Sahifa yuklanmoqda . . .


Tun. Bebosh shamollar bastalab kuyin...

Tun. Bebosh shamollar bastalab kuyin,
So’ng uni chizar gul chechaklariga.
Menga sezdirmasdan bir qizcha yig’lar
Berkinib tushimning burchaklariga.

Uzun tutqatordan yugurar tinmay,
Ko’zida qotadi arqon-arg’imchoq.
Haqiqat qidirib chiqqan edi u,
Lek yo’lda yolg’onlar ochdilar quchoq.

Bobosidan qolgan cho’pontayoqday
Qadrli bilardi hamma odamni.
Samimiy hislarga intiq yuragi
Asrab qololsaydi qora olamni…

Axir, u quyoshga bormoqchi edi,
Qanot o’stirmoqchi edi yelkalar.
Bulut ko’paygandan ko’payib ketib,
Uni o’rab oldi sovuq ko’lkalar.

Menga sezdirmasdan bir qizcha yig’lar,
Berkinib tushimning burchaklariga.
Katta hayot unga yoqmagan emish,
Zolimlar kirgan so’ng ertaklariga.

Tun. Bebosh shamollar bastalar kuyin,
Bir hadik uyg’onar jajji qushlarda.
Ko’ngilda uxlagan bolalar bedor-
Yoshin asrolmasdan yig’lar tushlarda…


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 20-Aprelda yuklangan

134 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tun shamol kuy gul chechak qizcha yig'i tush burchak tut qator ko'z arqon arg'imchoq haqiqat yolg'on quchoq bobo cho'pon tayoq qadr odam his yurak olam quyosh qanot yelka bulut ko'lka hayot zolim ertak hadik qush
Muallif
Saodat Fayziyeva

Saodat Fayziyeva

Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Saodat Fayziyeva She'rlari Saodat Fayziyeva asarlari