Sahifa yuklanmoqda . . .


Qariqiz

Osuda, tinch yo'ldan ham yurak yutib o'tar jim,

Topilmaydi olamda yuragiga mutarjim,

Kim bilsin, balki u ham shahzodasin kutar jim,

Axir, o'z baxtin kutib yashaydi-ku bari qiz,

Singlisini uzatib, o'zi qolgan qariqiz.

 

Bolalikka yo'lak yo'q. Oldga ham. Bir joyda lol,

Halinchakka osilib o'z-o'zicha ochar fol:

Balki bugun yo erta yoki indin, ehtimol...

Foli o'zgaga to'g'ri - o'ziga teskari qiz,

Qo'shni uyda kul bo'lib yor-yor aytar qariqiz.

 

Chehrasi dog'li deya havas qiladi Oyga,

Sochining bir tolasi zarbidan sinar oyna.

Tushin aytmaydi hatto tushunmaydi deb soyga,

Ko'nglining girdobidan qo'rqar, tubsiz qa'ri, qiz,

Xayolida baliqlar bilan suzgan qariqiz.

 

Bormi unga dugona, bormi dardin so'rovchi?

Bormi uning zoriga yetadigan zo'r ovchi?

Bu eshikni har kimsa qoqar - ko'rinmas sovchi,

Ostona hatlab endi chiqmas o'zi nari qiz,

Soyasi - o'zi, soya bo'lib qolgan qariqiz.

 

Halqa-halqa mung sochar qaroqlari havoga,

«Kimning qobirg'asiman?» - bo'zlar Momo Havvoga,

U ham gul-ku - bir kuni ochilishga da'vogar,

Ochilsa, hovlisini jannat qilar pari qiz,

Yaproqlari ostida ifor to'la qariqiz.

 

Ona - tinsiz: keksargan yuragin timsoh g'ajir,

Ota - tilsiz: qarigan manglayi g'ij-g'ij ajin,

Yo, Xudoyo, sen bu uch qulingga o'zing achin,

Ketayapti kun sayin, oy sayin Sen sari... qiz,

Ko'zlaridan to'kilib duolari - qariqiz...

 

Ko'ksimga xanjar sanchdim-qonday chiqdi bu she'rim

O'ttiz uch yil to'lg'ongan jonday chiqdi bu she'rim,

Rosti, o'zim bilmayman, qanday chiqdi bu she'rim..

Ko'zyoshingday samoda omonat Yer shari, qiz,

To'kma, yo'qsa, yo'qlikka yo'l olamiz, qariqiz!..

                                                                      1999


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi She'rlar Nodir Jonuzoq She'rlari Nodir Jonuzoq asarlari