Sahifa yuklanmoqda . . .


Ma’yus kunim ko‘zim tushsa...

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa, 
Kuyar osmon, tushunmaysan. 
Meni samo tushungaydir, 
Sen, ey inson, tushunmaysan..

Kuyib ko‘ksim o‘tar bo‘lsam, 
Oqar bo‘lsam, ketar bo‘lsam, 
Meni daryo tushungaydir, 
Sen, ey ummon, tushunmaysan.

Men ham shaydo, men ham maftun, 
Men ham hech kimi yo‘q Majnun, 
Meni Laylo tushungaydir, 
Sen, ey jonon, tushunmaysan.

Mening yo‘lim uzun armon, 
O’zim dovon, o‘zim karvon, 
Meni sahro tushungaydir, 
Sen, ey sarbon, tushunmaysan.

Mening borim erur ko‘nglim, 
Mening yorim erur ko‘nglim, 
Ma’yus tanho tushungaydir, 
Sen, ey xandon, tushunmaysan...

Ma’yus kunim ko‘zim tushsa, 
Kuyar osmon, tushunmaysan. 
Meni Olloh tushungaydir, 
Sen, ey xoqon, tushunmaysan.

Ko‘nglim gul, ko‘zlarim guldir, 
Yuzim gul, qo‘llarim guldir. 
Meni sabo tushungaydir, 
Sen, ey to‘zon, tushunmaysan...

G’uborimdir bo‘yi rayhon, 
Minorimdir tilim biyron. 
Meni dunyo tushungaydir, 
Sen, ey nodon, tushunmaysan.


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

591 marta ko'rildi

1 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kun ko'z osmon samo inson ko'ksi daryo ummon shaydo maftun majnun laylo jonon yo'l armon dovon karvon sahro sarbon ko'ngil yor Alloh xoqon gul yuz qo'l sabo to'zon g'ubor bo'y rayhon minor til dunyo nodon
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari