Sahifa yuklanmoqda . . .


Armon

Bobomning orzulari amalga oshmas bo‘lsa,

Yurgan yo‘limda o‘lan, qo‘shiq qalashmas bo‘lsa,

Qo‘shiqlarim bog‘lardan, tog‘lardan oshmas bo‘lsa,

El-yurt baxtini kuylash menga yarashmas bo‘lsa,

Ko‘nglimda armon yotar

Cho‘kib qolgan nor misol.

 

Bemavrid xeshlarimning ko‘zlarida yosh ko‘rsam,

Bir mard bilan nopokning taqdirin tutash ko‘rsam,

Qaysi bir begunohni keng yo‘lda adash ko‘rsam,

Bir betayin kimsaning oyog‘ida bosh ko‘rsam,

Ko‘nglimda armon yotar

Terskaydagi qor misol.

 

Aro yo‘lda qolguday bo‘lsa biror yo‘ldoshim,

Manzilga yetmay turib, qoqilsa qayg‘udoshim,

Muhtoj bo‘lsa kimgadir, jon ayamas qurdoshim,

Badkor degan nom olsa biror bir vatandoshim,

Ko‘nglimda armon yotar

Ulab bo‘lmas tor misol.

 

Gulzorni alaf bossa, zog‘ bossa bog‘bon turib,

Muallaq qolsa kimdir, yer turib, osmon turib,

Bir gazanda toptasa tuproqni posbon turib,

Bir yo‘rtoq yo‘l boshlasa, qudratli karvon turib,

Ko‘nglimda armon yotar Buzilgan ro‘zg‘or misol.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

1077 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
armon bobo orzu amal yo'l qo'shiq o'lan bog' tog' el yurt baxt kuy ko'ngil nor yosh mard nopok taqdir gunoh kimsa qor nom vatan tor gul alaf zog' yer osmon qudrat karvon ro'zg'or gazanda
Muallif
To'ra Sulaymon

To'ra Sulaymon

(1934-2005) O‘zbekiston xalq shoiri, o‘z ijodi bilan o‘zbek she’riyatiga qadim xalqona ohanglarni qaytarishga uringan iste’dodli adib To‘ra Sulaymonning qator she’rlari o‘zbek xonandalari tomonidan qo‘shiq qilib kuylanib, millionlab odamlarning ko‘ngliga kirib bordi. Bu qo‘shiqlardagi o‘zbekona ohanglar tinglovchini o‘ziga rom etadi, qayta-qayta eshitishga chorlaydi.

Batafsil


Yangi She'rlar To'ra Sulaymon She'rlari To'ra Sulaymon asarlari