Sahifa yuklanmoqda . . .


«Bu ko’ngul» radifli g'azal

 

Meni shaydo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul,

Xor-u rasvo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

O’qdayin qomatimizni qora qoshlig’lar uchun

Muttasil yo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

Meni yozg’urma «sevar» debki mening haddim emas,

Ul tamanno qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

Borma derlar eshiki sori damo-dam, netayin,

Ko’p taqozo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

Tori mo’yin havasi birla qorong’u kechada

Jonni savdo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

Dushman-u do’st orasinda meni g’ofilni (mudom),

Besar-u po qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.

 

O’zgadin ko’rmaki ko’zung yoshini, ey Lutfiy,

Ayni daryo qiladurg’on, bu ko’nguldur, bu ko’ngul.


Ushbu yakpora g'azalni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 02-Yanvarda yuklangan

198 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shaydo xor rasvo ko'ngul o'q qora qosh yo had tamanno eshik taqozo tor mo'y havas kecha jon savdo o'zga ko'z yosh ayn daryo lutfiy dushman do'st sar po
Muallif
Lutfiy

Lutfiy

(1366-1465) XV asr ikkinchi yarmigacha bo‘lgan o‘zbek adabiyotining eng mashhur lirik shoiri. Shuning uchun ham zamonasining ahli adabi va ahli fuzalosi uni «malik ul-kalom», ya’ni «so‘z podshosi» deb e’zozlagan. Manbalarda taxallusi oldidan «ulug‘ ustod» ma’nosidagi «Mavlono» sifatining qo‘shib tilga olinishi ham shundan. Obro‘yi va shuhrati shu darajaga yetgan ediki, Alisher Navoiy uni o‘zining ustozlaridan biri deb biladi. Buni shoirlar haqidagi «Majolis un-nafois» tazkirasidagi shu ulug‘ shoir haqida aytilgan quyidagi iliq so‘zlar ham isbotlaydi: «Mavlono Lutfiy o‘z zamonasining malik ul-kalomi erdi, forsiy va turkiyda naziri yo‘q erdi va turkcha devoni mashhurdur».

Batafsil


Yangi Yakpora g'azallar Lutfiy Yakpora g'azallari Lutfiy asarlari