Sahifa yuklanmoqda . . .


Shoir

O, ona-tabiat, ma’yus onajon.

Sirli bu zavq aro sirqiraydir tan,

Oxiri o‘ldirar meni hayajon,

Boisi ne, aytolmasman daf'atan.

 

O, ona-tabiat, o‘ylayman seni,

Tinglayman olamning shivirin takror.

Bandi maskaniga chorlaydi meni

Kibor cho‘qqilarda muzlagan bahor.

 

Mungli tovushiga osurman quloq,

Dovdir majnunona xayolga asir...

Varaqlar ustida mixlandi nigoh,

Yong‘in changalida turibman axir.

 

Bir she’r qarshisida turaverdim lol,

Bir she’r qarshisida telba, devona —

Munkayib qiroat qilayotgan chol

Umrini boshqatdan boshladi yana.

 

Shoir shuning uchun tuzarmi devon,

Yo‘qsa bu parishon tizmalar nechun?

Kimni shoir deya tan olar jahon,

Biz kimni shoir deb ataymiz bugun?

 

Kimdir ul jafokash shu xilqat aro

Hamnishin tutingan qora qalamga.

Kimdir ul, g‘amguzar va motamsaro,

Fikr sochayotgan olamga?

 

Kimdir ul, ermak deb kuylarmi nahot,

Soxta ehtiroslar chulg‘armi uni?

Yo‘q!... Yo‘q, yaralmadi u bilgan hayot,

Hali tug‘ilmadi shoirning kuni.

 

Hali qaylardadir jang borar yovuz,

Mas’um go‘daklarning shami o‘chmoqda.

Musiqor emas-ku temir yalmog‘iz

Mushtarak osmonda uchmoqda.

 

Ne ellar, vatanlar gulxanda yonib,

Shoir ko‘z o‘ngidan o‘tadi bir-bir.

Barchaning dardini o‘ziga olib,

Majnun bo‘lib yurar shuning-chun shoir.

 

Hali bo‘g‘izlarda bo‘g‘ilar nafas,

Eski yaralardan chak-chak tomar qon.

Shoirni kuylatgan tabiat emas,

Shoirni kuylatgan Hazrati Inson.

 

Tikkandir jonini Vataniga u

Bu so‘z qarshisida titrama ey jon,

Yuzma-yuz kelgandek go‘yo o‘t va suv,

Yuzma-yuz keladir shoir va zamon.

 

Buyuk e’tiqoddir bu dahr aro yo‘l,

Buyuk e’tiqoddir muborak ilhom.

Shoir yuragida ochilmagan gul,

Shoir yuragida sobit intiqom.

1970


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 21-Martda yuklangan

84 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shoir ona tabiat sir zavq tan o'lim hayajon o'y olam maskan kibr cho'qqi muz bahor mung tovush quloq majnun xayol varaq mix nigoh yong'in she'r telba devona chol umr devon jahon qalam fikr g'am ehtiros
Muallif
Rauf Parfi O'zturk

Rauf Parfi O'zturk

O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Rauf Parfi O'zturk She'rlari Rauf Parfi O'zturk asarlari