Sahifa yuklanmoqda . . .


Kapalaklar odamlardan mehribon

Tug’ilgandan men sho’rlikning bag’rim qon,
Bir jismimda talashadi ikki jon.
Jon talashsam, tepamda charx urgan ul,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Oqqushlarim, oq yomg’irda ucharlar,
Saharlardan shudring-sharob icharlar.
Tanlamayin qabrlarni qucharlar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Gulga qo’nsa, qanotlari botmaydi,
Ojizlarim birovga tosh otmaydi.
Bir kun yashar, bir-birlarin sotmaydi,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Bir qarasang, na kulbasi, uyi yo’q,
Na tovushi, na qo’shig’i, kuyi yo’q.
Kapalakning kambag’ali, boyi yo’q,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Kapalakning Ka’basidir hur dala,
Dalasida mehr to’la, nur to’la.
Baxtsiz bo’lsa, bari baxtsiz bir yo’la,
Kapalaklar odamlardan mehribon…

Oydin oqshom yodga tushding, o malak,
Seni o’ylab bo’ldi yana qon yurak.
Sevaman deb aldamaydi kapalak!...
Kapalaklar odamlardan mehribon!…

Muhammadga ishonmagan ey, mo’minlar,
O’lsam so’zim eslab, uyga cho’minglar:
Kapalakning qanotiga ko’minglar,
Kapalaklar odamlardan mehribon…


Ushbu she'rni nechta yulduzcha bilan baholaysiz?


Ma'lumot
2017, 24-Aprelda yuklangan

775 marta ko'rildi

2 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
kapalak sho'r bag'ir qon jism jon charx odam mehr oqqush oq yomg'ir sahar shudring sharob qabr gul qanot ojiz tosh kun kulba uy tovush qo'shiq kuy boy kambag'al dala nur baxt oqshom yod malak yurak muhammad o'lim
Muallif
Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Sodda va xalqona tilda bitilgan samimiy she'rlari bilan millionlab muxlislar qalbini zabt etgan shoir. Uning millat va yurt istiqloli sharafiga bitgan go‘zal she’rlari o‘ziga xosligi bilano'quvchilar qalbida aks sado berdi. Muhammad Yusuf ijodi keyingi davr o‘zbek qo‘shiqchiligi rivojida muhim o‘rin tutadi. Milliy san’atimizning eng yirik va iste’dodli vakillaridan tortib, havaskor qo‘shiqchilargacha shoir she’rlarini kuyga soladilar.

Batafsil


Yangi She'rlar Muhammad Yusuf She'rlari Muhammad Yusuf asarlari