Sahifa yuklanmoqda . . .


"Xoh inon, xoh inonma" radifli g'azal

 

Sensen sevarim, xoh inon, xoh inonma,

Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma.

 

Hijron kechasi charxi falakka yetar, ey moh,

Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma.

 

Haqqoki qilich kelsa boshimga, eshikingdin

Yo‘qtur guzarim, xoh inon, xoh inonma.

 

Usruk ko‘zing ashkolina har gah nazar etsam,

Qolmas xabarim, xoh inon, xoh inonma.

 

Ya’qub bikin ko‘p yig‘idin qolmadi sensiz

Nuri basarim, xoh inon, xoh inonma.

 

Oy yuzung‘a ko‘z solg‘ali o‘zga kishi birla,

Yo‘qtir nazarim, xoh inon, xoh inonma.

 

Ishq o‘tida Lutfiy yuzi oltunni yoshurdi,

Ey siymbarim, xoh inon, xoh inonma.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 02-Yanvarda yuklangan

4056 marta ko'rildi

16 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevar qon jigar hijron kecha charx falak moh oh sahar qilich bosh eshik guzar usruk ko'z ashkol nazar xabar ya'qub yig'i nur basar oy yuz o'zga kishi ishq o't lutfiy oltun siymbar
Muallif
Lutfiy

Lutfiy

(1366-1465) XV asr ikkinchi yarmigacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotining eng mashhur lirik shoiri. Shuning uchun ham zamonasining ahli adabi va ahli fuzalosi uni «malik ul-kalom», ya’ni «so‘z podshosi» deb e’zozlagan. Manbalarda taxallusi oldidan «ulug‘ ustod» ma’nosidagi «Mavlono» sifatining qo‘shib tilga olinishi ham shundan. Obro‘yi va shuhrati shu darajaga yetgan ediki, Alisher Navoiy uni o‘zining ustozlaridan biri deb biladi. Buni shoirlar haqidagi «Majolis un-nafois» tazkirasidagi shu ulug‘ shoir haqida aytilgan quyidagi iliq so‘zlar ham isbotlaydi: «Mavlono Lutfiy o‘z zamonasining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi va turkcha devoni mashhurdur».

Batafsil


Yangi Yakpora g'azallar Lutfiy Yakpora g'azallari Lutfiy asarlari