Sahifa yuklanmoqda . . .


Dasht haqida ballada

Erkin A'zamovga bag‘ishladim

Tog‘lar kichraydi. Pasaydi osmon.
Yashab bo‘lmaydi-ku, axir engashib...
Jo‘nadim balandroq osmonlar tomon —
Ortimdan Boysunning dashti ergashdi...

Meni ishonmadi ufqlarga u,
Dosh berib tezlikning shamollariga.
Ortimdan yugurdi, yugurdi yohu,
Qoqilib temiryo‘l shpallariga.

Vagonga chiqazib qay bir bekatda.
Koyidim:— Bu ishdan zarra yo‘q ma'ni!..
U ruhsiz cho‘zildi tepa qavatga,
Biletsiz va pulsiz yo‘lovchi kabi.

So‘ng shahar ko‘chasi, xiyobonlari
Aro kezdim — joylab dilimga uni —
Odam-u mashina olamonlari
Toptab ketishmasin kup-kunduz kuni.

Davr-u davron surdim har hafta ko‘chib,
Ijara uylarning shavqi yodimda!
Qattiqqo‘l xo‘jayin ko‘zidan cho‘chib,
U beun yashadi mening yonimda.

Muhabbat lovullab kirdi yurakka,
Ilk bora alamli so‘zlar tingladim.
Yuzlarimni bosib xor-u xashakka,
Dashtimni quchoqlab tunlar yig‘ladim.

Bahorda ko‘karib, kuzda sarg‘ayib,
Sukunat-u qorga o‘ranib qishda,
G‘o‘ra she'rlarimga boqdi mung‘ayib...
Xullas, sodiq bo‘ldi har ezgu ishda!

...Ammo, nima qilib qo‘ydi bu yillar!
Garchi men, munaqqid aytganday, "o‘sdim"—
O‘rtamizga kirdi qay ayyor jinlar,
Ko‘p xona uyimga sig‘maydi do‘stim.

Yalinaman unga:
— Bor, Boysunga bor!
Shaharga yarashmas sahroyi so‘xtang.
Borsang — shamol tayyor, yomg‘ir ham tayyor,
Tog‘lar orasida yashaysan ko‘rkam.

Pand-u nasihatlar berib tolaman,
Aldayman:
— Yur, ketdik ifor tergani...
Har bahor dovdirab Boysun boraman,
Boysunga dashtini tashlab kelgani...

Qaytaman. Ammo dasht sezib ulgurar...
Dosh berib tezlikning shamollariga,
Ortimdan halloslab, shoshib yugurar,
Qoqilib temir yo‘l shpallariga.

Uyimga gezarib kirib kelaman,
Meni asra endi, inglizcha qulf!
Shundoq ostonada dasht qolar garang,
Eshikka termulib "uf" tortadi... Uf!

Mana, tong chog‘ida ishga ketyapman.
Yurak, azobdasan — qanday dard ezar?
Junjikib, egasiz it kabi g‘amgin
Vokzal maydonida yolg‘iz dasht kezar...


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 11-Aprelda yuklangan

541 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
dasht ballada tog' osmon boysun ufq tezlik shamol temiryo'l shpal vagon bekat ish ma'ni ruh qavat bilet pul yo'lovchi shahar ko'cha xiyobon dil odam mashina davr ijara tun yig'i muhabbat yurak she'r bahor sukunat
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari