Sahifa yuklanmoqda . . .


Vaqt

(Menga soat taqdim etgan jiyanim mayor

Hamidulla Husan o’g’liga bagishlangan)

G’uncha ochilguncha o’tgan fursatni

Kapalak umriga qiyos etgulik,

Ba’zida bir nafas olgulik muddat –

Ming yulduz so’nishi uchun yetgulik.

 

Yashash soatining oltin kapkiri

Har borib – kelishi bir olam zamon.

Koinot shu damda o’z qo’rasidan

Yasab chiqa olur yangidan jahon.

 

Yarim soat ichida tug’ilib, o'sib,

Yashab, umr ko’rib, o’tguvchilar bor;

Ko’z ochib yumguncha o’tgan dam qimmat,

Bir lahza mazmuni bir butun bahor.

 

Bir onning bahosin o’lchamoq uchun

Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.

Nurlar qadami-la chopgan sekundning

Barini tutolmas ayuhannos ovoz.

 

Yigit termuladi qizning ko’ziga,

Kiprik suzilishi, mayin tabassum...

Qo’sha qarimoqqa muhr bo’ladi

Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.

 

Yashash darbozasi ostonasidan,

Zarhal kitob kabi ochilur olam.

Tiriklik ko’rkidir mehnat, muhabbat,

Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.

 

Qatrada osmon aks etganidek,

Jahonday ma’nodor qorachig’imiz.

G’olib asrimizga quyoshdan mash’al,

Zamon qo’rasining so’nmas cho’g’imiz.

 

G’alaba amri-la mag’lub nemisning

Generali qo’l qo’ydi. Uch sekund faqat...

Shu mal’un imzoda odamlar o’qur

Million yil fashistning umriga la’nat.

 

Aziz asrimizning aziz onlari,

Aziz odamlardan so’raydi qadrin.

Fursat g’animatdir, shoh satrlar-la

Bezamoq chog’idir umr daftarin.

 

Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek,

Diana ma’badin yoqmoq shart emas,

Ko‘plarning baxtiga o’zlikni jamlab,

Shu ulug’ binoga bir g’isht qo’ysak bas.

 

Har lahza zamonlar umridek uzun,

Asrlar taqdiri lahzalarda hal.

Umrdan o’tajak har lahza uchun,

Qudratli qo’l bilan qo’yaylik haykal.

 

Hayot sharobidan bir qultum yutay,

Damlar g’animatdir, umrzoq soqiy.

Quyoshki falakda kezib yuribdi,

Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.

1945


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

3660 marta ko'rildi

15 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
g'uncha vaqt fursat kapalak umr nafas muddat yulduz soat oltin kapgir olam zamon koinot jahon dam ko'z lahza bahor on baho nur sekund ovoz yigit qiz kiprik tabassum lab ostona kitob odam qadr shoh satr daftar
Muallif
G'afur G'ulom

G'afur G'ulom

(1903-1966) Falsafiy obrazlilik, umumbashariy ezguliklarning san’atkorona tarannumi shoir ijodining eng muhim fazilatlaridan sanaladi. Sharq va G’arb ilg’or madaniyatining chuqur bilimdoni bo’lgan G’afur G’ulom nasriy, publitsistik, tarjima asarlari bilan ham o’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos ibratli iz qoldirdi.

Batafsil


Yangi She'rlar G'afur G'ulom She'rlari G'afur G'ulom asarlari