Sahifa yuklanmoqda . . .
13 Nov 1912, Namangan shahri da tavallud topgan
Feb 1944, Rossiya, Kemerova viloyati da vafot etgan
3322 marta ko'rildi
30-yillarning ko‘zga ko‘ringan, el og‘ziga tushgan iste’dodli shoiri Usmon Nosir 1912 yil 13 noyabrda Namangan shahrida dunyoga keldi. Yoshligi Qo‘qonda bolalar uyida o‘tgan Usmon o‘rta maktabni bitirgach, 1931 yildan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Samarqand Davlat universitetining til va adabiyoti fakultetida Amin Umariy, Adham Hamdamlar bilan birgalikda tahsil oldi.
Usmon Nosirning ilk she’rlari maktabda o‘qib yurgan vaqtlaridayoq matbuotda ko‘rina boshlagan edi. Shoirning «Quyosh bilan suhbat» (1932), «Safarbar satrlar» (1932), «Traktorobod» (1934), «Yurak» (1935), «Mehrim» (1936) kabi she’riy to‘plamlari, «Norbo‘ta» va «Naxshon» dostonlari birin-ketin nashr qilindi. Uning «Norbo‘ta» (1932) asarida O‘zbekistondagi fuqarolar urushi mavzui, «Naxshon»da qardosh arman xalqi farzandlarining ozodlik uchun intilishlari kuylangan bo‘lsa, antik dunyodagi qullar kurashi «Nil va Rim» kabi poetik asarlarida o‘z aksini topti.
Usmon Nosir she’riyati, avvalo, hayotiyligi, jozibadorligi va isyonkorligi, ayni chog‘da sodda va ravonligi bilan kitobxon qalbidan chuqur o‘rin olgan.
Usmon Nosirning tarjima sohasidagi xizmati ham bebahodir. Uning tarjimasida Pushkinning «Boqchasaroy fontani», Lermontovning «Demon» («Iblis») dostonlari o‘zbek kitobxonlarining qalbiga yetib borgan.
Jo‘shqin iste’dod egasi Usmon Nosirning asarlari hamisha kishini hayajonga soladi. Usmon Nosir qatag‘on davrining qurbonlaridan biri sifatida yosh umrini sho‘ro lagerlarida azob-uqubatda o‘tkazib, tutqunlikda 1944 yili vafot etgan.
Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: