Sahifa yuklanmoqda . . .


O'tkan kunlar Bek oshiq

Saroy tinch uyquda, tun yarim. Hasanali hujraning uzun burama qulufini ochib
ichkariga sham’ yoqdi va bekning to‘shagini yozib uning kirib yotishini kutib turdi. Ammo
Otabek nima uchundir tez kira bermadi. Hujra eshigini ochilg‘anidan, sham’ yoqilib, o‘rin
yozil-g‘anidan go‘yo xabarsiz kabi ustung‘a suyalg‘ancha qotib turar edi.
— O‘rningizni yozdim, bek.
Otabek bu so‘z bilan hujraga kirdi va borib to‘shagi yonig‘a o‘lturdi. Hasanali bekning
yeshinib yotishini kutib turar, chunki uni yotquzib yoqilg‘an sham’ni o‘zi bilan narigi
hujraga olib chiqmoqchi edi. Biroq Otabek to‘shagi yonig‘a o‘lturdida, yana o‘ylab qoldi...
Otabek bir necha kunlardan beri Hasanalining ko‘ziga boshqacha ko‘rinar edi.
Hasanali Otabekda shu kungacha ko‘rilmagan qiziq bir holatka besh-olti kundan beri
ajabsinib yurar edi. Hasanalini ajabsindirgan holat ham bekning shuning singari xayol
ichida barchani unutib qo‘yishi va boshqa ishlarga e’tibor va parvosizligi edi.
Hasanali bekning hozirg‘i ipidan-ninasigacha bo‘l-g‘an qiziq holini uzoq kuzatib turdi.
Lekin Otabek xayol surishdan zerikmasa ham Hasanali kuzatishidan zerikdi.
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
Otabek bu gapni onglamadi shekillik, Hasanalining yuziga ko‘tarilib qaradi-da, yana
ko‘zini bir nuqtag‘a tikib qoldi. Bu holatdan Hasanalining andishasi ortib, bekning
bunchalik angravlanishig‘a qanday ma’no berishini ham bilmas edi. Otabek shu holda
tag‘in qanchag‘achadir o‘lturdi, nihoyat uyqudan uyg‘ong‘an kishidek so‘chib o‘zini
kuzatkuchiga qaradi:
— Chiqib yotmaysizmi?
— Menda yumushingiz yo‘qmi?
— Nima yumushim bo‘lsin, sham’ni ham olib keting.
Hasanali sham’ni olib, o‘z hujrasiga chiqdi. Uning hujrasi Otabekning bilan bir qatorda
bo‘lib, gazmol, poyafzal va shuning singari mollar ila to‘lg‘an va Otabekdan boshqa,
alohida hujrada turishi ham shu mollarni saqlab yotish uchun edi. Hasanali o‘rnini yozar
ekan «tavba» deb qo‘ydi.
Yuqorida so‘zlang‘anidek, Otabekdagi bu holatni biror haftalardan beri payqasa ham
hozirgidek andishaga tushmagan va bunchalik diqqat etmagan edi. Xo‘ja-zodasidagi bu
holat uni har turlik mulohazalarga olib keta boshladi. To‘shagi ustiga o‘lturib, oq soqolini
o‘ng qo‘li bilan tutamlab o‘ylar edi: savdo to‘g‘risida biror xato qildimi, Ziyo
shohichinikida taomdan tuzukroq to-tinmadi, biror og‘rig‘i bormikan... Musofirchiliqda
og‘risa... Ammo bu mulohazalarining bittasiga ham o‘zi qanoatlanmadi. Zero savdo
to‘g‘rilari undan yashirin emas, og‘rig‘anda ham albatta shikoyat eshitar edi.
O‘ylab-o‘ylab bir narsaga ham aqli yetalmagach, o‘rnidan turib toqchada yonib turgan
sham’ni o‘chirdi. Hujra orqa-o‘ngni ajratib bo‘lmasliq qorong‘ilandi. Qo-rong‘ida turtinib
hujra eshigiga keldi-da, avaylab g‘ijirlatmay eshikni ochdi va sekingina tashqarig‘a bosh
chi-qarib saroyni kuzatdi. Kishi yo‘qliqqa qanoat hosil etib, mahsichan oyog‘ini ohista
qo‘yib Otabek hujrasining yonida to‘xtadi, saroyni yana qarab chiqdi. Saroy qopqorong‘
i, tinch uyquda, ammo bu tinchlikni saroy ot-xonasidagi otlarning kart-kurt
xashak chaynashlari va atrofdagi xo‘rozlarning qichqirishlarig‘ina buzar edilar. Hasanali
sekingina daricha ostig‘a yotib hujra ichiga quloq soldi. Hujra ichi tinch edi. Oradan uchto‘
rt daqiqa fursat o‘tib hujradan ship etkan tovush eshitmadi. Tag‘in bir necha daqiqa
quloq uzmay turib, so‘ngra o‘rnidan qo‘zg‘almoqchi bo‘lg‘an edi, ichkaridan «ufff» degan
ixrash eshitdi. Hasanalining quloqlari tikkayib o‘rnidan turdi, ko‘zi olalang‘an edi.
— Bek og‘riq, — dedi ko‘ngildan va jazmlanib hujra eshigiga yurib keldi. Eshikni ochib
Otabek yonig‘a kirmoqchi edi. Eshikni itarishka borg‘an qo‘lini qoldirib «balki og‘riq
 emasdir» deb to‘xtaldi. Yana kiraymi, yo‘qmi, deb ikkilanib turg‘andan keyin yurib,
o‘zining hujrasiga keldi. Ammo Otabek to‘g‘risidagi tashvishi boyag‘idan o‘n qayta ortqan
edi. Yeshinib uxlarg‘a yotqan bo‘lsa ham bekning xususi uni ko‘z yumg‘ali qo‘ymadi. Bek
to‘g‘risida har turlik xayollarga bormoqda edi. Yusufbek hojining «O‘g‘lim yosh, sen
dunyoning issiq-sovug‘ini tatig‘an va manim ishongan kishimsan. O‘g‘limning har bir
holidan xabar olib turish sening vazi-fangdir», deb ta’kidlashi, Otabekning onasi —
O‘zbek oyimning yoshliq ko‘z bilan: «Seni xudoga, Otamni senga topshirdim!» — deb
yolborishlari, zorillashlari uning quloqlari ostida takrorlang‘andek bo‘lar edilar. Uxlab
ketalmadi. Ko‘ynakchan egniga choponini yopinib o‘rnidan turdi, hujradan chiqib Otabek
darichasi ostig‘a yana kelib o‘lturdi.
Tun ayoz, izg‘iriq yel to‘rt tarafka yugurib jon achitmakchi bo‘lar edi. Hasanali yarim
yalang‘och holda junjayib daricha ostida, izg‘iriq quchog‘ida o‘lturar erdi. Ul yegan
sovug‘ig‘a iltifot etmas, vujudini izg‘iriqqa topshirib, fikrini hujra ichiga yuborg‘an edi.
Hujra ichiga bir muncha quloq solib o‘lturgandan keyin, uzun tin olib boshini tirqishdan
uzdi, Otabekning pishillab uxlag‘an tovshini eshitib bir darajada tinchlandi. Vasvasadan
ariyozg‘an bo‘lsa ham o‘rnidan qo‘zg‘almadi, nima uchundir tag‘in ham sovuqqa junjib
o‘ltira berdi. Oradan yana bir necha daqiqa fursat o‘tib, Hasanali tamom tinchlandi, ham
turib ketmakchi bo‘ldi va shu holatda ichkaridan uyqusirash eshitdi:
— «Qora ko‘zlari, kamon qoshlari...»
— A-a-a, — dedi Hasanali va qaytadan qulog‘ini tirqishg‘a olib bordi. Endi uning
butun borlig‘i quloq bo‘lib aylangan, o‘zini unutib barcha diqqati hujra ichiga oqg‘an edi.
O‘rtadan ko‘b fursat o‘tmadi, boyag‘i uyqusirash yana takrorlandi:
— «Oy kabi yuzlar, kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar... Uff».
Hasanali uchun birinchida onglashilmay qolg‘an ma’nolar bu keyingi gap bilan
yeshildi. Hasanali endigi o‘lturishni ortiqcha topib o‘rnidan turdi, hujrasiga kirar ekan,
boshini chayqab o‘zicha so‘zlandi:
— Bek oshiq!
O‘rni ustiga choponini yopdi-da, ko‘rpasi ichiga kirib o‘lturdi va «chindan oshiqmi?»
degan savolni ko‘nglidan kechirdi. Tanish bo‘lmag‘an bir shaharda kimning bo‘lsa ham
qizig‘a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig‘ uyquda ham... masalaga bu jihat
bilan qarab bekning ishqig‘a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog‘i
ostida bekning o‘z og‘zidan eshitilgan— «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar...» jumlalari
takrorlang‘andek bo‘lib xo‘jazodasidagi bir necha kunlik o‘zgarishka muhabbatdan
boshqa hodisa, deb ma’no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o‘ng-tersini
aylandirib muhokama qildi va o‘lchadi. Hasanalining o‘zi tarozuning ishonmasliq
pallasida bo‘lsa ham — «kulib boqishlar, cho‘chib qochishlar» hamon quloqlari ostida
takrorlanar edilar. Tun tong otarg‘a yaqinlashg‘an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik
bu muammoni yesha bilmas edi. Ko‘b o‘ylasa ham bir qarorg‘a kela olmadi. Ammo
ertaga bekning o‘zini sinab ko‘rmakchi bo‘lib ko‘zi uyqug‘a ketdi.

Marg'ilon havosi yoqmadi

Xon qizig'a loyiq bir yigit



Yangi Romanlar Abdulla Qodiriy Romanlari Abdulla Qodiriy asarlari