Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Musulmonqul

Arkoni davlat yig‘ilib, Xudoyor taxtiga mingan, Musulmonqul xon bo‘lmasa ham
xonliqdan-da yuqori bir kuchka molik bo‘lg‘an siyosat kursisiga o‘ltirgan edi. Boshlab
otaliq kirib xong‘a salom berdi va uning haqig‘a uzun duo qilib chiqdi. Otaliqdan so‘ng
o‘zga a’yon birma-bir kirib, duo qilib chiqa boshladilar. Duoxonlarning eng so‘ng‘ida
xudaychi ko‘rindi, salom va duodan keyin yuzini Musulmonqulg‘a o‘girib:
— Marg‘ilon hokimi O‘tabboy qushbegi huzuri oliylarig‘a kirish uchun izn so‘raydir! —
dedi.
Hamma fikri zikri O‘tabboy ustidagina qolg‘an Musulmonqul bu xabarni eshitish bilan
kuchlik bir tin olib hudaychiga qaradi:
— Yolg‘iz o‘zimi yoki yonida kishilari ham bormi? — deb so‘radi. Hudaychi yana bir
qulliq qildi:
— O‘n chog‘liq yarog‘liq yigitlari ham bor.
— Tag‘in-chi?
Yarog‘siz yana bir yigit ham ko‘rindi.
— O‘tabboyning o‘zini huzurimizga kirgiz, — dedi Musulmonqul, qulliq qilib chiqa
boshlag‘an hudaychini yana to‘xtatib so‘radi: — O‘tabboyning yigitlari o‘rda-ning
tashqarisidami, ichkarisida?
— Taqsir, ichkarisida.
— Yaxshi, qushbegi bizning yong‘a kirgandan so‘ng o‘rda yigitlari ularga hozir
bo‘lsinlar!
Hudaychi qulliq qilib chiqdi. Uning ketidan Musulmonqul tovshig‘a muzaffariyat ohangi
berib xong‘a dedi:
— O‘g‘rilarning ikkisi qopqonga tushdi, xon!
— Tole’imiz.
Qushbegi kirdi. Xong‘a ikki bukilib ta’zim qilg‘ach, kelib uning qo‘lini o‘pdi.
O‘tabboyning muloqoti uchun Musulmonqul ham go‘yo hech narsa ko‘rmagandek
o‘rnidan turib uning bilan quchoqlashib ko‘rishdi. O‘taboy Musulmonqulning ko‘rsatishi
bilan xonning chap tomonidag‘i kursiga o‘lturdi. Ul Musulmonqulning samimiy
muloqotidan qo‘rquvliq yuragini bir qadar to‘xtatib olg‘an edi. Kursidan yana turib xong‘a
qulliq qilib boz o‘lturdi. Musulmonqul qushbegini yer tegidan kuzatar ekan so‘radi:
— Yurtlaringiz tinchliqmi, o‘zingiz ham sog‘-misiz?
— Alhamdullilloh, yosh shohimizning davlatlari va husni tavajjuhlari soyasida yurtimiz
tinchliq, fuqaromiz javobi oliyning duoyi jonlari bilan mashg‘ullar.
Xudoyor ozg‘ina ishorat bilan unga tashakkur bil-dirdi. Bunga qarshi qushbegi
kursidan qo‘zg‘alib qulliq qildi. Musulmonqul murtini silab nimaningdir muloha-zasida
edi. Uning bu holi birar daqiqag‘a cho‘zilg‘anliqdan Xudoyor bilan qushbegi uning og‘zig‘a
tikilgan edilar.
— Sizning xabaringiz bo‘ldimi, yo‘qmi biz Tosh-kand ustiga yuborg‘an Normuhammad
qushbegidan juda yaramas bir xabar oldiq, — deb Musulmonqul O‘tabboyga qaradi,
undan xabarsizlik javobini olg‘ach, so‘zida davom etti; — Normuhammad qushbegi uch
ming sipoh bilan yetmish kun Toshkandni qamab yotib, nihoyat bir ish chiqara olmay
odamlari bilan qaytmoqqa majbur bo‘libdir. Azizbek bilan Yusufbek hojilarning aztahidil
qarshiliqlari bizning kishilarni quruq qaytarishg‘a majbur qilibdir. Mana shuning uchun
mundan keyin bizning boshqa bir yo‘l bilan ish ko‘rmagimiz taqozo qiladir... Kecha biz
kimdandir Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lg‘an Otabek deganni sizning Marg‘ilonda deb
eshitdik. Mundan so‘ngg‘i Toshkand to‘g‘risida ko‘radirgan tadbirlarimiz uchun uning
 keragi bo‘lur, deb o‘ylab siz bilan birga uni huzurimizga chaqirg‘an edik... — Bu joyda
qushbegi Musulmonqulni to‘xtatdi-da, kuldi, so‘ngra Xudoyorg‘a dedi:
— Otabek ustida ancha mojarolar bo‘lib o‘tdi. Buning hikoyasi uzun, alhol
mingboshining ra’ylarini eshitaylik... davom qilingizchi.
— Otabek o‘zingiz bilan birgami? — deb so‘radi Mu-sulmonqul, birgalik javobini olib,
tamom xotirjam’ bo‘lg‘an holda davom etdi: — Yuqorida aytkanimdek minba’d tadbir
yo‘li bilan Azizbekni yo‘qotishdan boshqa choramiz yo‘qdir. Bizning bu keyingi rejamiz
yo‘lida ish beradirgan kishi bo‘lsa ul ham menga qolsa shu Otabek bo‘lur. Chunki
boshqalarg‘a qarag‘anda uning Toshkand borishi va Azizbekning yaqin odami-ning o‘g‘li
bo‘lg‘ani uchun uning bilan aloqada bo‘lishi, zahar berish va yo boshqacha bir yo‘l bilan
uni oradan ko‘tara olishi, unga eng qulay bir ishdir. Og‘riqning tuzalasi kelsa emchi o‘z
oyog‘i bilan kelur, deganlaridek, Otabekni Marg‘ilonda bo‘lish xabarini eshitib xon bilan
men juda quvonishdiq... mana sizni chaqirishdan bo‘lg‘an maqsadimiz shudir. Yana
sizning bu haqdag‘i ra’yingiz nima bo‘lsa eshitamiz.
Musulmonqulning bu so‘zlariga O‘tabboy qushbegi tamom ishong‘an, ammo Xudoyor
ersa uning ilgarigi maqsadini yaxshi bilganlikdan bu so‘ngg‘i gaplar bilan nihoyatda
taraddudga tushkan edi. To‘g‘risi ham Musul-monqulning bu keyingi gapi kishini
mutaraddid qilmay qo‘ymas edi.
— Bu fikringiz menimcha ham ma’qul, — dedi qushbegi, — ammo bunda bir gap bor,
ul ham: Otabek bu vazifani o‘z bo‘yniga oladimi, yo‘qmi masalasidir. Chunki Otabekning
Azizbek tarafdori bo‘lg‘anlig‘iga shu o‘rtada o‘zim tegshirgan bir ish meni shubhaga
tushuradir. Shundog‘ki, mundan yigirma besh kunlar ilgari, qo‘rboshimning xabar berishi
bilan Azizbek tarafidan Marg‘ilonda to‘polon chiqarg‘ali kelgandir, deb o‘ylab, yonidag‘i
bir necha kishilari bilan zindonga soldirdim. Uning Yusufbek hojining o‘g‘li bo‘lishi ham
o‘sha mulohazamning to‘g‘rilig‘iga meni ishontirar edi. Yana qo‘rboshig‘a Otabek ustidan
shikoyat qilg‘uchining shahodati bilan bu shubhamga ishonib, mundan besh kun ilgari
Otabek bilan uning qayin otasi Mirzakarim degan marg‘ilonlikni o‘lim jazosiga hukm
qildim. Gunoh-korlarni dor ostig‘a olib ketkanlariga bir muncha fursat o‘tkan edi,
mahkamaga bir xotin hozir bo‘lib, qo‘limga bir maktub berdi. O‘qub qarasam, Azizbek
Toshkandda Qo‘qong‘a qarshi isyon chiqarmog‘i bo‘lib yurgan fursatda Yusufbek hoji
tomonidan o‘g‘li Otabekka yozilg‘an bir maktub bo‘lib manim qo‘l, oyog‘imni
bo‘shashdirdi. Chunki bu maktub Yusufbek hojining Azizbekka tamomdan qarshi bir kishi
bo‘lg‘anlig‘ini onglatar edi. Gunohkorlarni dor ostidan qaytarishg‘a majbur bo‘ldim. Men
faqat shu maktub dalolatiga bovar qilib, gunohkor-larni bo‘shata bermay, qo‘limdan
kelgancha yana tekshirib tergadim. Otabekning so‘zlari kishini tamom ishontirarliq
darajada maktubga muvofiq edi. Shundog‘ bo‘lsa ham faqat Mirzakarimni ozod qilib,
keyingi tergashlar tamom bo‘lg‘unchaliq Otabekni kafilga berdim. O‘zining biror adovati
uchun bunday gaplarni qo‘zg‘atib yurgan bo‘lmasin, deb haligi menga shahodat berganni
ushlab Otabek va boshqalar bilan yuzlashdirmoqchi bo‘lganimda nima sababdandir ul
qochdi. Shu kungacha uni topib bo‘lmadi. Muning qochishi garchi bu shahodatning birar
adovat yuzasidan bo‘lg‘an si’oyat ekanini onglatar edi ersa ham men yana hanuz
Otabekni kafolatda saqlar edimki, janobi oliydan bu xabar yetdi. Darhol Otabekni
yigitlardan o‘ratib saodatxonai shahanshohiga jo‘nadim. Otabekning Marg‘ilon mojarosi
shundan iborat bo‘lib, manimcha Otabek ustida hali shunday tergovlar borayotqan bir
vaqtda unga bundog‘ javobgarlik vazifani topshirish qalay bo‘larikin, deyman...
Musulmonquldek makkor tulkining o‘ylag‘anlarini qushbegining to‘g‘ri so‘zlari ost-ust
qilib, uning O‘tabboy to‘g‘risidag‘i sui zanlari bir muncha ozayib tushdi. Ammo
Musulmonqulning ikki kishi ustiga yo‘nalgan qahru g‘azabi o‘zining borliq dahshati bilan
 faqat Oybek ustiga tikildi va Toshkand qo‘rg‘onlari ostida qurbon bo‘lg‘an sipohlarining
qonini Azizbekning o‘ng qo‘li bo‘lg‘anning o‘g‘lidan olmoqchi bo‘ldi.
— Yusufbek hojining maktubi yoningizdadir?
— Taqsir, — dedi qushbegi, maktubni olib Musul-monqulg‘a uzatdi. Musulmonqul
o‘nda-so‘nda maktubga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, zaharxanda ichida O‘tabboyg‘a qaradi:
— Yusufbek hojining qurg‘an hiylalariga tushun-maguchi ehtimol Marg‘ilondan
topilmag‘andur! U tulki o‘z o‘g‘lini Marg‘ilonda to‘polon chiqarish uchun, deb
yuborishidayoq har bir ehtimolga qarshi bu maktubni yozib bergan, bunga Marg‘ilon
kalvaklari tushunmasalar ham biz tushuna olamiz! — dedi va mag‘rur bir tusda
Xudoyorg‘a qarab qo‘ydi. Qushbegi uning bu istehzosini yutishka majbur edi. Chunki
ozg‘ina tildan toysa o‘zi-ning ham Otabek qatoriga kiritilishini yaxshi onglar edi. Sukut
qildi:
— Hudaychi!
— Qulingiz!
— Haligi qushbegi bilan birga kelgan yigitni huzurimizg‘a hozirla!
Musulmonqulning apti ortiq dahshatlik bir holga kirgan, taxt ustiga qo‘ndirilg‘an jonlik
Xudoyor haykal ham sukutda, o‘zining nima bo‘lishig‘a tushunmagan O‘tabboy ham
borliq, yo‘qliq holatda...
Otabek hudaychi orqasidan kirib xong‘a ta’zim qildi va qo‘l bog‘lab to‘xtadi. Otabek
Musulmonqul otini, uning yirtqichlig‘ini yaxshi bilsa ham, ammo shaxsan o‘zini
ko‘rmagan, shuning uchun xonning yonidag‘i xoqong‘a iltifot etmadi. Uning bu
iltifotsizligi Musul-monqulg‘a asarsiz qolmadi-da, achchig‘i ustiga achchig‘, kek ustiga
kek qo‘shildi va shular ichida yasalib chiqg‘an bir istehzo iljayishi va bir tovush bilan:
— Manga qarang, bek yigit, — dedi. Otabek o‘ziga qarag‘ach: — Siz kim bo‘lasiz? —
deb so‘radi. Ul hanuz boyag‘i masxara holatda edi.
— Men Otabek.
— Dunyoda Otabekdan ko‘pi bormi, siz qanday Otabek?
— Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li.
— Ha-a-a, shundog‘ deng-chi... Toshkandlik Yusufbek hojikim, Azizbegimizning
gumashtasi bo‘lg‘an zoti sharifning o‘g‘illari?
Otabek bu cho‘ltog‘ supurgini tanidi va uning isteh-zolarini payqadi. U bundan so‘ngg‘i
ko‘rguligini tamom ma’nosi bilan onglab, ma’nosiz bu savollarga javob berib o‘lturishdan
sukutni xayrlik topdi. Go‘yo o‘zining bu sukuti bilan Musulmonqulg‘a ma’nolik bir javobni
ifoda qilar edi. Chindan ham Musulmonqul bu sukutdan tahqirlandi, tutuni ko‘kka
ko‘tarilar ekan baqirdi:
— Nega javob bermaysan?!
— Siz meni qanday tanig‘an bo‘lsangiz-bo‘lingiz, men o‘shandog‘ kishining o‘g‘li, —
dedi bek. — Men bilan otam siz bilan qushbegiga bir necha turlik bo‘lib tanilsaqla, o‘z
vijdonimiz oldida bir turlikkinadirmiz! Shuning uchun siz tilagan tarafingizga hukm
qilingizda, buyrug‘ingizni beraveringiz!
Musulmonqulning yuzidagi boyag‘i achchig‘lar yerini bir zavqlanish vaziyati oldi.
Kulimsirash ichida Otabekni kuzatar ekan:
— Dav yuraging bor ekan, yigit... Hayfki, gunohing bo‘yningda, — dedi va chaqirdi: —
Jallod!
Eshik yonida kutib turgan oyboltaliqlar harakatlandilar:
— Xanjarimiz qonsirag‘an!
Jallodlarning oldida kirgan hudaychi xong‘a arz qildi:
— Toshkanddan bir chopar bor, huzuringizga kirish uchun izn so‘raydir!
 Xudoyor Musulmonqulg‘a qaradi. Musulmonqul ersa Otabekni jallodga topshirish
uchun o‘nglang‘an tilini qisishg‘a majbur bo‘ldi. — Kirsin! — dedi va o‘zidan amr kutib
turgan jallodlarga: — Bir ozdan so‘ng, — dedi, chiqib turmoqqa ishorat qildi. Negaki,
choparning Toshkanddan bo‘lishi bu hukmda bir oz shoshmasliqni istar, chopar vositasi
bilan ham bu hukm ehtimol haqlik bir hukm bo‘lib chiqar va Musulmonqul ham loaqal o‘z
umrida bir martaba bo‘lsa-da, o‘rinliq qon to‘kkan bo‘lar edi.
Otabek garangsigansumon devorga suyangan, mundagi allaqanday ma’nolarni
onglatqan taxt, toj, xon, bek kabi lash-lushlar uning ko‘z o‘ngida qora pullik qadru
qiymatsiz... To‘g‘risi ul ajib bir tabi’atka kirgan, uning vujudi quruq va hissiz... Yo‘q, ul
sezsa-da, bilsa-da, go‘yo oyog‘, qo‘li bog‘lanib bo‘g‘izlanishga hozir-langan bir qo‘y kabi
qayralayotgan pichoqqa butunlay parvosiz, qo‘rquvsiz tomosha qilar edi. Bu turmish, bu
hokimiyat, cheki ko‘rinmagan bu qorong‘iliq... uning uchur sira qiziqarliq emaslar: ul
yo‘q edi — tinch edi, ul keldi — tinchimadi, ul yana yo‘q bo‘lsa ehtimol yana tinchir edi.
Mana shuning uchun ham ul bezraygan edi. Faqat... faqat shu turmishdagi biravgina
uning ko‘nglidan tezroq yuvilmas va yuvilishi ham qiyindek... Nihoyat, bundan ham
qutilg‘andek bo‘ldi. Ammo... ammo so‘ng nafasida uning bilan vido’lashsa, bo‘g‘zig‘a
xanjar botar ekan, uning yuziga qarabqina ko‘zi nursiz-lansa... Uning hamma orzusi shu
edi hozir.
Hudaychi choparni boshlab kirdi. Chopar nomani tiz bukib Xudoyorg‘a topshirg‘ach,
orqasiga qaytib, ko‘zini devordagi bezrayganga tashlamasunmi... Ul o‘zining xon
huzurida bo‘lg‘anini ham unutdi-da, o‘zini Otabek ustiga tashladi, Toshkand choparining
bu kutilmagan harakati xonni, Musulmonqulni, qushbegi ham hudaychini va ol-ding‘i
zolda o‘lturgan a’yonni bir hayratda qoldirg‘an edi. Otabekning tasallo berishi bilan
Hasanali undan qo‘l tortdi ersada, biroq undan hayajon, yig‘i hali arimagan edi.
— Adab! — deb qichqirdi Musulmonqul, so‘ngra o‘ziga qarab qo‘l bog‘lag‘an
Hasanalidan so‘radi, — sen kimning chopari?
— Normuhammad qushbegining.
— Qayerdan?
— Toshkanddan, taqsir.
Musulmonqul taajjub ichida o‘ziga Xudoyor tomo-nidan uzatilg‘an nomani oldi. Ochib
kishi eshitarlik qilib o‘qudi:
«Yosh xonimizg‘a va padari arus shahanshohi Musulmonqul bahodir huzurlariga. Yosh
shohimizning baxt va tole’lari ruhsiz tanlarimizga qayta boshdan ruh, ma’yus
ko‘ngillarimizga qaytib chiqmasliq umid bag‘ishladi. Faqir qullari mundan to‘rt kunlar
ilgari Toshkanddan sipohlar bilan umidsiz qaytishga majbur bo‘lib, ul to‘g‘rida
huzurlariga xabar ham yuborg‘an edim. Shu holda biz sipohlar bilan Kirovchi yaqinig‘a
yetkan ham edik, orqamizdan bir chopar Toshkandda Azizbekka qarshi isyon
boshlang‘anini, bizni ko‘mak uchun Yusufbek hoji-ning Toshkandga chaqirg‘anlig‘ini
so‘zlab, uning ismidan bir maktub berdi. Men darhol sipohlarni Toshkand qaytishga
buyurdim-da, xabar olg‘ani ikkinchi kuni Toshkandga yetdim. Biz Toshkandga kirganda
Yusufbek hoji boshliq olomon Azizbekni o‘rda ichiga qamab yotar ekanlar. Olomon,
ayniqsa, Yusufbek hoji bizni juda yaxshi qarshiladilar. Biz borg‘andan keyin o‘rdaga
bosib kirdik-da, Azizbekni ushlab oldiq. Boshda men Yusufbek hojini balki, Toshkand
bekligi uchun ta’malanur deb o‘ylag‘an edim. Ammo uning butun o‘rda va xazina, ashyo
va yaroq-larini manim qo‘limg‘a topshirishi bu fikrimni bo‘shka chiqardi. Yusufbek hoji
nihoyatda ta’masiz, xalq manfaatini kuzatkuchi bir odam ekan. Binoan alayhi uning
to‘risidag‘i bizning sui zanlarimiz xato bo‘lib chiqadir. Uning Azizbekka qarshi xalqni
oyoqlandirishi ham bizning Toshkanddan jo‘nashimizning ikkinchi kuni Azizbekning
nechog‘liq siqilg‘an xalq ustiga o‘ttuz ikki tangadan chochkan solig‘i bo‘libdur. Toshkand
 xalqi Azizbekning hiylasiga aldanib, bizga yog‘iyliq qilg‘ani uchun pushaymon va uning
zulmidan qutilg‘ani vajdan xursanddir.
Men Yusufbek hojining bunchalik katta xizmati evaziga xon hazratidan ulug‘ bir
martaba olib berishka va’da bergan edim. Ul bunga qarshi uzr aytib, Toshkandga insoflik
bir bek belgulansa, manim uchun kifoya, dedi. Uning xon janobidan kutkan bir
marhamati bor ekankim, shu yaqinda savdo bila Marg‘ilonda yurgan yolg‘iz o‘g‘lini
nomalum bir sabab ila O‘tabboy qushbegining qamag‘anlig‘ini eshitibdir. Uning bu
xizmatini birar mukofotka arzigulik ko‘rsalar, o‘shal qamoqda bo‘lg‘an o‘g‘lini ozod etmas
uchun xon hazratlarining iladirg‘an inoyatlari har bir narsadan ham unga azizroq bir
mukofot bo‘lur. Faqat qulingizcha ham Yusufbek hojining davlatimiz ustiga qo‘yg‘an bu
minnati kichkina gap emasdir. Binoan alayhi uning o‘g‘li garchi o‘lim jazosig‘a sazovor
bo‘lsa ham, marhamati shohonaning jo‘shg‘a keltirilishi biz navqarlariga ham muvofiq
ko‘riladir. Vaqtincha Toshkand bekligiga Qo‘shdodqoni belgulab, yoniga bir muncha
sipohlar berdim. O‘zim Azizbekni olib tezda xizmatlariga yursam kerak, Normuhammad
qushbegi, muhr”.
Musulmonqul maktubni tugatdi-da, uyatsiz ravishda Otabekka qarab iljaydi va
hudaychiga buyurdi.
— Ikkita zarrin to‘n keltir!
Otabekning mo‘jiza qabilidan so‘ng daqiqalarida ikkinchi qayta qutilishni ko‘rgan
O‘tabboy qushbegi beixtiyor yoqasini ushladi. Xudoyorxon ham yirtqich qayinotasining
changalidan qutilg‘anini tabrik qil-g‘andek Otabekka kulib boqdi.
Musulmonqul oqsoqlanib, o‘z qo‘li bilan Otabekka zarrin to‘n kiyguzar ekan:
— Otangizning katta xizmati soyasida o‘limdan qutilg‘aningizdek zarrin to‘nliq ham
bo‘ldingiz, — deb yana bir qayta uyatsizlandi.
Tag‘in bir necha kun turib qaytmoq uchun Otabek Marg‘ilong‘a, Hasanali ota Yusufbek
hojini tinchitish uchun Toshkandga jo‘nadilar.


Birinchi bo‘limining so‘ngg‘i
U Z R
Ro‘mon deb sizga taqdim qilingan bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka
uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi. Nihoyat, bu kun bosilishi
muyassar bo‘lg‘anida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz
tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari
orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sunda chiqdi. Bularning sababi
bosilish chog‘ida o‘zimning hozir bo‘la olmag‘anlig‘im bo‘ldi. Ammo bu o‘rinda o‘zimning
jaholatim to‘g‘risida aytib turishni lozim ko‘rmayman-da, faqat o‘qug‘uchilarning
afvularini so‘rayman.
Ro‘monning ikkinchi bo‘limini bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera
olmasam-da, ammo bosilish taqdiri noshir qo‘lida bo‘lg‘anlig‘ini bildirib qo‘yaman.

Ota-ona orzusi

Bir g'aribi beshora



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari