Sahifa yuklanmoqda . . .


Azizim, ne uchun maysa emasmiz...

Azizim,
Ne uchun maysa emasmiz,
Yellar o’pganida suykalib o’tgan?
Ne uchun, ne uchun daraxt bo’lmadik,
Ildizi,
Shoxlari chirmashib ketgan?
Ariqlar bo’yida giyohday o’ssak,
Suvlarda tushimiz eshilarmidi?
Adirlar ortida shamol bo’lsaydik,
Ko’klarda ruhimiz qo’shilarmidi?
Nechun mavjudmizu, nechun yo’qdaymiz?
Barmoqlar uchida nozik bir titroq?
Nafaslar qo’shilib turganda nechun
Olovlar ichida jim kutib turmoq?
Nechun pichoqlarga tiralar ko’zim?
Ko’kka suyanganday suyanolmayman?
Nechun qo’lingizda loladek uxlab,
Ko’ksingizda tongdek uyg’onolmayman?
Ne uchun hayotim bu qadar sahro?
Nechun yuragimda bu qadar zorlik?
Qarshimda shovullab oqar bir daryo,
Bir tomchi suv so’rab o’tinolmayman…
Azizim,
Ne uchun inson yaraldik,
Ko’nglimiz sig’masa yer-u samoga?
Oh, endi shu qadar muhabat bilan
Biz qanday yashaymiz bu tor dunyoda?
Biz nechun yaraldik yolg’on dunyoda?..
Azizim, ne uchun maysa emasmiz?..


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi She'rlar Zebo Mirzo She'rlari Zebo Mirzo asarlari