Sahifa yuklanmoqda . . .


Iltijo

Bahor kelsa boshlanar bog‘da bulbul xonishi,

Sa’va, qumri nag‘masi, suralay tovlanishi.

Qirlarda lola sayli, qishlovlarda yilboshi,

To‘xtagay tabiatdan haqqushlar zorlanishi —

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

Qilmishi qing‘ir zotga davr qayda, davron qayda?

Vatangado kimsaga beminnat makon qayda?

Yolg‘iz otga olamda nom qayda, nishon qayda?

Bahor, sensiz sahro-yu tog‘-u toshga jon qayda?

Ketma, bahor, mening bog‘imdan.

 

O‘lmaslikka ishora — o‘langa oshiqligim,

Saodatga ishora — zamonga oshiqligim,

Teranlikka ishora - ummonga oshiqligim,

Go‘zallikka ishora — bo‘stonga oshiqligim —

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

Bukun qay bir yerda qish, qayda xazonrezgilik,

Qaylarda yoz, qayda kuz, qayda jondan bezgilik,

Ko‘klamning har nafasi umrga arzigulik,

Bog‘siz, bog‘bonsiz yerda ne ham qilsin ezgulik...

Ketma, bahor, mening bog‘imdan.

 

Giyoh bilan qoplanmish ko‘hna qabr boshlari,

Maysadagi shudringlar kimlarning ko‘zyoshlari?

Bu yerda yotar otam ham uzangidoshlari,

Har bahor eslar uni qavmi qarindoshlari —

Bahor, ketma mening bog‘imdan.

 

Yoz bo‘yi qorga zorman, qishda bahorga zorman,

Chamanda gul bo‘yiga intiqman, intizorman,

Kuz kelmay xazon bo‘lgan sevgi, guldan bezorman,

Bahorsiz ham diyorsiz el ichra benazarman –

Bahor, ketma mening bog‘imdan.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

569 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
bahor bog' iltijo bulbul sa'va qumri suralay nag'ma xonish qir lola sayl qish yil tabiat haqqush zot davr vatan minnat makon ot olam tog' tosh sahro xazon yoz kuz jon nafas umr giyoh qabr bosh maysa shudring
Muallif
To'ra Sulaymon

To'ra Sulaymon

(1934-2005) O‘zbekiston xalq shoiri, o‘z ijodi bilan o‘zbek she’riyatiga qadim xalqona ohanglarni qaytarishga uringan iste’dodli adib To‘ra Sulaymonning qator she’rlari o‘zbek xonandalari tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib, millionlab odamlarning ko‘ngliga kirib bordi. Bu qo‘shiqlardagi o‘zbekona ohanglar tinglovchini o‘ziga rom etadi, qayta-qayta eshitishga chorlaydi.

Batafsil


Yangi She'rlar To'ra Sulaymon She'rlari To'ra Sulaymon asarlari