Sahifa yuklanmoqda . . .


Hellados

Yanguli — suxumilik grek Xrista Aleksandridining oʻgʻli. Choʻpday ozgʻin, yelkalari turtib chiqqan, qirraburun, koʻzlari charosdek qop-qora, qoʻllari uzunligidan tizzasiga tushib turadigan oʻn toʻrt yoshli bu bola yon-atrofdagi tengqurlari uchun naqd azroilning oʻzi edi.

Yanguli otasi bilan Venetsian koʻchasida, Chalbash daryosining boʻyida yashardi. Onasini eslolmaydi — chaqaloqligidayoq yetim qolgan. Ota-bolaning bor-yoʻq davlati bir parcha tomorqa, bittagina sigir va eshakdan iborat. Oshkoʻk, sut-qatiq sotib kun koʻrishadi.

Yanguli hech qayerda oʻqimasdi. Otasining yumushlariga qarashar, ahyon-ahyon eshakda qoʻshnilarga sut-qatiq tarqatar edi…

Oʻn toʻrt yoshli bu zolim Venetsian koʻchasida istiqomat qiluvchi barcha ustidan, jumladan, xolavachcham Koka ustidan ham tanho hukmronlik qilardi.

… Bizning tanishuvimiz oʻttiz sakkizinchi yilning kuzlarida boshlangan…

… Temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda, odatdagidek, Yanguhning toʻdasi uymalanardi. Beixtiyor boshim oʻsha tomon ogʻdi — hozir uyga borishdan nima foyda! Bolalarga yaqin qolganda qadamimni sekinlatdim-da, atayin engashib, botinkamning iplarini titkilay boshladim.
— He-ey, skripka!

Yangulining ovozini darrov tanidim.
— Nima deysan?
— Bu yoqqa kel!
— Ishing boʻlsa — Oʻzing kel!

Yanguli oʻzidan ham battar taajjublangan oʻrtoqlariga bir qarab qoʻydi-da, asta men tomonga yura boshladi.
— Kimligimni bilmaysanmi hali? — deb soʻradi u kishining gʻashiga tegadigan bir ohangda.
— Bilaman, — dedim koʻzlariga tik qarab.
— Boʻlmasa, nega chaqirganda kelmaysan?
— Kim boʻpsan meni chaqiradigan? — dedim yana bepisandlik bilan, ammo har ehtimolga qarshi, skripka solingan gʻilofni yerga qoʻydim.

Yanguli oʻyinni ham unutib, bizni qurshab olgan bolalarga bir-bir qarab chiqdi.
— Yanguli, kimligingni bir koʻrsatib qoʻy! — dedi bolalardan biri.
— Sol, Yanguli! — deya qoʻshimcha qildi ikkinchisi.
— Bir shapaloqqina! — deb maslahat berdi uchinchi bola.
— Oldin zoʻrligini bir koʻraylik-chi! — Yanguli shunday deb, yuzimni bir siypalab qoʻydi.
— Qoʻlingni tort! — baqirdim unga.
— Ol-la! — deya hayron boʻldi Yanguli.
— Uni qaranglar-a!
— Papirosni chiqaz! — dedi Yanguli birdan qoʻlini choʻzib.
— Chekmayman!
— Pulni ol!
— Pulim yoʻq.
— Choʻntaklaringni agʻdar!
— Oʻzing agʻdar!

Bolalar pichirlasha boshlashdi. Yanguli dovdirab qoldi, ammo darrov oʻzini bosib, skripkaga qoʻl choʻzdi.
— Tort panshaxangni!— deb baqirdim skripka ustiga engashib. Lekin Yanguli oʻzgʻirlik qildi — Gʻilofni ochib, asbobni menga uzatdi.
— Qani, birorta kuy chalib bolalarni xursand qilgin-chi!
— Chalmayman!
— Nega boʻlmasa bu dahmazani koʻtarib yuribsan? Esi yoʻq eshakmisan?
— Ber skripkani!

Yanguli asbobni orqasiga yashirib, bir qadam tisarildi.
— Petya, Fema, Kurlik, Pancho, Tena! Umrlaringizda skripka ovozini eshitganmisizlar? — dedi u bolalarga murojaat qilib. Ular baravariga chuldirashdi.
— Radiodan eshitganman! — dedi Petya.
— Boʻlaqol, Yanguli, bir koʻrsatib qoʻy!

Skripkamning ovozini hammadan oldin oʻzim eshitdim: Yanguli qulochkashlab turib skripka bilan boshimga tushirdi.

«Zi-i-ng… qars…» etgan tovushdan soʻng asbob ikkiga boʻlindi. Uning qorni, xuddi shartta chopib tashlangan qoʻlday, nozik simlarga osilgancha lapanglab turardi.

Bolalar xaxolab yerga dumalashdi.

Yuragim goʻyo toʻxtab qolganday boʻldi, miyamga qon urildi, quloqlarim bitib qoldi. Men hech narsani eshitmas, sezmas edim, faqat qornini changallab kulayotgan bolalarni, pachoq boʻlgan skripkani va Yangulining turtib chiqqan ozgʻin iyagini ilgʻardim, xolos. Birdan bot kuchim bilan ana shu iyak ostiga musht soldim.

Es-hushimni yigʻib olganimda Yanguli koʻprik ustida oʻtirar, menga hayratomuz tikilgancha oʻng qoʻli bilan iyagini ishqalar edi. Bolalar churq etishmasdi.

Shartta burilib, uyga joʻnadim.

Oʻsha kuni kechqurunoq qoʻshnimiz va Yangulining oʻng qoʻli hisoblanmish Petya majaqlangan skripka bilan gʻilofni uyimizga olib kelib, ostonaga tashladi-da, quyonni survordi.

Figʻoni falakka chiqqan xolam avval Petyani, soʻng Yanguli Aleksandridini, oxirida oʻzimni bisotida bor yomon soʻzlar bilan qargʻashga tushdi:
— Ha-a, yer yutsin seni, Petya kasofat!.. Iloyim, boʻyginang goʻrda chirisin!.. Sen ham bir, koʻkatfurush otang ham bir! Senlar skripkani qadriga yetasanlarmi? Paganinimi, Stradivarimi, arrakashmi — senlarga baribir!.. Eng avval sening goʻshtingni qiymalash kerak edi, Yanguli Aleksandridi! Hayf senga musiqa! Eshakning hangrashini eshitib katta boʻlgan bola musiqani tushunarmidi! Hammasiga uyimdagi yangi bezori aybdor! Mana shuni oyogʻidan osish kerak! O, opajonim Aniko! Oʻzimning tashvishim yetmayotuvmidiki, yana manovi gʻurbatni boshimga balo qilib tashlab ketding-a! Nima gunoh qildim, ey Parvardigor!

Oʻsha kuni musiqa olamidagi sarguzashtlarimga nuqta qoʻyildi. Hayotimda yangi davr — yashash uchun kurash davri boshlandi…

Ertasi kuni Yanguli bilan Petya bizni maktab darvozasi oldida qarshi olishdi…

Yanguli qora satin koʻylagini yechdi. Keng, tarang koʻkragini koʻrib, seskanib ketdim. Bu ham mayli, chap toʻshining ustiga koʻkish rangda naqshlangan lotin harflaridagi yozuv meni negadir butkul dovdiratib qoʻydi: «Hellados».

Yanguli Petyaga grekchalab bir nimalar dedi. Petya miq etmadi.

Yanguli yana takrorladi. Petya istamaygina ikkala choʻntagidan ikkita kattakon toshni chiqarib, bir chetga uloqtirdi. Yanguli Kokaga qaradi. Koka shosha-pisha qoq-quruq choʻntaklarini agʻdarib koʻrsatdi.
— Boshladik! — dedi Yanguli.
— Boshladik! — dedim men ham. Olishuv ikki-uch minutgina davom etdi.

Men mushtlarimni tugib, Yanguli esa besh panjasi bilan urardi. Men urganda ovoz chiqmas, ammo Yanguli har tushirganda atrofdan qarsillagan aks sado kelardi. Petya Yanguliga grekchalab dalda berar, Koka esa menga gruzinchalab bidirlar edi:
— Kalla qil, Jamol, kalla qil!

Mushtlashganda kalla qilish nimaligini oʻzim ham bilaman, biroq Yanguliga yaqinlashib boʻlmayotgan edi: uning chayir, terlagan gavdasi har gal sirgʻalib qoʻlimdan chiqib ketaverardi.

Yana bir qarsillagan tovush eshitildi-yu burnimdan tizillab qon otildi. Qonni artgunimcha Yanguli tagʻin bir marta tushirdi; natijasi shu boʻldiki, kecha xuddi Yanguli agʻdarilganday gup etib yerga quladim, faqat bitta farqi bor: hozir men turadigan holdaman, ammo Yanguli kecha oʻrnidan turolmagan edi.

Nima boʻlganda ham bugungi olishuvning yakuni ma’lum: men yutqazdim. Yanguli biroz kutib turdi, mushtlashishni davom ettirish niyatim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan koʻylagini kiya boshladi. Nigohim yana koʻksidagi gʻalati soʻzga tushdi: «Hellados»…

Ertasiga maktabga bormadim — yuzimdagi shish va moʻmataloqlarni davoladim. Uchinchi kuni temir yoʻl kesib oʻtiladigan joyda Yangulidan boshqa deyarli butun mahallaning bolalari toʻplanib turganini koʻrdik. Ular bizni hushtak va tahqirlar bilan kutib olishdi.

Yanguli amirona ishora bilan hammaning ovozini oʻchirdi, soʻng bamisoli qabila oqsoqoliday oʻz qavmiga yuzlanib, tarixiy nutq irod etdi:
— Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian koʻchasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Roʻparangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani — vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondoʻstligimiz va muruvvatimizdan bahramand boʻlish oʻrniga — Xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, oʻtloqlarimizni oʻziniki qilib olmoqchi…
— Bas qil maynavozchilikni! — dedim uning gapini boʻlib. — Mushtlashamiz!

… Bugungi olishuvimizga faqat eshak shohid boʻldi. Mushtlashish uzoq davom etdi. Har qancha urinmayin, Yanguli oʻzgʻirlik qildi — birinchi zarbani u berdi. Men yiqilmadim, faqat chayqaldim, xolos. Ikkinchi marta hamla qilganida chaqqonlik bilan gavdamni orqaga tashladim, qoʻli burnim yonidan shuvillab oʻtib ketdi. Ammo u shu qadar shiddat bilan quloch otgan ediki, muvozanatini yoʻqotib, munkaygancha bir qadam oldinga tashladi. Shunda… Hoʻ oʻsha birinchi bor mushtlashganimizda boʻlganiday, ozgʻin iyagi oʻngimga kelib qoldi. Men ham oʻsha iyak ostiga qattiq musht soldim. Yanguli yiqildi, bir muddat qimir etmadi.

Biz bir-birimizga uzoq tikilib qoldik. Pishillab nafas olayotganimizni har ikkalamiz ham eshitib turardik. Men Yangulining yana hamla qilishini kutardim, ammo, taajuubki, mushtlashishga menda na xohish, na kayfiyat qolgan edi. Biroq endi hech qachon Yanguli menga zoʻravonlik qilolmasligini ham bilib turardim.
— Bas! — dedi Yanguli kutilmaganda.
— Boʻpti! — Men ham rozi boʻldim. — Lekin ertaga bolalarning oldida mushtlashamiz! — deya qoʻshib qoʻydim har ehtimolga qarshi.
— Keragi yoʻq. Zoʻr bola ekaningni bolalarga oʻzim aytaman. Lekin, bilib qoʻy, birinchilikni senga bermayman!
— Keragi ham yoʻq!
— Xohlasang, ikkinchi boʻla qol.
— Menga hech narsa kerak emas! Sening yoʻling boshqa, mening yoʻlim boshqa! — Men ketishga chogʻlandim.
— Toʻxta! Bunaqasi ketmaydi. Har kuni mushtlashavermaymiz-ku, axir. Ke, kelishvolaylik: ertadan boshlab faqat soʻkishamiz. Kim qoyillatsa — Oʻsha gʻolib!
— Mayli, roziman.

Mana, yana bolalar qurshovidamiz. Bu gal oʻrtamizda dahanaki jang avjga chiqqan.
— Jamol — eshakmiya!
— Yanguli — koʻkatfurush grek!
— Tbilisilik mishiqi!
— Eshakboqar!
— Toʻngʻiz!
— Chirigan bodring!
— Toshbaqa!
— Itbaliq!
— Meduza!
— Ovsar!
— Paganini!

Bisotimdagi haqoratbop soʻzlar tugadi. Yanguli kutib turardi — navbat meniki edi.
— Boʻla qol, yutqazasan! — deb turtkiladi Koka.
— Menda boshqa yoʻq!
— Onasiga oʻt!
— Yoʻq, onani aralashtirib boʻlmaydi!
— Sheni deda vatire, degin! Uyat joyi yoʻq buni!
— Oʻrischasiga nima degani?
— Sen gruzinchasiga aytaver! U baribir tushunmaydi! — Koka hol-jonimga qoʻymasdi.

Yanguli, sheni deda vatire! — gruzinchalab shunday dedim-u javobini jon hovuchlab kutib turardim.
— Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Sezdimki, Yanguli ham onamga til tekkizdi, ammo bu soʻzlar shu qadar xushohang, shu qadar yoqimli eshitildiki, goʻyo u goʻzal bir qoʻshiqni boshlaganday boʻldi nazarimda.

Men yana takrorladim:
— Sheni deda vatire, Yanguli!
— Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Bu hol yarim yilcha davom etdi. Soʻng ehtiroslarimiz asta-sekin soʻndi. Ikkalamizning ham haqorat repertuarimizda bitta-yu bitta jumla qoldi, har uchrashganimizda men: «Sheni deda vatire, Yanguli!» derdim, u boʻlsa: «Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!» derdi.

* * *

… Oʻsha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga koʻzim tushdi-yu… taniyolmay qoldim. Basharasi moʻmataloq boʻlib ketgan edi.
— Nima boʻldi? — deb soʻradim ajablanib.

Aql bovar qilmasdi — bu atrofda Yanguliga kim qoʻl koʻtarishi mumkin?! Yoki birorta kattaroq yoshdagi odamning ishimikan bu?
— Hech narsa! — dedi u chetga qarab.
— Aftingni bir qaragin…
— Hechqisi yoʻq! — deya jilmaydi u.
— Kim ekan u mushtumzoʻr?!
— Otam!
— Otang?
— Otam.
— Nima gunoh qiluvding? — deya uning shishib ketgan chakkasiga avaylab qoʻlimni tekkazdim.
— Sababi bor-da…
— Nima ish qilib qoʻyding?
— Uch kundan keyin Suxumiga Gretsiyadan paroxod keladi. Bu yerlik greklar Elladaga qaytishyapti. Otam ham…
— Xoʻsh, nima qipti?
— Ketmoqchi emasman… Otamning gapiga qaraganda, bizning vatanimiz, ona tuprogʻimiz oʻsha yerda… Bizni ajdodlar ruhi chaqirayotganmish, bu nidoga quloq solish shart emish…
— Nega birga ketmoqchimassan? — deb soʻradim astoydil taajjublanib. Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi.
— Qandoq tushuntirsamikin… — deya gap boshladi u nihoyat. — Onam yoʻq, hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida… Men koʻchada, Venetsian koʻchasida katta boʻldim… Mening vatanim, mening Elladam bu — Suxumi, koʻcha, Chalbash; bu — Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, koʻprik… — U bir yutinib olib, davom etdi: — Bu — Mida… qolaversa, sen…

Midaning ismini mening oldimda Yanguli birinchi marta tilga olayotgan edi. Ammo men Mida — bir abxaz kishiga turmushga chiqqan grek ayolining qizi ekanini, Suxumida undan goʻzal qiz yoʻqligini, Yanguli uni yaxshi koʻrishini bilardim.
— Tushundingmi endi?

a’zoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa soʻzlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.
— Bu nima boʻlmasa? — Men Yangulining koʻkragini ochib, baland ovozda oʻqidim: — Hellados.
— Bu — naqsh, Jamol. Vatan — ichkariroqda, naqd yurakning oʻzi-da! — Yanguli qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

Oʻpkam toʻlib, tomogʻimga achchiq bir narsa qadaldi, unga yana bir nimalar demoqchi edim-u, ammo Yanguli eshagini noʻxtasidan yetaklab, hovlidan chiqib ketdi…

Suxumiliklar oʻzlari bilan et-tirnoq boʻlib ketgan qadrdonlari — greklar bilan xayrlashishardi. Greklar allaqachon nuqraday oppoq «Poseydon» kemasiga chiqib olishgan, oʻsha yerdan turib qoʻl silkishar, grekcha, ruscha, gruzincha, armancha lafzda bir nimalar deb qichqirishar edi.

Men bolalarga qoʻshilib, sohildagi panjara devorga qapishgancha, nigohim bilan Yangulini izlay boshladim. Va uni topdim. Egnida oʻsha oʻzi yoqtiradigan oldi ochiq qora satin koʻylak.
— Yanguli, Yanguli! — deya qichqirishga tushdim qoʻl silkitib. Yanguli kuzatuvchilarga uzoq, juda uzoq razm soldi va birdan meni koʻrib qoldi. Ikkala qoʻlini baland koʻtarib, nido berdi:
— Jamol, ego agapo imana su! Jamol, oyingni yaxshi koʻraman! U grekcha nimadir deb baqirdi-yu, ammo menga qoʻshiq aytganday tuyuldi. Tagʻin shu narsani sezdimki, nazarimda, kemadan qochib ketmasin debmi otasi uni bilagidan mahkam ushlab turardi. Yana uning qoʻshigʻini eshitishga, yana unga moʻltirab turishga bardoshim yetmadi. Kemaga ters oʻgirildim-da, yigʻlagancha uyga joʻnadim.

Oradan bir kun oʻtib, Kelasuri daryosining quyilish joyida dengiz toʻlqinlari bir bolaning jasadini sohilga chiqarib tashlabdi. Toʻgʻrirogʻi, uni keksa baliqchilar suvdan tortib olib, qumga yotqizishibdi. Soʻng murdaning kimligini aniqlash uchun shu atrofda oʻynab yurgan bolalarni chaqirishibdi.

Marhumning basharasi shu qadar dabdala boʻlib ketgan ekanki, uni hech kim tanimabdi.

Uni men tanidim. Chap toʻshining ustidagi «Hellados» degan sehrli yozuvni koʻrgandan keyin tanidim.

Nafasimni ichimga yutgancha sohildan, soʻng temiryoʻl boʻylab, keyin Venetsian koʻchasidan toʻxtovsiz yugurib, telbalarcha uyga otilib kirdim.
— Ha, nima boʻldi?!! — Xolamning kapalagi uchib ketdi.
— Nina xola… Yanguli qaytib keldi…

Soʻng xolamning oldida choʻkkalab, oyoqlarini quchoqlagancha hoʻngrab yigʻlab yubordim…


Online dars - zoom, google meet orqali


Yangi Realistik hikoyalar Nodar Dumbadze Realistik hikoyalari Nodar Dumbadze asarlari