Sahifa yuklanmoqda . . .
01 Jan 1885, Buxoro shahri da tavallud topgan
04 Oct 1938, Buxoro shahri da vafot etgan
39064 marta ko'rildi
Abdurauf Fitrat adabiyotimiz tarixida shoir va olim, nosir va dramaturg, o'qituvchi va ma'rifatparvar sifatida muhim o'rin egallaydi. U 1886 yilda Buxoroda ziyoli oilasida tug'ilgan bo'lib, Buxoro, Isthambul madrasalari va dorilfununlarida o'qiydi. U arab, fors, turk tillarini mukammal bilganligi tufayli Sharqning buyuk allomalari ijodini yaxshi o'zlashtiradi.
Adibning otasi savdogarchilik bilan shug'ullangan bo'lib, 1918 yilgacha Qashqarda turib qoladi. U asosan onasi Mustafo bibi (Bibijon) tarbiyasida bo'lib, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi ulkan shoirlar g'azallariii birinchi tinglagan.
Fitrat 1909 yilda Turkiyaga o'qishga borib, 1913 qilgacha Isthambul dorilfununida tahsil ko'rgan. Turkiyada tashkil bo'lgan «Buxoro ta'limi maorifi» uyushmasida faollik ko'rsatgan. Behbudiy asos solgan jadid usulidagi maktablar takomiliga xizmat etgan. Uning ilk to'plami 1911 yilda «Sayha» («Chorlov») nomi bilan chop etiladi. «Sayyohi hindi», «Munozara» kabi asarlari ham shu yillarda nashr etilgan.
1909-1913 yillarda Turkiya dorilfununida o'qiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-o'qituvchlarni hayratga soladi. Unga Fitrat - Donishmand taxallusini beradilar. Fitrat ijodi Turkistonda inqilobiy harakatlar kuchaygan, «Sharq uyg'ongan» davrlarga to'gri keladi. U ham o'z salaflari kabi avvalo ma'rifatparvarlik g'oyalarini ilgari suradi. Uning1913 yilda tojik tilida yaratilgan «Munozara» nomli asarida o'z xalqini zulm botqog'idan qutqarib, «najot yo'li»ni izlaganligi seziladi.
Bu davrda rus tili va rus madaniyatini targ'ib qilish ham Fitrat ma'rifatparvarligi yo'nalishining muhim tarmogi bo'lgan.Bunday qarashlar uning o'zi tashkil etgan va muharrirlik qilgan «Hurriyat» ro'znomasida keng targ'ib etiladi. Xuddi shu yillar «Hayot yo'lida birinchi masala - maktab masalasidir» («Hurriyat», 1917 yil, 1-son) degan shior bilan chiqadi. Uning«Hurriyat» (1917, 31-son) ro'znomasida bosilgan «Yurt qayg'usi...» nomli lavhasida Turkiston uchun, uning ayollari ozodligi uchun kurashga bel boglaganligini aytadi.
«Men sen uchun tug'ildim, sen uchun yasharman, sening uchun o'larman, ey turning muqaddas o'chog'i!» degan da'vat eshitiladi. «Ulug' Turkiston» (1917, 2-son) ro'znomasida «Yashasin turklik, yashasin Islom» shiori bilan chiqadi. Uning «Hind ixtilolchilari», «Temur sag'anasi», «O'g'izxon», «Abo Muslim», «Turk tili» kabi asarlarida ham hurfikrlar, qarashlar, ko'zga tashlanadi. Shular qatorida «Qon», «Begijon», «Chin sevish», «To'lqin», «Vose' qo'zg'oloni», «Ro'zalar» kabi dramalari yaratildi.
Fitratning 1922 yilda nashr etilgan «O'zbek shoirlari» to'plamiga kirgan «Kecha», «Behbudiy mozorini izlab», «Sharq» kabi she'rlarida izlanish jarayoni uchraydi. «Shoir» she'rida «o'zim uchun ko'p umidlar to'qidim» degan xulosaga keladi. Uning 1920 yilda yozilgan «Kim deyay seni» kabi she'rida oshiqning ma'shuqqa katta umid bilan intilishi, kutishi, suyishi lirik bir ohangda kuylanadiki, shoir endi ijodning yangi pog'onasiga ko'tarilayotganligidan dalolat beradi.
Shoir ijodida, dunyoqarashida siljish, yangilikka, go'zallikka intilish seziladi. Xuddi shu hol uning«Abulfayzxon», «Arslon» va «Vose'» (tojik tilida), kabi dramalari g'oyasida ham seziladi. Uning«Qiyomat», «Shaytonning tangriga isyoni» kabi nasriy asarlarida endi ijodkor falsafasining chuqurlashganligi, katta ijtimoiy-hayotiy muammolarni hal etishga intilishi ko'zga tashlanadi.
Fitrat yirik olim, adabiyotshunos sifatida ham bir qancha asarlar yaratgan. Jumladan, «Adabiyot qoidalari», «Eski o'zbek adabiyoti namunalari», «Aruz haqida» kabi ilmiy kuzatuvlari adabiyotshunoslik fani tarixida muhim rol o'ynaydi. Shuningdek, uning Umar Xayyom, Firdavsiy, Navoiy, Bedil, M. Solih, Muqimiy, Furqat haqidagi tadqiqotlari ham adabiyotimiz tarixini o'rganishda muhim manba bo'lib xizmat etishi shubhasiz. Ahmad Yassaviy, Sulaymon Boqirg'oniy kabi o'ndan ortiq mumtoz adabiyot vakillari haqida maqolalar yozgan. Fitrat ayni chog'da olim, ulkan pedagog, xalq maorifi tashkilotchisi sifatida ham faol ishladi.
1921- 1923 yillarda u Respublika Maorif xalq noziri bo'lib xizmat qildi. 1923-1924 yillar orasida Moskvadagi Sharq tillari institutida, so'ng Peterburg dorilfununida ma'ruza o'qidi. «O'zbek tili» darsligi, «O'zbek tili sarfi» (grammatikasi) kitoblari esa 1925-1930 yillarda besh marta chop etildi. Uning«Tilimiz», «O'zbekcha til saboqlari», «Imlo konferensiyasi munosabati bilan» maqolalari ham yaratildi. U ana shu ishlari uchun o'zbek olimlari orasida birinchilardan bo'lib professor degan yuksak ilmiy unvonga sazovor bo'lgan.
Fitrat 1938 yil 4 oktyabrda Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Otajon Hoshim, Qayum Rhamazon, G'ozi Olim kabi xalqimizning buyuk ziyolilari qatorida qatl etildi. Faqat 1956 yilga kelib u oqlandi. Oqlandiyu, qariyb yana o'ttiz besh yildan so'nggina, mustaqillik davri sharofati bilan u haqdagi haqiqatni aytish va yozish imkoniyati tug'ildi. Abdurauf Fitrat hayoti va adabiy faoliyati ziddiyatlarga o'ta boyligi bilan ajralib turadi. 1991 yil 25 sentyabrda Abdurauf Fitratga o'zbek dramaturgiyasini rivojlantirishdagi, realistik adabiy tanqidchilik hamda adabiyotshunoslik maktabiga asos solishdagi xizmatlari uchun Alisher Navoiy nomidagi Respublika Davlat mukofoti berildi.
Barcha taklif va mulohazalaringizni quyidagi elektron manzilga yuboshiringiz mumkin: