Sahifa yuklanmoqda . . .


O'zbek qizlari

Bu Momo Havodan ularga odat:
Ushlasa gul ushlar qo`lini faqat,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin
O`psa faqat shamol o`par yuzlarin.
Bu Momo Havodan ularga odat:
Nozik belda qirqta kokili qavat,
Silasa yomg`irlar silaydi faqat,
Ko`rsa faqat osmon ko`rar ko`zlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Jilmaysa nur yog`ar gul yanoqlardan,
Sir yashirar hatto qizg`aldoqlardan.
Oftob botgandan so`ng xilvat bog`lardan,
Behuda izlamang sira izlarin —
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin.
Ko`ngli daryoday keng, mehri ulug`vor,
Dugonasi Hayo, dugonasi Or.
Ayting, farishtadan nima farqi bor,
Kuyovga chiqmagan o`zbek qizlarin?..
Bardoshi oldida tog` — oddiy tuproq,
Ular etagidan jannat bir qadam.
Beayb Parvardigor, degandek biroq,
Yoq emas kichkina kamchiligi ham.
Sevadi, 
Kuyadi,
Qiladi alam,
Dorga osing, ammo aytmas birovga.
Aytmay sevishini sevganiga ham,
Tegib ketaverar boshqa kuyovga!


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

113 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
o'zbek qiz momo havo odat gul qo'l kuyov shamol yuz bel kokil qavat yomg'ir osmon ko'z jilmayish nur yanoq sir qizg'aldoq oftob xilvat bog' iz ko'ngil daryo mehr dugona hayo or farishta farq bardosh tog' tuproq jannat parvardigor
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari