Sahifa yuklanmoqda . . .


Shahar, men ertaga ketaman...

Shahar, men ertaga ketaman,
Ko’changda qolmaydi izlarim.
Sen qancha niqoblar kiydirma-
Qishloqda qoraygan yuzlarim.

Shahar, men ertaga ketaman,
Yana bir ko’ngilni asrashga.
Imkonim ortiq jon kuydirmas
Ko’ksi bo’sh qiz bo’lib yashashga.

Shahar, men ertaga ketaman,
Ko’zingda qonarmi ufqlar?
Sening tosh ko’changdek tekismas,
Qo’limni bezagan chiziqlar.

Shahar, men ertaga ketaman,
Ichimda havorang gul undi.
Qaytarman yana muz bag’ringga,
Yomg’irlar shiviri bor kunda.

Shahar, men ertaga ketaman,
Qishloqda tutlarim bo’zlaydi.
Bilmadim, men ketsam, tunlari
Senga kim ertaklar so’zlaydi?

Shahar, men ertaga ketaman…


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 20-Aprelda yuklangan

222 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shahar ko'cha iz niqob qishloq yuz ko'ngil imkon jon ko'ksi qiz ko'z qon ufq tosh qo'l bezak chiziq ich havo rang gul muz bag'ir yomg'ir shivir kun tut tun ertak so'z
Muallif
Saodat Fayziyeva

Saodat Fayziyeva

Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Saodat Fayziyeva She'rlari Saodat Fayziyeva asarlari