Sahifa yuklanmoqda . . .


Singan odam

Singan odam, tuyg‘ulari tingan odam,

Singan odam, qismatiga ko‘ngan odam.

Siniq kulib, siniqqina ko‘rishadi,

Kun ko‘radi, yashamaydi singan odam.

 

Yuribmiz-da, deydi endi o‘g‘il-qiz deb,

Qoraqozon yonidagi qorako‘z deb…

Men hamisha yoningdaman, ketdik, do‘st, deb,

Yelkangga qo‘l tashlamaydi singan odam.

 

Ko‘rilmagan katta xavfni ko‘rib qolgan,

Qochib borib o‘z ichiga kirib qolgan.

O‘z jonining mazasini bilib qolgan,

Senga jonin to‘shamaydi singan odam.

 

Ko‘rdim singan shoxni – oppoq guli bilan,

Egam goho shunday o‘ynar quli bilan.

Goho urar bandasining qo‘li bilan…

Odam isin xushlamaydi singan odam.

 

Unga tegma, u sendan ayb qidirmaydi,

Aybing bilsa ham birovga bildirmaydi.

Singan odam singanlarni sindirmaydi.

Begonaga o‘xshamaydi singan odam.

 

2001


Ushbu chistonni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
23-Iyulda yuklangan

77 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
odam tuyg'u qismat kun o'g'il qiz qoraqozon do'st yelka
Muallif
Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo

Iqbol Mirzo (Iqboljon Mirzaaliev) 1967 yil, 1 mayda Farg'ona viloyati, Bag'dod tumaniga qarashli Qo'shtegirmon qishlog'ida tug'ilgan. O'zbekiston halq shoiri (2005). «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan (1999).

Batafsil


Yangi Chistonlar Iqbol Mirzo Chistonlari Iqbol Mirzo asarlari