Sahifa yuklanmoqda . . .


Diloromning ko'zlari

Ma’yus edi sening ko‘zlaring g‘oyat

Go‘yo yo‘lsiz o‘rmon barglarin to‘kib,

Qora yorqinlikda shivirlar oyat,

Ko‘zlaringni tinglayapman entikib.

 

Ayricha ko‘ringay har kasga dunyo,

Borliqning savdoli ishlarin o‘ylar.

Parpirab yonardi yulduzlar go‘yo,

Ruhning manguligin yondirar ular...

 

Zanjirmi Sharq qizining qo‘llarinda,

Bir kuch topilmasmi, kishan sinmasmi,

Sharq qizi, Sharq qizi, endi kulmasmi?

Malomat, tutqunlik mangu o‘lmasmi?

 

Bir sovuq mozormi yo‘llarida,

Erkinlikning porloq nuri inmasmi?

Yo‘lsiz o‘rmon og‘ochlari shovullar,

Ko‘hna jarohatga tuz separ o‘rmon.

 

Tepamda yurg‘un oy - g‘ariba uvlar,

Gizli xayol ingrar xolos bearmon.

Ko‘zlaring qa’rida siniq bir nola,

Balkim, qafas ichra uyg‘ongan navo.

 

Balkim toshloqlarda qon yutgan lola,

Yo‘q, havosi so‘rib olingan havo...

Yo‘q, sen ey, adashgan kemani chorla,

Oyning oq sochlarin sevib taragil...

 

Koshki suvga cho‘ksam.

Cho‘kmasman. Sen bor tushmasmi.

Koshki o‘tda kuydi kuysam.

Kuymasman. Sen bor.

 

Sen borsan. Sen borsan.

Oftobim, porla,

Ko‘zlaringda yonib bitay, sevgilim...

Nechun, yana ko‘zim, kulmaysan, nechun,

 

Nechun sen yozmaysan inja qanoting,

Yana tortmakdami o‘shal mudhish tun,

Ufqda o‘chdimi, ey, quyosh, oting?

Ochgil ko‘zlaringni. Nash’a soch.

 

Borliq Oq erklik ichradir.

Har narsa oq. Oq.

Sevgilim, bu sening ko‘zingga bog‘liq.

Shodlik. Nur toshqini. Bir chaman. Bir bog‘...

 

Bular bari so‘zlar-ku, axir so‘zlar.

Qaylarga yiqilar bir kun, beomon

Ko‘zing osmonidan uchgan yulduzlar?!

Ko‘zingning qa’rida yukinar, izlar,

 

Yorug‘ sohillarni asrdiyda jon...

Mangulik osmoni - bu teran ko‘zlar.

1977


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 21-Martda yuklangan

133 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
dilorom ko'z yo'l o'rmon barg dunyo borliq savdo ish o'y yulduz ruh zanjir sharq qiz kuch kishan malomat tutqunlik mozor erkinlik nur og'och jarohat oy xayol armon nola qafas navo tosh qon lola havo osmon
Muallif
Rauf Parfi O'zturk

Rauf Parfi O'zturk

O'zbek milliy modern she'riyatining asoschilaridan biri va eng yirik vakili. Birinchi she’ri 1957-yilda e’lon qilingan. „Karvon yo’li“ (1968), „Aks-sado“ (1970), „Tasvir“ (1973), „Xotirot“ (1974), „Ko’zlar“ (1976), „Qaytish“ (1981), „Sabr daraxti“ (1986), „Sukunat“ (1991), „Tavba“ (2001) she’riy to’plamlari nashr etilgan. Rauf Parfi lirik qahramon ruhiy olamining nozik evrilishlarini mahorat bilan tasvir etuvchi she’rlari bilan tanilgan. Shoir so’zning rang va ohanglaridan, she’riy tasvir vositalaridan o’ziga xos uslubda foydalanadi. She’rlari bir necha xorijiy tillarga tarjima qilingan. Rauf Parfi Bayronning „Manfred“, Nozim Hikmatning „Inson manzaralari“, Mahmud Hodiyning «Ozodlik lavhalari» («Alvohi intiboh»), Karlo Kaladzening „Dengiz xayoli“, A. Dyumaning «Uch sarboz» va boshqa jahon she’riyati klassiklarining asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan.

Batafsil


Yangi She'rlar Rauf Parfi O'zturk She'rlari Rauf Parfi O'zturk asarlari