!
Kumushning bu tovshiga Oftob oyim bilan Oysha kampir uydan yugurishib chiqdilar:
— Nima bo‘ldi, nima bo‘ldi?
Kumushbibi onasi bilan bibisining uydan chiqishlari ila boshini sandalning ko‘rpasiga
burkab, yotib oldi. To‘ybeka juda qo‘rqqan edi:
— Qallig‘i to‘g‘risida so‘z ochqan edim, men bilan urishdi.
Oftob oyim To‘ybekani qarg‘ab berdi:
— Sen aqlsiz o‘lgur, Kumushni uyaltirg‘ansan! Tinch yursang seni birav bir nima
qiladimi? Bor, ishingga bor!
Onalar Kumushning bu hayqirig‘ini uyalg‘anga yo‘ydilar-da, yana uyga kirib bisot
kavlashka, to‘y hozirligini ko‘rishka mashg‘ul bo‘ldilar.
Kumushbibi bir necha fursatkacha shu ko‘yi burkanib yotdi. So‘ngra o‘rnidan turib
tashqari havliga qarab ketdi. Ko‘b yig‘lag‘anliqdan ko‘zlari qizarg‘an, qovoq-lari
shishkan, yuzlar bo‘rtkan edi. Ammo bu o‘zgarishlar uning husnini, latofatini bir zarra
ham kamitmay balki, o‘n qayta oshirg‘an edilar. Tashqarig‘a chiqg‘andan keyin
ayvonning tumshug‘iga kelib o‘lturdi va o‘ng qo‘lining kaftiga yuzini olib fikrga toldi. Shu
holda uzoq qoldi. Shundan keyin ul qo‘lini yuzidan bo‘shatdi-da, entikib dam oldi va
kimnidir izlagandek, kimnidir kutgandek tevaragiga qarab qo‘ydi...
— Ariq bo‘yi, sirlik ariq bo‘yi.
Yoshliq ko‘zlar ariq bo‘yig‘a tushib, nozik oyoqlar ariq bo‘yi tomong‘a harakatlandilar.
Ul ariq bo‘yig‘a yetkach, ma’lum o‘ringa sakrab o‘tdi-da, cho‘nqaydi. Bir hovuch suv olib
yuzidan to‘kib tushirdi va ohistagina yo‘lak tomong‘a qarab olg‘andan keyin suvning
oqishig‘a ko‘zini tikdi. Kumushning dardini hech kim bilmas, uning xayoliga hech kim
tushunmas, magar shu ariq bo‘yi tushungandek, bilgandek... Sirlik ariq bo‘yi unga
nimalarnidir so‘zlar, undan nimalarnidir tinglar, bunga chetdan hech kim voqif bo‘la
olmaydir-da, bo‘lmog‘i ham mumkin emas.
Ko‘zlaridan oqqan marvarid tomchilarini shu sirlik ariq suvi bilan yuvdi, bir
martabagina yuvdi emas — qaytalab-qaytalab yuvdi. Boyag‘i achchig‘idan bir muncha
tinchlanib, ko‘z qizilliqlari ketkan holda bitta-bitta bosib ichkariga qaytdi.

To'y, qizlar majlisi

Qutlug' bo'lsin



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari