Sahifa yuklanmoqda . . .


Gulzor — chaman...

Gulzor — chaman. Yur bog‘larga

Eltay yetaklab.

Binafshalar terib beray

Senga etaklab...

 

Chakkangga taq! To‘lib tursin

Oydek yuzlaring.

Kunday yorug‘, tunday qora

Ekan ko‘zlaring.

 

Tingla, erkam, o‘rtog‘imsan,

Ko‘nglimni ochay,

Qonim she’r bo‘lib oqsin-da,

Men qayta ichay.

 

Istaymanki, oqar qonim

Tamom bo‘lmasin,

Istaymanki, sevar yorim

Tashlab ketmasin.

 

Chunki, do‘stlik mehri bilan

Shodligim o‘sar.

U har qachon yonboshimda

Soyamday yurar.

 

U sen, qo‘zim. Yur, bog‘larga

Eltay yetaklab.

Binafshalar terib beray

Senga etaklab.

 

Bu shoir, - deb, - bu yengil, - deb

Asti o‘ylama!

O‘pgan o‘pichlarim haqqi

Inontiraman.

 

Agar, darkor bo‘lsa har choq,

Chorlasa Vatan,

Qo‘lyozmalarimni tashlab,

Shinel kiyaman.

 

Uddasidan chiqolmasam

Ahdimni, unda —

Brauningni qo‘limga ber,

Qop-qora tunda.

 

O‘z jazomni o‘zim beray,

Azob-la o‘lay...

Yo‘q!.. Hamdam bo‘l, qo‘limdan tut,

Janglarga kiray!

1934


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 19-Yanvarda yuklangan

341 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
gul gulzor chaman bog' etak binafsha chakka oy yuz kun ko'z o'rtoq ko'ngil qon she'r istak sevgi yor do'st mehr shodlik yon bosh soya shoir o'y o'pich haq vatan qo'lyozma shinel ahd brauning qo'l tun jazo o'lim
Muallif
Usmon Nosir

Usmon Nosir

(1912-1944) Qisqa umr ko'rgan bo'lishiga qaramay, o'zidan jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari qatoridan o'rin olishga arzigulik asarlar yozib qoldirgan mashhur o'zbek shoiri va dramaturgi. Usmon Nosir nafaqat adabiyotni, balki dunyo tarixi, falsafasi, san’atini ham chanqoqlik bilan o‘zlashtirishga, buyuklarga ergashib ijod qilishga oshiqardi.Shu bois uning bitiklarida katta g‘oyalar, badiiy tafakkurning erkin parvozlari, fikrning o‘tkir yolqinlari yaqqol aks etardi.

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Nosir She'rlari Usmon Nosir asarlari