Sahifa yuklanmoqda . . .


Mayda tashvishlarda maydalandim men...

Mayda tashvishlarda maydalandim men —
Ming taraf yugurdi mingta bo‘lagim.
Eski yo‘llarimda qaytalandim men —
Tilagim to‘zidi, toldi yuragim.
Betoqat kurashning vayronligida
Yiqildim — vujudu ruhim chilparchin.
Mening mag‘lubligim zindonligiga
Botinib boqmadi biror Oybarchin.
Yolg‘izlikning buyuk sukunatida
Qorong‘u osmonga boqarkan ko‘zim,
Miyamning shovqindan yiroq qatida
Sharpaday "lip" etdi to‘zg‘igan o‘zim.
Bir tirik nuqtaga jamlab dardimni,
Dil o‘zlik ortidan choparkan halak —
Yuragimga qo‘ydi bitta gardimni
Yolg‘izlik — mehribon tilsiz kapalak.

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 24-Mayda yuklangan

1243 marta ko'rildi

3 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
tashvish bo'lak yo'l tilak yurak kurash vujud ruh
Muallif
Usmon Azim

Usmon Azim

O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko‘zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg‘onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to‘plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo‘l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa).

Batafsil


Yangi She'rlar Usmon Azim She'rlari Usmon Azim asarlari