Sahifa yuklanmoqda . . .
Bekat chorlar har tong-saharda,
Avtobus-la yelar xayolim.
Tushda uchgan samolaridan
Yana yerga kelar xayolim.
G’ildiraklar to’xtar. Qarshimda
Ishxonaga yetaklar so’qmoq.
Va hayotning necha soatin
Qog’ozlarga berib yashamoq.
G’arib kunga qo’ymoqqa nuqta
Qasd qiladi quyosh burib yuz.
Meni qog’ozlarning ichidan
Uyga olib kelar avtobus.
Termulaman deraza osha,
Ne manzillar qoladi ortda.
Ko’zimdagi g’amning tomchisin
Kulgim bilan ushlayman shartta.
Yana… tongga qo’yaman qadam,
Yana o’sha g’amgin avtobus.
Eh bechora, sening yelkangda
Faqat aniq manzillar, afsus…
Zerikarli ranglar bag’rida
Dil uxlaydi ocholmay ko’zin.
Nomi turli, ichi bir ishlar
Umrimga hech bermaydi to’zim.
Avtobusim, qonunni buzib,
Biletlarni yirtolasanmi?
Faqat bugun birgina marta
Ko’ngilyurtga eltolasanmi?!
Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.