Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Jonso'z bir xabar va qo'rqunch bir kecha

Agar olg‘an hisobimiz to‘g‘ri chiqsa, bu gal uning Marg‘ilong‘a quruq qatnab
yurishining yettinchi qaytasi edi. 1267-inchi yilning kuzi — bu voqi’ag‘a o‘n sakkiz, o‘n
to‘qquz oylar o‘tib ketkan edi.
Ertalabki choydan so‘ng, usta Alim o‘zining qaynisi bilan oshxonasi yonig‘a yangigina
qurg‘an to‘quv do‘konlari yonida ipakka ohor berish ila ovora edi. Ammo ul bo‘lsa,
do‘konxonaning ustuniga suyalgan ko‘yi qandaydir bir o‘y bilan mashg‘uldek ko‘rinar,
ustaning Toshkand to‘g‘rilarida bergan savollariga «shundoq, ha, yo‘q, albatta» kabi
qisqa javoblar bilan qarshi turar edi. Ul shu ko‘yi yarim soatlar chamasi so‘zsizlik
so‘nggida, so‘zsizgina ko‘cha eshik tomong‘a chiqib keta boshladi, usta Alim ko‘zini
ishidan uzib so‘radi:
— Yo‘l bo‘lsin, Shokirbek?
Otabek yo‘lak yonidan javob berdi:
— Shaharni bir aylanib kelmakchiman.
— Juda yaxshi, — dedi usta va: — ammo peshindan kechka qolmang, men oshni
damlab sizni kutib o‘lturaman, tuzikmi?
— Tuzik, — dedi Otabek va yo‘lakdan o‘tib eshik oldig‘a — ko‘chaga chiqdi. Chiqishi
bilan narigi eshikdan Sodiq ham ko‘rinib qoldi-da, Otabek bilan to‘qnash keldi. Sodiq
iltifotsizgina unga qarab olg‘ach, shosha-shosha o‘ngdagi tor ko‘chaga yurib ketdi. A
Otabek to‘g‘rig‘a, katta ko‘chaga qarab yurdi. Havo bulut edi.Oq bulutlar bo‘lg‘anliqdan
quyoshning nuri uncha kesilmagan, quyosh to‘r ro‘ymol ichida o‘lturg‘an kelinlar kabi yer
yuziga suzilib qarar edi. Bulutlarning ohistagina say-ridan sezilar-sezilmas hafif bir
shamol yurib, yengilgina bir izg‘iriq ham yuzga kelib to‘qunar, bu izg‘iriq kishiga uncha
rohatsizlik bermasa-da, lekin qayerdadir dog‘ qi-lin--moqda bo‘lg‘an zig‘ir moyining
achchig‘ isini dimog‘qa kelturib urishidan kishiga bir behuzurlik hosil bo‘lar edi. Otabek
yo‘lning ayrilishig‘a borib to‘xtag‘an edi. Yuzidan ikkilanish holati sezilar edi. Bu holat ikki
yo‘l ustida voqi’ bo‘lg‘anliqdan onglanmog‘i yengil, chunki bir tomonda poyafzal
rastasining yo‘li, ikkinchi yoqda to‘g‘ri ko‘cha edi. Uzoq to‘xtab turmay sobit va kuchlik
adimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu ko‘cha uning yuziga qizarib-oqarish va
bo‘zarib-sar-g‘ayish tuslari berar edi, yana har holda ul sobitqadam edi, o‘sha voqi’adan
so‘ng, onalar ta’biricha, «ilon chiqg‘an» bu ko‘chaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi.
Ko‘chaning burilishida yana bir oz uning adimlari sekinlashsa ham, lekin oldinlashini
qo‘ymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimlik darbozasi ko‘rinib turar edi... Darboza
yonidag‘i mash’um tol daraxti ham nomuborak bir ishka guvohlik bergan kabi bo‘lar edi.
Borliq kuchini asabiyat markaziga yig‘ib, tag‘in bir qayta darbozaga qarab oldi. Bu
qarashida butun o‘tkan kunla-rini yana bir qayta xotirlag‘andek bo‘ldi va ihtizozot
orasida uflab yubordi. Ko‘ringan gilos yog‘ochlarining ostida bir vaqtlarda kimdir birav
uni kutib olar edi, endi-chi... Endi kimni kutar ekan?— degan savol miyasini shipirib
ketdi... Ul Kumushni tamoman o‘z muhabbatida boqiy deb bilar va otasining zulmiga
mahkum, deb tushunar edi. Shuning uchun ko‘ringan gilos yog‘ochi-ning kuz bilan
sarg‘ayg‘an bargidek Kumushning za’faron yuzini ko‘rdi, o‘zi uchun emas, uning qalbi
parchalang‘andek bo‘ldi. Hozir ul kutilmagan bir jasoratka molik bo‘lg‘an kabi edi.
Kiraymi, deb o‘yladi, bevosita o‘zi bilan onglashaymi, deb jasoratlandi... Lekin... lekin
darbozaning qarshisidag‘i mash’um tol yog‘ochi unga qarab kulgandek bo‘lar edi:
«Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz, orsiz...»
Ul darbozaga yaqinlashayozgan edi, nimadandir cho‘chib chetka burildi. Chunki
darbozadan chiqib qolg‘an ikki kishini ko‘rib, bularning birini qayin otasi bo‘lib
chiqmog‘idan hurkkan edi. Haytovur chiqg‘uchilar begona odamlar bo‘lib, oldinga toba
 yuriy boshladilar. Boyag‘i «...orsiz» jumlasi bilan uning kirish fikri tamoman so‘ngan edi.
Ammo «biravlar» to‘g‘risida nima bo‘lganda ham bir gap eshitmak havasi tug‘ilg‘an edi.
Bu chiqg‘uchilar garchi qutidorning iti haqida bo‘lsa-da, bir ma’lumot beralar-ku, deb
o‘yladi va ularga yetib olish uchun adimlarini kengaytirdi. Ulardan uch-to‘rt adim berida
borar edi. Baxtka qarshi ular churq etmaygina ketar edilar. Nihoyat, yuz adimcha
borgandan so‘ng, ulardan so‘z eshitishka to‘g‘ri keldi; birisi ikkinchisiga dedi:
— To‘y bilan nikohni bu kunga qilg‘animiz yaxshi bo‘ldi.
— Nima, juvonga ham to‘y boshqa, nikoh boshqa bo‘larmidi? Bordi-keldi bitta juvon
qizi bor-ku, munga to‘yni boshqa, nikohni boshqa qilamiz deganiga hayronman.
— Axir qutidor ham boobro‘ odam-da, — dedi bi-rinchi kishi.
Jonso‘z bu xabarni eshitkan Otabeknnig hushi boshidan uchkan kabi bo‘ldi-da, adim
uzgan joyida mixlangandek qotib qoldi. Go‘yo ustidan bir chelak qaynag‘an suvni
ag‘darg‘an edilar-da, butun terisi oyog‘iga sidirilib tushkan edi... Besh daqiqalab yo‘l
ustida esankiragan, hushsizlangan ko‘yi qotib turg‘ach, moshinavori birdan yurib ketdi...
«Kishining xotinini taloqsiz chiqarib ol-da, bu kun erga ber», dedi va telbalarcha nima
uchundir kulib qo‘ydi, o‘z-o‘ziga so‘zlanib Marg‘ilon ko‘chalarida tentaklarcha yugura
boshladi. Uning bu kungi holig‘a qarash yuraklarni yorg‘anidek tasvirga ham qalam kuchi
ojizdir...
* * *
Oyning o‘n beshlari bo‘lsa-da, havoning bulutlig‘i bilan oy ko‘rinmas, chin ma’nosi
bilan qorong‘i kuzning qorong‘i bir tuni edi. Bir necha yuz yillardan beri yashab
favqulodda zo‘rayib ketkan «Xo‘ja Ma’oz» mozorining chakalagi bu qorong‘iliqqa bir
manba’ kabi edi. Kuchlik bir yel turg‘an, qandaydir bir ishka hozirlang‘an kabi to‘rt
tomong‘a yugurib yurar edi. Mozor chakalagining bir burchagida tutab yotg‘an to‘nka
yonida sochlari o‘sib soqolig‘a qo‘shilib ketkan bir devona bu mudhish qorong‘iliqqa
qarshi kurashkan kabi gulxanni yondirishg‘a tirishar, gulxan tavaragidan aylanib
qo‘lidag‘i kasavi bilan to‘rt tomonidan kovlar edi. Yel borg‘an sayin kuchlana bordi,
chakalak tartibsiz holg‘a kirib ketdi, bitta-yarimta to‘kilmay qolg‘an yaproqlar shitir-shitir
to‘kilishka oldilar, qarg‘a va zog‘chalar ayni uyqu zamonida tinchsizlagani uchun yelga
qarshi na-moyish qilg‘andek g‘o-g‘u bilan chakalak ustidan aylana boshladilar. Yel
kuchaygandan kuchayib borar va shu nusbatda mozor ichi ham yana bir qat qo‘rqunch
holg‘a kirar edi, yel ketma-ket bo‘kurar, bunga chiday olmag‘an shox-shabbalar qarsqurs
sinar, keksa yog‘ochlar g‘iyq-g‘iyq etib yolborish tovshi chiqarar edilar. Yel ortiqcha
bir g‘azab ustida edi, yer yuzidagi tikkaygan narsani bukib-yanchib tashlamoqchi
bo‘lg‘andek pishqirar edi. Chinorlardan birisini yerni titratib yiqitdi, devonaning gulxanini
ham to‘nka-po‘nkasi bilan ko‘tarib chakalakning ichiga otdi. Butun mozor ichini o‘t
uchquni ila to‘ldirib, yana ko‘rinishka boshqacha bir tus berdi. Mozorni bu holg‘a
solg‘andan so‘ng go‘yo shuning uchun g‘ayratlangandek bir oz pasaya tushdi, och
qolg‘an sher kabi pishqirib bo‘kirishlari bosilg‘andek bo‘ldi. Yarim soat chamasi
jonsarakka uchrab uchib yurishka majbur bo‘lg‘an qarg‘alar yelning g‘azabi bosilg‘anini
bir-birlariga xabar bergandek g‘o-g‘u bilan eski o‘rinlariga qo‘na boshladilar. Ko‘kni o‘rab
olg‘an qora bulutlar ham to‘s-to‘ska bo‘linib, oy ham qora parda ichidan yarim yuzini
ochib yer yuziga mo‘ralab qo‘ydi. Gumbazning qarshisidag‘i ikki tup keksa chinorning
iskelet kabi quruq shoxlarig‘a yel bilan allaqayoqlarg‘a uchub ketkan boyqushlar to‘pi
ham kelib qo‘na boshladilar. Oy parchalang‘an qora bulutlar bilan bekinmachoq
o‘ynag‘an kabi hali ko‘rinib, hali yashirinar edi. Ul yer yuziga kulib qarag‘anda mozorning
chakalak qismiga aytarlik o‘zgarish bera olmasa-da go‘riston qismidagi do‘mboq
qabrlarni va ularning ustidagi marmar qabr toshlarini chuqur bir sukut ichida ekan,
 taqdim qilar edi. Boyqushlar uyasi bo‘lg‘an ikki tup chinorning qarshisida gunbazga
ro‘baro‘ qilib so-ling‘an ayvon-ziyoratxona bor, ammo oy tik ko‘tarilganlikdan
ziyoratxona ichi qop-qorong‘i edi. Chinor shoxlari tasbeh kabi chizilg‘an boyqushlar bilan
to‘lg‘an. Ular oy nuridan uncha xursand emaslar, chunki oy yer yuziga kulib qaray
boshlasa, ular boshlarini kaftlari ichiga oladirlarda, dum-dumaloq bo‘lib siqilib ketadirlar.
Oy bulutlar ostig‘a kirsa, ular rohatlang‘an kabi chig‘-chig‘-chig‘, ki-ki-ki qilib sayrab ham
yuboradirlar. Bu vaqt shu boyqushlar sayrog‘i ichidan ingranish kabi bir tovish ham
eshitilgandek bo‘ladir.
Masjid manorasidan ruhoniyyat yog‘dirib munglik azon tovshi eshitildi-da, uyqu
quchog‘ida yotqan tabi’at uyg‘onib javob bergan kabi jong‘irab ketdi. «Ollohu
akbar»ning so‘ngg‘i takrorida Otabek ziyoratxona ayvonidan tushdi-da, shildirab oqib
turg‘an ariq yonida tahorat olishka o‘lturdi...

Kelib qaramag'an baxt

"Navo" kuyi



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari