Sahifa yuklanmoqda . . .


Shudring

Tong belgi bergandanoq

O‘tib osma ko‘prikdan,

Jar ketiga chopardim —

Jar keti o‘zga olam.

To‘ldirib chanoq-chanoq

Go‘yo sutdek ko‘pikdan,

Tutgandek g‘oyib qo‘llar —

Jilvagar ko‘zga olam.

G‘o‘za yaproqlarida,

Ko‘katlarning bargida,

Chechaklarning bag‘rida

Yaltirar lak-lak inju.

Sho‘x soy qirg‘oqlarida,

Nihollar kurtagida,

Sal epkinda simobday

Qaltirar lak-lak inju.

Yaltirar suyri tepa,

Yaltirar qir uzunchoq,

Kelinlar taqinchog‘i,

Uzuk ko‘zlarimi yo.

Chor atrof sabzalarda

Jimir-jimir ko‘zmunchoq,

Bo‘y-bo‘y dilrabolarning

Suzuk ko‘zlarimi yo?

Yo‘q, bu giryon ko‘zlarning

Yarqiroq zamzamasi.

Kechasi onam tag‘in

Yig‘labdi-da chamasi...


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 14-Fevralda yuklangan

474 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shudring tong belgi ko'prik jar olam sut ko'pik qo'l jilva ko'z g'o'za yaproq ko'kat bag'ir inju soy qirg'oq nihol kurtak epkin simob tepa qir kelin taqinchoq uzuk sabza ko'zmunchoq ona yig'i zamzama
Muallif
Mirtemir

Mirtemir

Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.

Batafsil


Yangi She'rlar Mirtemir She'rlari Mirtemir asarlari