Sahifa yuklanmoqda . . .


Sumalak va toshlar haqida ertak

Dunyo yuzga niqobin tutib
Ko’zimizni boylar ekan-da-
Men ukam deb opichgan umrim
Ulg’aymoqda ikki yelkamda.

Bahor kelsa, sochpopuk taqib,
Sumalakka izlardim toshlar.
Menga popuk bergan majnuntol
Endi g’amdan ertaklar boshlar.

Omonlig-u esonlik tilab,
Buvam duo qilardi uzoq.
Ona, nega yuzingiz so’lg’in,
Ota, nechun qo’lingiz qadoq?

Ko’klam boshlar eski kuyini-
Umringizdan uchdi bir fasl.
Nahot, o’tgan kunlar yodiga
Qabr qazib yursak muttasil?!

Qo’llarimda siqildi toqat,
Yuragimga rang berdi isyon.
Umidvor bir qadamlar bilan
Yo’lim burdim sumalak tomon.

-Farishtalar siylagan ne’mat,
Niyatlarni aylaysan bajo.
Quloq tutgin o’tinchlarimga:
Biroz ortga qayrilsin dunyo..

Mana, o’tdi yana bir sinov-
Taroziga terildi dardlar.
Layli tilin yutganmi, soqov,
Ko’rinmadi qayssifat mardlar.

Xo’roz aytar eski qo’shig’in,
Almashadi tabiat rangi.
Tanbur chertdi olisda darvesh,
Yig’latmadi ammo jarangi.

Buvim aytar o’lanni bilgan
Momolarni olmoqda tuproq.
Men “tinmas”dan bezor onamga
Ukam savol beradi kamroq.

Osmonlarga termulib turib,
Orzu ko’rdim bulut safida.
Singlim hayron varaq uzatdi-
Yozibdi u ozon haqida.

Yuragimda uyg’ondi sanchiq,
Nahot, hamma boshqacha mendan?
Va berkindim she’rim ortiga,
O’sha junun anglangan kundan.

Balki erta yo’qolar ko’zyosh,
Yurak qilmay qo’yar ishini.
Kecha popuk taqqan qizchalar
Suvga aytmas biron tushini.

O’zgaradi kitoblar qayta,
Mehrsozlik qilinar ermak.
Lek beshikda yotgan bolalar
Eshitishsin hamisha ertak.

Aylanadi dunyo o’qida,
Bir rostlikdan tiklanar holim:
Ertak tinglab o’sgan boladan
Ikki dunyo chiqmaydi zolim!


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 21-Aprelda yuklangan

87 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
dunyo yuz niqob ko'z uka umr yelka bahor soch sumalak iz tosh popuk majnuntol g'am ertak omonlik esonlik tilak buva duo ona ota qo'l qadoq ko'klam kuy fasl kun yod qabr toqat umid farishta layli qays
Muallif
Saodat Fayziyeva

Saodat Fayziyeva

Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Saodat Fayziyeva She'rlari Saodat Fayziyeva asarlari