Sahifa yuklanmoqda . . .


Sog'inish

Zo’r karvon yo’lida yetim bo’tadek,

Intizor ko’zlarda halqa-halqa yosh.

Eng kichik zarradan Yupitergacha

O’zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh,

 

Uzilgan bir kiprik abad yo’qolmas,

Shunchalar mustahkam xonai xurshid.

Bugun sabza bo’ldi qishdagi nafas,

Hozir qonda kezar ertagi umid.            

 

Xoki anjir tugab, qovun g’arq pishgan,

Baxtli tong otar chog’ uni kuzatdim.

Bir mal’un gulshanga qadam qo’ymishkan,

Joni bir jondoshlar qolarmidi jim.

 

Unda yetuk edi meros mard g’urur,

Ostonani o’pib, qasamyod qildi.

Ukalarin erkalab o’zimday mag’rur,

Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi.

 

Iblisning g’arazi bo’lgan bu urush

Albatta yetadi o’zin boshiga.

O’g’lim omon keladi, g’olib, muzaffar,

Gard ham qo’ndirmasdan qora qoshiga.

 

Ne qilsa otamen, meros hissiyot...

Jondan sog’inishga uning haqqi bor.

Kutaman, uzoqdan ko’rinsa bir ot,

Kelayapti, deyman ko’rinsa g’ubor.

 

Bahor novdasida bo’rtgan har kurtak

Sog’ingan ko’ngilga berar tasalli.

Ko’chatlar qomati eslatganidak,

Nafasin ufurar tong otar yeli.

 

Kechqurun osh suzsak bir nasiba kam,

Qo’msayman birovni – allakimimni.

Doimo umidim bardam bo’lsa ham,

Ba’zan vasvasalar bosar dilimni.

 

Balki bir g’alat o’q, yo xavf-u xatar

Xazinai umrimdan yo’qotdi olmos...

Yo’q, u o’lmas, qadami olam yaratar,

Hayotiy bu olam siz-u bizga xos.

 

Tong otar chog’ida juda sog’inib,

Bedil o’qir edim, chiqdi oftob.

Loyqa xayolotlar chashmaday tindi,

Pok-pokiza yurak bir qatra simob.

 

O’rog -u gulqaychi, istak ko’tarib,

Hovrimni bosishga boqqa jo’nadim.

Hasharchi qo’shni qiz – uning sevgani,

Ma’yus bosar edi orqamdan odim.

 

Bog’da sarvinozim yo’q edi garchand,

Ko’makchim arg’uvon yoring Nafisa.

Seni sog’inganda qildim gul payvand,

Bu bahordan hayot olardi bo’sa.

 

Dur bo’lib taqilur yorning bo’yniga,

Sadafday ko’zimda behuda bu yosh.

Ikkoving ikki yosh, labing labiga

Qo’yar. Vasvasamdan kuladi quyosh.

 

Sizlarni, keldi, deb eshitgan kuni

O’zing to’qib ketgan katta savatda,

To’latib shaftoli uzib chiqaman,

G’alaba kunlari yaqin albatta.

 

Yayov, ko’ksim ochiq, boshda shaftolu,

Xuddi mo’ylabingdek mayin tuki bor.

Har bitta shaftolu misoli kulgu,

Shafaqday nimpushti, sarin, beg’ubor.

 

Suyganing labida reza ter kabi

Unda titrab turar sabuhiy shabnam.

Munchalik mazani topa olmaydi

Uyquda tamshangan chaqaloqlar ham.

 

E o’g’lim, jonginang salomat bo’lsin,

O’z bog’ing, o’z mevang danagin saqla.

Shu meros bog’ingni o’z qo’lingga ol,

Menga topshirilgan merosiy haq-la.

 

Bog’da tovus kabi xiromon bo’lib,

Umid danagini birga ekingiz.

G’olib kelajakni sayr qilaylik

Mushfiq onaginang bilan ikkimiz.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

1447 marta ko'rildi

13 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sog'inish karvon yo'l yetim bo'ta ko'z yosh zarra yupiter murabbiy xabar quyosh kiprik abad xona qish nafas umid baxt tong gul qadam jon meros mardlik g'urur ostona qasam uka uy urush o'g'il ota ona qiz
Muallif
G'afur G'ulom

G'afur G'ulom

(1903-1966) Falsafiy obrazlilik, umumbashariy ezguliklarning san’atkorona tarannumi shoir ijodining eng muhim fazilatlaridan sanaladi. Sharq va G’arb ilg’or madaniyatining chuqur bilimdoni bo’lgan G’afur G’ulom nasriy, publitsistik, tarjima asarlari bilan ham o’zbek adabiyoti tarixida o’ziga xos ibratli iz qoldirdi.

Batafsil


Yangi She'rlar G'afur G'ulom She'rlari G'afur G'ulom asarlari