Sahifa yuklanmoqda . . .
Shamolning bag‘rida bog‘man — devorim yo‘qqa o‘xshaydir,
Dovullar silkitib ko‘rdi — g‘uborim yo‘qqa o‘xshaydir.
Bu sahrodir mening qasdimda har dam bostirib kelgon,
O‘zimman bir biyobonda — qatorim yo‘qqa o‘xshaydir.
Yashil bargim qanot yozsa, xazon fasli kelib yetgay,
To‘kil, ey barg! To‘kil, ey barg!— bahorim yo‘qqa o‘xshaydir.
Kunim yomg‘ir kutib o‘tkay, tunim bir qatra shabnamni,
Yoniq qumzordin yaqinroq — xumorim yo‘qqa o‘xshaydir.
Qaydadir sohiling, daryo? Seningsiz bu biyobonda
Xazon bo‘lg‘ay tanim, ammo madorim yo‘qqa o‘xshaydir.
Xiyonat bog‘iga uchdi u qo‘rqoq bulbuli rasvo,
Bu sahro rastasi ichra bozorim yo‘qqa o‘xshaydir.
Nigorim kel, nazar tashla, mening qutlug‘ xazonimga,
Olov bo‘lmoqdan o‘zga hech shiorim yo‘qqa o‘xshaydir.
O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).