Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar "Navo" kuyi

Xalqimiz ta’biricha, bu zamonlar «musulmonobod» bo‘lsa-da, biroq bu tantanalik
ta’birni buzib qo‘ya-turg‘an ishlar ham yo‘q emas edi. Xon musulmon, bek musulmon,
xalq musulmon, buning ustiga yurish-turish ham musulmoncha, hukmlar ham
shari’atcha edi. O‘g‘irliq qilg‘an uchun qo‘l kesiladir va yo dorg‘a osiladir. Zoni bilan
zoniyalar ham peshtoqdan tashlanadirlar, ichkulik ichkan uchun qirq darra uriladir. Rais
afandi mulozimlariga darra ko‘tartirib, namoz-sizlarni tekshiradir, farzi ayn bilmaganlarni
urdiradir edi. Ish shunchalik nozik bo‘laturib ham o‘g‘rilar o‘z tirikliklari orqasidan
qolmaydirlar. Esh aka bilan Tosh aka-ning uylari orqasidan teshilib mollari o‘g‘irlana
beradir, peshtoqdan qopqa bo‘g‘ilib tashlanmoq uchun fohishalar ham yetishib turadirlar.
Butun umrida peshonasi sajda ko‘rmaganlar ham ko‘b, ammo farzi aynning bosh
tomonidan to‘rt-besh jumlani har kim qiynalmasdan sayriy olar edi. Ko‘b kishilarning
uylarida musallas bilan bo‘zalar xumlab qaynab yotsa, ikkinchi tomonda rasmiy suratda
ichkulik sotish bilan tiriklik qilg‘uchilar ham yo‘q emas edilar. Toshkandning Chuqur
qishloq degan yerida qozoqlar tomonidan ochilg‘an va hamisha rustamnamo kishilar
bilan ayqirib yotqan bo‘zaxonalar ham yo‘q emas edi.
Besh oylab Oq masjid safarida yurib ketkach, Otabek to‘g‘ri shu Chuqur qishloq
bo‘zaxonalaridan biriga kelib tushkandek bo‘ldi. Uni kunduz kunlari bo‘zaxonada uchratib
bo‘lmasa-da, ammo bo‘zaxonag‘a kelmagan kechasi juda oz edi. Bo‘zagar Otabekning
kim bolasi ekanligini yaxshi bilgani uchun hamma ishni uning tilagiga qarab qilar, ul
keldi deguncha oddiy bo‘zaxo‘rlar yonig‘a o‘tquzmay o‘zining maxsus hujrasiga olib
kirar, boshqalarg‘a berilaturgan loyqa bo‘zadan bermay, bo‘za-ning guli bilan mehmon
qilar edi.
Hozir ham ul shu bo‘zaxonada edi. Endi uchunchi kuvachani tugatib, to‘rtinchini
chaqirg‘an edi. Bo‘zagar kirdi:
— Bo‘za beraymi, bek? — deb so‘radi.
 — Bering, — dedi va: — mashshog‘ingizni ham kirgizing!
Vaqt yarim kechadan ham og‘qan, kunduz kunidan beri ichishib charchag‘an
xo‘randalar baqirishib-chaqirishib tarqalishqan edilar. Bo‘zaxona tinchigan edi. Qo‘lmaqo‘
l yurib charchag‘an mashshoq ham bo‘shab, Otabekdan katta-katta ehsonlar ko‘rgani
uchun, vaqtning kechligiga ham e’tibor qilmay kirgan edi. Mashshoq Otabekning sarxush
qo‘lidan bir piyola bo‘zani ichkach, dutorini chertib so‘radi:
— Qanday kuyni chalay, bek aka?
Otabek sarxush tovush bilan jiddiygina qilib javob berdi:
— Bilsangiz, haydalish kuyini chalingiz, ajralish kuyini chalingiz!
Mashshoq ajabsing‘an edi:
— Dunyoda bunday kuylar borlig‘ini umrimda bi-rinchi martaba eshitaman, bek aka!
— Dunyoda bunday kuy yo‘q deb o‘ylaysizmi, siz eshitmagan bo‘lsangiz maning
eshitkanim bor... Bilmasangiz, bilgan kuyingizni chalingiz!
Mashshoq dutorini sozlar ekan, yana so‘radi:
— Bu kuylar yangi chiqg‘anmi?
— Yangi chiqg‘an.
— Qayerda eshitdingiz?
Otabekning kayfi tarqag‘andek bo‘lib, mashshoqqa qaradi:
— Bu kuylarni Farg‘onaning Marg‘ilonida eshitdim...— dedi.
Dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turg‘an mashshoq, Otabek kutmagan
joyda «Navo»dan boshlab yuborg‘an edi. Kuyning boshlanishi bilanoq uning vujudi zirr
etib ketkandek bo‘lib keyingi piyolasini bo‘shatdi va ixtiyorsiz ravishda dutorning
munglik tovshig‘a berildi. Dutor tovshi qandaydir o‘zining bir hasratini so‘zlag‘andek,
hikoya qilg‘andek bo‘lib eshitilar edi. Yo‘q, bu hasratni ul o‘z tilidan so‘zlamas edi —
Otabek tilidan so‘zlar edi... Otabekning ko‘z o‘ngidan o‘tkan kunlari birma-bir o‘tib
boshladilar-da, nihoyat «anuv» xotiralari, «anuv» hangomalari ham ko‘rinish berib
o‘tdilar... Yo‘q, o‘tmadilar... uning ko‘z o‘ngida kelib to‘xtadilarda, shu ko‘yi
turaberdilar... Dutor bu ko‘rinishni uning ko‘z o‘ngiga keltirib to‘xtatqach, bu foji’aga o‘zi
ham chidab turolmag‘andek yig‘liy boshladi... Dutor quruqqina yig‘lamas edi, balki butun
koinotni zirr etdirib va xasta yuraklarni dirr silkitib yig‘lar edi... Otabek ortiq chidab
turolmadi-da, ro‘ymoli bilan ko‘zini yashirib yig‘lamoqqa kirishdi... Ul ko‘z yoshlarini
to‘xtatmoqchi bo‘lar edi. Biroq hozirgi ixtiyor o‘zida emas edi — hamma ixtiyor dutorning
hazin «Navo»sida, toqatsiz yig‘isida edi... Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik
yuraklaridan chiqg‘an «Navo» kuyi o‘z nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda
muhtoj edi. O‘z dardiga tushungan bu yigitka borg‘an sayin dardini ochib so‘zlar, yig‘lab
va ingrab so‘zlar edi... Eshitkuchi esa dunyosini unutib yig‘lar, kuchini yig‘ishtirib yig‘lar
va hasratu alamini ko‘z yoshisi bilan to‘kib yig‘lar edi...
Nihoyat «Navo» kuyi uning butun tanidagi suvlarini ko‘zi orqaliq to‘kdirdi-da,
falakning teskari harakatidan shikoyat etib qo‘ydi va dunyoda yolg‘iz hasratkina
bo‘lmag‘anligini bildirgandek o‘zining «savt» kuyini yer yuziga shodliq va so‘yinch
yog‘dirib arz eta boshladi. «Navo»ning sihirlik «savt»i Otabekning ko‘z yoshlarini quritdida,
bir yengillik bag‘ishladi. «Navo» bilan yuvilib ketkan uning umid gulzorida yangi
chechaklar unib chiqdi...
* * *
Bu o‘lturishdan so‘ng ul bir oylab bo‘zaxonag‘a kelmay ketdi. Marg‘ilondan qaytib
kelgach, yana eski odatida davom eta boshladi...
 * * *
Otabekning o‘sha voqi’adan so‘ngg‘i Marg‘ilon qatnashlari faqat natijasiz quruqqina bir
qatnash edi. Bu qatnashning har birisida usta Alimnikiga tushar, ammo hanuz undan
o‘zining sirrini yashirib, Andijondan qaytib kelishini va yo borishini va yo‘l ustidan ko‘rib
ketish uchun kirganini aytib usta Alimni minnatdor qilar edi. Ul Marg‘ilonda ko‘b
to‘xtamas, bir kun, uzoqqa tortilsa ikki-uch kun turib qaytar, ba’zi vaqtlarda yo‘l ustidan
«Xo‘ja Ma’oz» mozorini ham tunab ketar edi. Uning o‘n kunlab yo‘l mashaqqatini o‘z
ustiga olib, Marg‘ilonda qilaturg‘an ishi shu mashaqqatlar evaziga arzug‘uliq edimi,
yo‘qmi, o‘qug‘uchi buni quyidan onglar:
Marg‘ilondan natijasiz, tamoman bo‘shka qaytib Toshkand kelgach, Kumushni
unutkandek bo‘lib uch-to‘rt kun u-bu bilan ovinib yurar, so‘ngra hafta, o‘n kundan so‘ng
yana Marg‘ilon to‘g‘risida o‘ylab boshlar, o‘ylab o‘yining tegiga yeta olmag‘ach, o‘zini
qayoqqa urishini bilmay qolar, shundan so‘ng hamma alamini Chuqur qishloqqa havola
qilib, o‘n-o‘n besh kun bosim ichkanidan so‘ng ichkulukdan ham lazzatlanmay qolar va
shuning yonida uning ko‘ngli bir narsaning bo‘yini olg‘andek sezinar, go‘yo Marg‘ilon
borsa bir gap bo‘laturg‘andek, bormay qolsa keyinchalikda o‘zi o‘kinaturg‘andek...
Shundan so‘ng to‘satdan Marg‘ilon yo‘lig‘a tushib qolar, yo‘lda borar ekan, o‘zini to‘rt
ko‘z bilan kutib turg‘andek sezilgan Marg‘ilong‘a har nimadir, bir soat ilgariroq yetish
uchun oshiqar edi. Le-kin... lekin Marg‘ilon darbozasidan kirishi ila uning holi o‘zgarib
boshlar, yuragi qinidan chiqar darajada o‘ynamoqqa olur, ayniqsa poyafzal rastasiga
yaqinlashgach, uning bu iztirobi shiddatlanur, poyafzal rastasining yaqini bilan bunchalik
o‘zgarishda qolg‘an Otabek rastaning o‘zida qanday holg‘a tushmog‘ini tasavvurdan ojiz
kelur va rasta ko‘rindi deguncha otining boshini chapka burib yuborar va orqasidan
kimningdir «...boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz... uyatsiz!» tovshi eshitilgandek
bo‘lar edi... O‘z-o‘ziga «haqiqatan men uyatsiz», deb qo‘yar va shuning ila hamma
kutilgan-kuzatilgan gaplar, besh kunlik yo‘l mashaqqatlari havog‘a ketar, hatto xayolda
emas, haqiqatda o‘ylab qo‘yg‘an qayin otasi bilan xotinini shari’atka chaqirish fikri ham
unutilar va yo‘qolur, «hiylagarning yuzini qozixonada ko‘raymi, o‘zi ham qursin, yuzi
ham!» der edi-da, otini to‘g‘ri usta Alimnikiga qarab solar edi.
Otabek usta Alimni juda yuqori darajaga qo‘yg‘a-nidek, uning majlisi bilan ham ancha
yengillashar, o‘n yillardin beri usta Alim yuragida saqlang‘an va qabrg‘a ham birga
ketishi kutilgan ishq tarixini qayta-qayta eshitkusi kelaberar, usta Alim ham o‘zining
o‘lgan Saodati to‘g‘risidag‘i ipidan-ignasigacha bo‘lg‘an xotiralarini takror-takror hikoya
qilib, hikoyasi oxirida: «Peshonamga sig‘madi-da, o‘ldi», deb qo‘yar, bu so‘z Otabekning
ham yuragiga sovuq suv sepkan ta’sirini berib, ul ham ko‘nglidan: «Manim ham
peshonamga sig‘madi-da, tiriklayin o‘ldi» degan so‘zni o‘tquzar edi. Shu holda ikki-uch
kun usta Alimnikida turg‘ach, eng so‘ngg‘i martaba Marg‘ilon bilan xayrlashkan kabi
shaharning har bir narsasiga alvido nazari bilan boqar va boshi og‘qan tomong‘a
ketkandek Marg‘ilonning o‘ng‘ay kelgan darbozasig‘a qarab yo‘l olur edi. Qo‘qonda birikki
kun, Kirovchida uch-to‘rt kun, Qurama, Telov va shuningdek, qishloqlarda ham bir
necha kunlab qo‘na-qo‘na nihoyat, Toshkandga kelib yetar yana... yana...
Otabekning Marg‘ilong‘a borib kelishi shu yo‘sunda edi. Uning sirri o‘zidan boshqa
hech kimga ma’lum bo‘lmag‘anliqdan, orada uning holig‘a kulguchi va undan hisob
olg‘uchi birav ham yo‘q, faqat ul hamma hisobni o‘z yuragidan olib, o‘z yuragiga berar
edi. Shu yo‘sun oromsizlik va besaranjomlik ichida uning oy-kunlari o‘tib turar edi.

Jonso'z bir xabar va qo'rqunch bir kecha

Bizda kim ko'p yig'laydir



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari