Sahifa yuklanmoqda . . .


Oqshom bo‘yi osmonda suzgan...

Oqshom bo‘yi osmonda suzgan
Bulutlarning rangi qoramtir.
Uni mendan ajratib turar
Tun chiroqdan oqayotgan nur.

Men gullarning sochini o‘rdim,
Ermak qildim yolg‘izligimdan.
Bashorat qil, ey lo‘li ayol,
Baxtli yoki baxtsizligimdan.

Derazamga urildi chaqmoq
Bor arazi, kinlari bilan.
Qulab tushdi turgan shamchiroq
Nayzasimon gullari bilan.

Etagini silkitdi shamol,
Tuman kabi oqshom tarqadi.
O‘ng kaftimga chizilgan yo‘llar,
Baxtlisan deb meni aldadi.

Hamon gullar sochin o‘raman
Ermak qilib yolg‘izligimdan. 
Bashorat qil, ey lo‘li ayol,
Baxtli yoki baxtsizligimdan. 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 18-Aprelda yuklangan

25 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
oqshom bo'y osmon bulut rang qora tun chiroq nur gul soch yolg'izlik lo'li ayol baxt deraza chaqmoq araz kin sham nayza etak shamol tuman o'ng kaft yo'l ermak bashorat
Muallif
Oygul Asilbek qizi

Oygul Asilbek qizi

O’zbekiston Milliy universiteti falsafa fakulteti bakalavr va magistratura bosqichlarida tahsil olgan. “Ostona” va “Shoir xayollari” she’riy to’plamlari muallifi. Somerset Moem, S.A.Tolstaya, O.Genri, R.Agutagava ijodidan qilgan tarjimalari e’lon qilingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Oygul Asilbek qizi She'rlari Oygul Asilbek qizi asarlari