Sahifa yuklanmoqda . . .


Notanish odam

Ovga borayotgan edim, havo aynidi. «Bahor havosi-da, bir sevalab o‘tar», deb ketaverdim. Biroq sal o‘tmay yomg‘ir shunday quyib berdiki, birpasda ust-boshim ho‘l bo‘lib, badanimga yopishib qoldi. Shunda, turgan yerimdan ikki yuz qadamcha narida jar va jarga tushaverishda ovchilar, yo‘lovchilar qo‘nib o‘tadigan kamarcha borligi yodimga tushdi. Jarga yaqinlashishim bilan shuvoq isi aralash tutun dimog‘imga urdi. Kamarga kirdim. O’rtada gulxan yonar, chetroqda oqchil chakmon kiygan, o‘rta bo‘y bir kishi eshagining ayilini bo‘shatardi.
— Salomaleykum.
Notanish odam menga qaradi-da, boshimdan-oyog‘imgacha ko‘z yugurtirib chiqdi. U qirg‘iz bashara, lekin qoshlari quyuq, qirq yoshlardan oshgan, baquvvat kishi edi.
— Vaalekum.
O’t boshiga cho‘nqaydim. Etigimni sug‘urib, tagini olovga qaratib qo‘ydim. Pidjagimni yechib, tizzamga yoydim. Notanish odam gulxan yoniga qaytdi, bir dasta shuvoqni tagiga qo‘yib o‘tirdi.
— Xo‘-o‘sh, yo‘l bo‘lsin, yigit? — dedi u. Uning ohangida allanechuk kinoya borga o‘xshab ketdi.
— Ovga, qishloqdan, — qisqa javob berdim.
— Hali ovchiman dang? — daf’atan pixillab kuldi u va gulxanga o‘tin qalay boshladi.
«Ovchiman! Buning nimasi kulgili?!» deb jerkib bergim keldi-yu, «ha!» deb qo‘ya qoldim.
— Nega yomg‘irda qoldingiz? — so‘radi u jilmayishini qo‘ymay.
— Qoldim-da.
— Yomg‘ir yog‘ishini bilmadingizmi?
— Qaydan bilay.
— Bulutni ko‘rib edingizmi?
— Ha.
— Gallamang, ko‘rganingiz yo‘q.
— Obbo, mendan… nima istaysiz o‘zi, amaki?
Suhbatdoshim menga xotirjam ko‘z tashlab oldi.
— Kerakli narsani ko‘ra bilishingizni istayman xolos. Ko‘rgan bo‘lsangiz: bulut tog‘dan emas, cho‘ldan ko‘tarilayotgan edi. Ko‘rinib turiptiki, bu bulut to‘kkan yomg‘ir ancha-muncha mahalda tinmaydi. Agar bulut tog‘dan pastlagan bo‘lsa, uning yo‘rig‘i boshqa edi. Shuni ko‘ra bilganingizda, ilgariroq o‘zingizni panaga tortardingiz, suvga cho‘milib, bunday qunishib o‘tirmas edingiz.
Men tishimni tishimga bosib, jim qoldim.
Yomg‘ir quyyapti. Kamarning «pesh buruni»dan tosh «ostonasi»ga sharillab loyqa, qizg‘ish suv to‘kilyapti. Nam shuvoq hidi anqiydi. Notanish odam o‘rnidan turdi.
— Xafa bo‘lmang, yigit.
Chaqmonning yoqasini ko‘tarib, boshini qopladi, kamardan chiqdi. Sal o‘tmay yarmisi ho‘l bir quchoq o‘tinni ko‘tarib kirdi. Uni kamarning to‘rrog‘iga eltib tashladi-da, menga qaramay, «isina bering», deya yana chiqib ketdi.
«Isina bering? Olovini minnat qilganimi!» Pidjakni kiyib, o‘rnimdan turdim. Kamardan chiqarkanman, notanish odamni ko‘rdim. U pastda, soyning yoqasida yugura-yela, daryo toshqini toshlarning tagiga tiqib tashlagan shox-shabbalarni terardi. «Ha, pishiq odam. Bu o‘tinlarni uyga olib ketadi. Eshagiyam tayyor». Notanish odam o‘tin uchun kamar bilan soy orasida yana uch-to‘rt marta qatnagach, kiyimlarini siqib, joyiga kelib o‘tirdi. Menga ko‘z qirini tashlab, o‘chayotgan cho‘g‘larni dag‘al barmog‘i bilan titkiladi.
— Tomosha qiling, yomg‘irning yog‘ishida ko‘ngilga yoqadigan bir dilgirlik bo‘ladi, — dedi u. — Ko‘p yaxshi narsalar yodga tushadi. Ayniqsa o‘t yonida o‘tirib tomosha qilsang. Keling-e, yigit, o‘tiring.
Men, o‘zim ham bilmayman, nima uchundir yumshab qoldim.
Belbog‘ini yechib o‘rtaga yoydi. Eshakdagi xurjundan bitta yog‘liq patir bilan beshta qo‘y qurtini olib belboqqa qo‘ydi:
— Dasturxonga qarang.
— Rahmat, qornim to‘q.
— Rahmatni yegandan so‘ng aytasiz.
Men bitta qurtni olib shimiy boshladim.
Ikkalamiz ham jim, tashqarida shuvillab yog‘ayotgan yomg‘irga qarab o‘tiribmiz. Soy sohiliga ko‘kchil tuman o‘rmalayapti. Sohilning so‘l tomoni bug‘doyi kuyib ketgan paykalday qorayib ko‘rinadi. Uning ustiga bulutlardan yo‘l-yo‘l zangor chiziqlar osilib tushgan. Bora-bora u chiziqlar oqardi, qorayib ko‘rinayotgan yerlar ham yorishdi. Atrof oydinlashib, ufq kengayib ketdi. Quyosh chiqdi. Biz ham kamardan chiqdik.
— Xayr, yigit, ovingiz baror olsin, — dedi u. — Mening gaplarimdan xafa bo‘lmang.
U eshagiga mindi. Mening xayolimga u terib kelib kamarga tashlagan o‘tinlar keldi.
— Amaki, o‘tiningizni unutdingizmi deyman?
— Yo‘q, yigit, unutganim yo‘q, — kulimsiradi u, — siz uyga olib ketadi deb o‘yladingizmi? Uyimda o‘tinim bor. Mana, seryomg‘ir kunlar boshlandi. Siz-u bizga o‘xshagan biror yo‘lovchi bu kamarga kirib qolgudek bo‘lsa, sovuqqa qunishib o‘tirmasdan, tayyor o‘tinni yoqib isinadi, shular uchun terdim.
U ketdi. Men kamar og‘zida, undan ko‘z uzolmay qarab qoldim.

1960


Ushbu realistik hikoyani nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
16-Fevralda yuklangan

209 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
odam tanish bahor ov havo jar yo'lovchi kamar o't yomg'ir yigit yo'l kulgi qishloq istak o'tin uy eshak gulxan dasturxon qurut patir xayol quyosh bulut cho'l tog' amaki isinish soy past qo'l barmoq
Muallif
Shukur Xolmirzayev

Shukur Xolmirzayev

Shukur Xolmirzayev zamonaviy o‘zbek nasrining zabardast vakillaridan biridir. U adabiyot maydoniga 1950-yillarning oxirida kirib kelgan. Dastlabki asarlaridan boshlab hayotning o‘ziga yaqin va tanish jihatlarini qalamga olgan, tasvirda samimiylikka intilgan, qahramonlar ruhiy olami tahliliga alohida e’tibor bergan.

Batafsil


Yangi Realistik hikoyalar Shukur Xolmirzayev Realistik hikoyalari Shukur Xolmirzayev asarlari