Sahifa yuklanmoqda . . .


Men seni...

Men seni injitmayman

Va lekin tinchitmayman...

Charx urib, bo’z to’rg’ayday bo’zlashim bor boshingda

Ey, sochlaring to’lqini tun singari sim-siyoh,

Xol kabi paydo bo’lgum yonog’ing yo qoshingda

Ey, izlaring g’ubori ko’zlarimga to’tiyo...

 

Saratonda sel bo’lib,

Lolazor yaratgayman.

Qahratonda yel bo’lib,

Gul atrin taratgayman.

 

Yo’l yurib, cho’llab qolsang,

Shildiragum buloqday.

Yoki dashtga yo’l solsang,

Yastangayman o’tloqday.

 

Istab qolsang soyabon,

Men darrov chinor bo’lgum,

Cho’mar bo’lsang nogahon,

Men darrov anhor bo’lgum.

 

Kezar bo’lsang bog’ingda,

Pichirlagum misli barg,

Kuyib sening dog’ingda,

Bo’lmasaydim juvonmarg...

 

Bu dunyoda hech kim yo’q senga menday mahliyo,

Umidim bor qaragung axiyri qiyo-qiyo...

 

Epkin bo’lib saharda,

Gulzoringda kezurman.

Qo’shiqlarim avj parda,

G’unchalaring uzurman.

 

Nasim kabi sezdirmay,

Kiprigingga to’qingum.

Ozor bermay, bezdirmay,

Suratingga cho’qingum...

 

Qush bo’lib qochar bo’lsang, tarlon bo’lib quvgayman,

Tog’larda sharsharadek g’uboringni yuvgayman.

Har mushkul, har xatarda, har balodan saqlagum,

Qayrilsang-qayrilmasang, o’lguncha ardoqlagum.

 

Tong payti yulduz misol, oq siynangda yongayman,

Yomg’irda kamalakday, yuz rangda tovlangayman,

Ko’rkingga tikilgayman to ko’zimda bor ziyo,

O’zing bilmaysan, senda shunchalar mehri giyo!

 

Men seni tinchitmayman

Va lekin injitmayman...

1960, iyul, Qirg’iziston.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 14-Fevralda yuklangan

326 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
charx to'rg'ay soch to'lqin tun xol yonoq qosh iz g'ubor ko'z to'tiyo saraton sel lolazor qahraton yel gul atir yo'l cho'l buloq dasht o'tloq soyabon chinor anhor bog' barg dog' dunyo umid sahar qo'shiq
Muallif
Mirtemir

Mirtemir

Millat turmush tarzi, dunyoqarashi va orzu-intilishlarining betakror qirralarini o’zga ijodlardan farqli xalqona bir yo’sinda o’zbek badiiyatiga olib kirgan hassos, donishmand shoir. She’riyatida so’zning inja ma’no nozikliklari, qadim va turkiyona mavqelari qad rostlab, shoirning fusunkor, zakiy hikmatlariga xizmat qiladi.

Batafsil


Yangi She'rlar Mirtemir She'rlari Mirtemir asarlari