Sahifa yuklanmoqda . . .


Sensiz

1. Sovuq. Atrof temir. Qo‘limni ochdim,

Yelkamda chatnadi qaynoq qo‘rg‘oshin...

Vayrona qa’ridan ko‘klarga qochdim —

Arzonga oldilar Majnunning boshin.

 

Rahmsiz olomon, sizga ne kerak?

Angladim, jismimni, ruhimni bog‘lar.

Vahiy keldi menga, chirpandi yurak,

Aks-sado berdi muqaddas tog‘lar.

 

Farog‘at zirvasi. Olam — bilgisiz,

Oxiri sen kelding. Xayolga tolding.

Vodiy og‘ushida so‘zsiz, belgisiz.

Asta odimlar-la ko‘zdan yo‘qolding.

 

Faqat qayga ketding, qaylarda qolding

Oh, qanday yashayman sensiz — sevgisiz.

Sohilda bir o‘zim. Dengiz qorong‘u.

Yelkansiz kemaning ichinda shubham,

 

Vahima shiviri, bo‘g‘zimda og‘u,

Aqlim bir falokat sezadir mubham.

Ranggi o‘chgan osmon xunuk g‘uldirar,

Achchiq chirqiraydir noma’lum bir qush.

 

Va yonimda qonli buloq chuldirar,

Atirgullar, sening gullaring behush.

Feruza, zumrad gullaring payhon.

Oh, tushding kemadan. Karnay chaldilar,

 

Va ko‘zga ko‘rinmas qo‘llar shu zamon

Ag‘dardilar meni, kishan soldilar.

Faryodim ichimda, otma gulingni...

Otma, yolg‘izlikdan — baxtli qulingni.

 

3. So‘ldirma gulingni, ilohim, yonsin,

Yer-u osmon ko‘rsin ko‘z yummay bedor.

Vaqt — ulug‘ hakam. Ruhing uyg‘onsin.

Asriy umidim — Sen. Sen borsan. Sen — bor

 

Roviylar ne uchun? Haq va haqiqat!

Asirlik zanjirin parchalab tashla.

Vujudingni yoqsin alamli fikrat

Ayon haqiqatga, haq yo‘lga boshla.

 

Fursat o‘tmakdadir. Vaqt bu — beomon.

Omonat dunyoda omonat odam —

Vijdon shevasi bor, mehrobi iymon —

Asl insonlarin chorlaydi bu dam.

 

Falakka sanchilib qolgan ko‘zim bor,

Olovlar, chamanlar ichra o‘zim bor.

1994


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 21-Martda yuklangan

179 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sovuq atrof temir qo'l qo'rg'oshin vayrona ko'k majnun bosh rahm olamon ong jism ruh bog' yurak tog' olam farog'at xayol vodiy odim ko'z sevgi dengiz yelkan kema vahima aql og'u rang osmon qush qon gul
Muallif
Rauf Parfi O'zturk

Rauf Parfi O'zturk

O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Rauf Parfi O'zturk She'rlari Rauf Parfi O'zturk asarlari