Sahifa yuklanmoqda . . .


Qo'yabering...

Shamol sabab, ehtimol, 
Tunda eshik g'ichirlar. 
Boshlanadi, qishloqda
Shunda pichir-pichirlar.

Sizga nima? 
Siz uxlang, 
Hech ishingiz bo'lmasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Oshiqlarim - oshiqdek
Mayli, ko'ngil xushlasin, 
Ikki oshiq istasa, 
Shamol bilan mushtlashsin.

O'ksimasin qiz qalbi, 
Yigit rayi o'lmasin, 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

G'iybat qilmang yigitni, 
Uyaltirmang qizni ham. 
Shunday o'tli muhabbat
Siylar bo'lsin sizni ham.

Bir sovuq so'z tufayli, 
Sevgi bog'i so'lmasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Ilk sevgidan iymanib, 
So'ng pushaymon yonsa ham, 
Sepli qizga suykanib, 
Epli qizdan tonsa ham.

Nasib etmay yor vasli, 
Endi hajri qiynasin!.. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...

Ikki yorti bosh uzra
Porlasin ishq quyoshi. 
Qizga hayo, yigitning
G'urur bo'lsin yo'ldoshi.

Diydoriga bir-birin
Termulishib to'ymasin. 
Kimda kimning ko'ngli bor, 
Qo'yavering, o'ynasin...


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

479 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shamol ehtimol tun eshik qishloq ish ko'ngil oshiq musht qiz qalb yigit ra'y o'lim g'iybat uyat o't muhabbat so'z sevgi bog' pushaymon sep ep nasib yor vasl hajr qiynoq bosh ishq quyosh hayo g'urur yo'l diydor
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari