Sahifa yuklanmoqda . . .


Erka kiyik

Erka kiyik, maylimi bir erkalasam,
Majnun bo`lib sahrolarga yetalasam,
Bu dunyoda birday g`arib men ham, sen ham,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Sening ko`zing qora, mening ko`zim qora,
Sening bag`ring yara, mening bag`rim yara,
Bu dunyoda sen bechora, men bechora!..
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Shamol emas, izing quvib yurdi kamon,
Sayyod mening kulbamni ham qildi vayron.
Sening joning, mening jonim — omonat jon,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Kel, yig`laymiz birgalashib yantoqlarga,
Sahrolarda qurimagan buloqlarga,
Ikkalamiz yaralganmiz qiynoqlarga,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Umrimizning barcha yo`li, so`qmog`i cho`g`,
Cho`g`dan qo`rqma, beyuz qo'ygan qopqondan qo`rq.
Bu dunyoda senga do`st yo`q, menga do`st yo`q,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..

Soch oqardi, dildosh kutib ko`zim toldi,
Yuragimdan to`kilmay ne so`z qoldi,
Yo`l so`ngida, hech bo`lmasa o`lim oldi,
Erka kiyik, maylimi bir erkalasam?..


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

83 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
erkalik kiyik majnun sahro dunyo g'arib ko'z bag'ir bechora shamol iz kamon sayyod kulba omonat jon yig'i yantoq buloq qiynoq umr yo'l so'qmoq cho'g' yuz qopqon do'st soch dil yurak so'z o'lim
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari