Sahifa yuklanmoqda . . .


Bu kishi o'lsa...

(hikoya)

 

Kechki payt Edgar Kraft Saratogdagi to‘rtinchi yo‘lda ishtirok etayotgan Chipor Tasma laqabli otga ikki yuz dollar tikdi. Sheyla laqabli ot g‘olib bo‘lishi taxmin qilingandi, ammo u birinchi burilishda muvaffaqiyatsizlikka uchradi va Chipor Tasma marraga yaqinlasha boshladi. Kraft endigina yutgan pulini hisob-kitob qilmoqchi edi, ammo Chipor Tasma sakrab chopishga o‘tdi va u marraga yetib kelganidan so‘ng poygadan chetlatildi. Kraft bor pulidan ayrilib uyiga qaytdi.

Tabiiyki, ertalab uning kayfiyati juda yomon edi. Kutilmaganda shu maktub kelib qoldi. U hammasi bo‘lib oltita xat olgandi. Dastlabki beshtasi u hali-beri to‘lay olmaydigan to‘lov talabnomalari edi. Shuning uchun ularni boshqa talabnomalar turgan tortmaga tashladi. Oltinchi xatjilddan esa uning baxtiga talabnoma ham, kreditga olingan avtomobili va mebelini musodara qilish haqidagi ogohlantirish ham chiqmadi. U o‘rtasida bir nechta so‘z yozilgan varaqni o‘qidi. Unda dastlab kimningdir ism-sharifi yozilgandi:

«janob JOZEF G. NAYMANN».

Pastda esa quyidagi so‘zlar bor edi:

«BU KISHI O‘LSA, SIZ BESH YUZ DOLLAR OLASIZ».

U hozir hazil ko‘taradigan ahvolda emasdi. Butun poyga davomida oldinda borgan ot marraga yetay deganda sakrab chopsa odamning kayfiyati albatta tushadi. U varaqning orqa tomoniga qaradi. Ikkinchi tarafida hech narsa yozilmagandi. U xatni yana bir marta o‘qidi. Xatjildni oldi. Faqat uning ism-sharifi va manzili bilan mahalliy pochta bo‘limining muhri bor xolos. Kraft ahmoqona hazil qilgan notanishni bo‘ralab so‘kdi va xatjildni burda-burda qilib axlat chelakka tashladi.

Keyingi hafta davomida u bu g‘alati maktub haqida eslamadi ham. O‘zining muammolari yetarli edi. U hech qanday Jozef G. Naymanni tanimas, shuning uchun uning o‘limidan keyin besh yuz dollar olishiga umid qilmasdi. U bu maktub haqida xotiniga indamadi. Bunday kutilmagan meros haqida qarzni so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan «Superfinans» uyushmasi xodimiga ham lom-mim demadi.

U oylik maoshi xarajatlariga yetmasligi haqida o‘y surgancha ishga borib-kelishda davom etdi. Ikki marta poygaga bordi. Bir marta o‘ttiz dollar yutdi, ikkinchisida yigirma uch dollar yutqazdi. U Jozef G. Naymanni butunlay unutib yubordi.

Shunda ikkinchi maktub keldi. U shoshib-pishib xatjildni ochdi. Buklangan varaqni oldi. Stol ustiga ellik dollarlik o‘n dona pul tushdi. Varaqda esa shunday so‘z yozilgandi:

«MINNNATDORMAN».

Edgar Kraft ikki xat orasidagi bog‘liqlikni darrov anglab yetmadi. U besh yuz dollar jo‘natishgani u yoqda tursin, qaysi qilgan ishi uchun undan minnatdor bo‘lishayotgani haqida uzoq o‘yladi. Shu payt esiga birinchi xat tushib qolib ko‘chaga yugurdi, tonggi gazeta sotib oldi va ta’ziyalar sahifasiga ko‘z yugurtirdi.

Rostdan ham bir kun oldin, uzoq kasallikdan so‘ng Park-Pleysdagi 413-uyda yashagan Jozef Genri Naymann oltmish yetti yoshida okrug kasalxonasida vafot etgandi. Undan bir beva, uch farzand va to‘rt nabira qolgandi.

Kraft uch yuz dollarni bankka qo‘ydi, ikki yuzini hamyoniga joyladi. Avtomobil uchun navbatdagi to‘lovni, uy haqini, mayda-chuyda qarzlarini to‘ladi. To‘g‘ri, uning qarzlari hali ham bor edi, lekin Jozef Genri Naymanning o‘limi sharofati bilan u erkinroq nafas olish imkoniga ega bo‘lgandi.

«Superfinans» uyushmasi xodimi qarzning ma’lum qismi qaytarilganidan qanoatlandi va uni birmuncha vaqt bezovta qilmadi.

O‘sha oqshom Kraft ippodromga xotini bilan bordi. Hatto xotiniga ham istagan otiga pul tikishiga ijozat berdi. U qirq dollar yutqazdi, ammo aslo qayg‘urmadi.

U keyingi maktubni ochmadi. Xatjild ustidagi bosma harflardanoq u xat jo‘natuvchi kim ekanligini bildi va bir necha daqiqa ochmasdan ushlab turdi. U saxiy notanish nimadir so‘rashi va olgan besh yuz dollari evaziga biror nima qilib berishidan xavotirda edi.

Nihoyat xatjildni ochdi. Hech qanday iltimos bitilmagandi. Boshqa ism-sharif yozilgan oddiy varaq.

«JANOB RAYMOND ANDERSEN».

Pastroqda quyidagi yozuv:

«BU KISHI O‘LSA, SIZ YETTI YUZ ELLIK DOLLAR OLASIZ».

Keyingi bir necha kun davomida Edgar Kraft janob Raymond Andersenga hech qanday yomonlik tilamayotganiga o‘zini ishontirib yurdi. U bu kishini tanimas, u haqda eshitmagan, unga o‘lim tilamasdi. Ammo baribir...

Har kuni ertalab u gazeta sotib olar va darhol ta’ziyalar sahifasini ochib beixtiyor janob Raymond Andersenning ismini qidirardi. «Men unga yomonlik tilamayman», derdi u har safar ichida. Ammo yetti yuz ellik dollar... Agar janob Raymond Andersenga biror nima bo‘lganida edi, u pulli bo‘lib qolardi. Lekin Andersenga narigi dunyoga ravona bo‘lishiga yordam bermaydi. Yo‘q, yo‘q, faqat bu emas. Ammo unga biror nima bo‘lsa...

«Biror nima» yuz berdi. Besh kundan so‘ng u tonggi gazetada uzoq kasallikdan so‘ng vafot etgan qariya Andersenga yozilgan ta’ziyanomani o‘qidi. Uning yuragi gupillab urib ketdi. U o‘zini aybdordek his qildi. Ammo nima uchun o‘zini ayblashi kerak? U hech qanday yomon ish qilgani yo‘q-ku. Andersendek qari, kasal chol og‘ir azoblardan qutulgani uchun o‘limidan faqat xursand bo‘lishi kerak.

Lekin unga nima uchun kimdir yetti yuz ellik dollar to‘lashi kerak?

Ammo to‘ladi. Maktub ertasiga ertalab, uyqusiz tundan so‘ng keldi. Kraft kechasi bilan xat kelish-kelmasligini o‘ylab uxlay olmasdan u yonidan bu yoniga ag‘darilib chiqdi. Yetti yuz ellik dollar pul va «MINNATDORMAN» degan tanish so‘z yozilgan xat keldi.

 

Nima uchun? U aslo tushunmasdi. U xatni tortmaga tashlashdan oldin bir og‘iz so‘z yozilgan varaqqa uzoq tikilib turdi.

«Tez-tez yozib turinglar», deb qo‘ydi ichida.

Ikki hafta xat kelmadi. U «saxovatpesha notanish meni unutib qo‘ymadi» degan umidda har kuni pochta qutisini tekshirib ko‘rardi. Ba’zan yigirma-o‘ttiz daqiqa bo‘shliqqa tikilgancha pul va xat haqida o‘ylab o‘tirardi. U ish qilmoqchi bo‘lar, lekin xayoli sirli saxovatpesha tomon ketib qolardi. U yiliga besh ming dollar olar va bu pul uchun haftasiga qirq-ellik soat ter to‘kib ishlardi. Endi esa ikkita xat bilan barmog‘ini ham qimirlatmasdan bu pulning chorak qismini topgandi.

Yetti yuz ellik dollar uni qarzlaridan batamom qutqarmagan bo‘lsa-da, ancha yordam berdi. Xotini kutilmaganda uyni ta’mirlatmoqchi bo‘ldi. Uy haqi, avtomobil uchun pul to‘lash vaqti keldi. Bir kuni poygada pul yutdi, oxir-oqibat bor yutug‘iga qo‘shib yana yigirma dollarni boy berdi.

Shunda yerto‘la uchun havo tozalagich taklif qilingan va allaqanday xayriya jamg‘armasiga pul o‘tkazish iltimosi bo‘lgan xatlar bilan birga uchinchi xat keldi. Havo tozalagich va xayriya jamg‘armasi xatlari axlat chelakka ravona bo‘ldi, uchinchi xatni esa ochdi. Yana o‘shanday, faqat ism-sharif o‘zgargan.

«JANOB KLOD PAYRS

BU KISHI O‘LSA, SIZ MING DOLLAR OLASIZ».

Xatni tortmaga solgan paytda Kraftning qo‘llari qaltirayotgandi. Ming dollar: to‘lanadigan pul miqdori boshni aylantiradigan darajaga yetgandi. Janob Klod Payrs. U birorta Klod Payrsni taniydimi? Tabiiyki, yo‘q. Kim u? Tuzalmas kasallikdan o‘layotgan qariyami?

Kraft bunga judayam umid qilardi. U bunday bema’ni o‘ylari uchun o‘zidan nafratlanar, ammo o‘zini to‘xtatolmasdi. U Klod Payrsning o‘lishiga umid qilardi.

Bu safar u ma’lumot to‘plashga kirishdi. Telefon ma’lumotnomasidan Xonideyl-drayv ko‘chasida yashovchi Klod Payrsni topdi. Ma’lumotnomani yopdi va ishini qilmoqchi bo‘ldi, ammo bo‘lmadi. Yana ma’lumotnomani ochdi, bu kishi nimadan vafot etishini taxmin qilib telefon raqamiga uzoq tikilib turdi. Kraftga uning o‘lishi muqarrardek tuyulayotgandi. Agar u biror insonning ism-sharifi yozilgan xat olsa, o‘sha kishi albatta o‘lar, Edgar Kraft esa pul olardi. Demak, Klod Payrsning hayoti ham qil uchida turibdi.

U qo‘ng‘iroq qildi. Go‘shakni ayol kishi oldi. Kraft janob Payrsni so‘radi.

-Janob Payrs kasalxonada,-deyishdi unga.-Kim so‘rayapti?

-Rahmat,-deb Kraft go‘shakni qo‘ydi.

«Albatta», o‘yladi u. Ular kasalxonada o‘lishi muqarrar bemorlarni topishadi va bemor vafot etishi bilan Edgar Kraftga pul to‘lashadi. Nima uchun pul to‘lashayotgani esa Kraftni tashvishlantirmasdi. Balki o‘sha odam televizorda hikoya qilishgan telbaga o‘xshar. O‘sha telba har hafta odamlarga million dollardan tarqatgan. Agar birortasi Kraftga pul jo‘natmoqchi ekan, Kraft bunga qarshilik qilmaydi.

U o‘sha kuniyoq kasalxonaga qo‘ng‘iroq qildi. Klod Payrs ikki kun ilgari operatsiya qilinganini aytishdi. Operatsiya yaxshi o‘tgan, bemor o‘zini yaxshi his qilyapti.

«Bu vaqtinchalik», o‘yladi Kraft. Payrs o‘limga mahkum. U Payrsga achindi, keyin esa kechki poygani o‘ylay boshladi. Unga Malla Yulduz laqabli ot yoqqandi. Bu otni u anchadan beri kuzatayotgandi, balki bugun yutar.

Kraft ippodromga bordi. Malla Yulduz uning ishonchini oqlamadi. Ertalab u gazetadan Payrsga atalgan ta’ziyanomani topolmadi. Kasalxonadagilar bemorning ancha tuzalib qolganini aytishdi.

«Bunday bo‘lishi mumkin emas», o‘yladi Kraft.

Klod Payrs uch hafta kasalxonada yotdi va bu vaqt davomida uni davolovchi shifokordan ko‘ra Edgar Kraft uning sog‘ligiga ko‘proq qiziqdi. Bir kuni Payrsning salomatligi to‘satdan yomonlashdi va u hushidan ketib qoldi. Hamshiraning ovozida qayg‘u sezildi va Kraft taqdirdan minnatdor bo‘ldi. Ammo ertasiga Payrs o‘ziga keldi. Hamshira bu haqda quvonch bilan ma’lum qildi, Kraft esa g‘azabga mindi.

Shu kundan boshlab Payrsning sog‘ligi yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. U kasalxonadan chiqdi. Kraft qanaqasiga bunday bo‘lganini hech tushunolmasdi. Hammasi chappasiga aylanib ketgandi. Payrsning o‘limidan so‘ng u ming dollar olishi kerak edi. Payrs kasal bo‘ldi, Payrs hayot va o‘lim chegarasiga bordi va kutilmaganda Kraftni ming dollardan mahrum qilgancha o‘lim changalidan qutuldi.

Kraft keyingi maktubni kutardi. Ammo maktub kelmadi.

U uy haqini to‘laydigan muddatdan ikki hafta o‘tib ketdi. Avtomobil uchun to‘lov ham kech qoldi, unga yana «Superfinans» uyushmasi xodimi qo‘ng‘iroq qila boshladi. Kraftning boshi qotib qoldi. «Bu kishi o‘lsa», deb yozilgandi xatda. Axir, Payrs abadiy yasholmaydi-ku. Hech kim yasholmaydi. Payrs o‘lishi bilan Kraft ming dollarga ega bo‘ladi.

Aytaylik, Payrs bilan biror noxushlik yuz beradi...

U beixtiyor qayta-qayta shu fikrga kelardi. «Muammo bo‘lmaydi», o‘zini tinchlantirardi u. U Klod Payrsga qiziqayotganini hech kim bilmaydi. Yaxshi tayyorgarlik ko‘rsa, hammasi silliq kechadi. Politsiya hech qachon undan shubhalanmaydi. Axir u Payrs bilan tanish emas-ku... Shunday ekan...

«Qo‘limdan kelmaydi,-dedi Kraft o‘ziga o‘zi.-Bunday qilolmayman. Begunoh bir insonni o‘ldirish... Aslo».

U o‘sha ming dollarsiz ham kun ko‘rishga qaror qildi. Oldin shu pulsiz ham yashagan-ku. Ha, shu pullar bo‘lsa yomon bo‘lmasdi. Qanday sarflashni yaxshi bilardi. Ammo na iloj.

Ertasiga ertalab Klod Payrsning ismi gazetalarning birinchi sahifasida bosilib chiqdi. Tunda kimdir uning Xonideyl-drayvdagi uyiga kirgan va uxlayotgan joyida bo‘g‘izlab ketgandi. Qotil kimligi aniqlanmagandi. Qotillikka nima sabab bo‘lganini ham hech kim aytolmasdi.

Kraft bu xabarni o‘qirkan, o‘qchigisi keldi. U Payrsni xuddi o‘zi o‘ldirgandek o‘zini aybdor his qilardi. U hech qanday yomon ish qilmaganini, hech kimni o‘ldirmaganini yaxshi bilardi. Ammo bu haqda o‘ylagan, Payrsga o‘lim tilagandi.

Pul ertasiga keldi. Yuz dollarlik o‘n dona - jami ming dollar pul. Va bittagina so‘z yozilgan bir varaq qog‘oz:

«MINNATDORMAN».

«Menga minnatdorchilik bildirishning keragi yo‘q,-o‘yladi Kraft pullarni mahkam siqimlagancha.-Minnatdorchilikning keragi yo‘q».

 

***

 

«JANOB LEON DENNISON

BU KISHI O‘LSA, SIZ BIR YARIM MING DOLLAR OLASIZ».

Kraft bu xatni o‘qirkan, yuragi qinidan chiqib ketgudek urardi. U xatni ikki marta o‘qib chiqdi, so‘ng xatjildga solib, mayda-mayda qilib yirtdi va axlat chelakka tashladi.

Kraftning boshi og‘rib qoldi. U dori ichdi, ammo bosh og‘rig‘i qolmadi. Tushgacha u ishxonada hech narsa qilmasdan o‘tirdi. Tushlik paytida qahvaxonaga kirdi, ovqat ta’mini sezmasdan ovqatlandi. Ishga qaytgach, kechki payt Saratogda bo‘ladigan poyga haqida o‘ylamoqchi bo‘ldi. Ammo xatdagi satrlar uning ko‘z oldidan ketmasdi. U ishdan ertaroq chiqdi va ko‘chani aylanib yurdi.

«Janob Leon Dennison».

Dennison Kedbyuri-avenyudagi uyda yashardi. Go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Dennison advokat bo‘lib, telefon ma’lumotnomasida ishxonasining raqami ham bor edi. Kraft qo‘ng‘iroq qilib ko‘rdi, kotiba janob Dennison yig‘ilishga ketganligini aytdi.

«Bu kishi o‘lsa».

«Ammo Dennison hali-beri o‘ladigan emas», o‘yladi Kraft. Har qalay, kasalxonada o‘lmasligi aniq. Dennison o‘zini juda yaxshi his qilyapti, ishlayapti va xatni yozgan odam bu haqda biladi.

«Bir yarim ming dollar».

Ammo qanday qilib? Uning to‘pponchasi yo‘q, qayerdan olishni ham bilmaydi. Pichoq? Klod Payrsni pichoqlab o‘ldirishgani uning yodiga tushdi. Pichoqni topish ham oson. Ammo... buni istamasdi.

Unda qanday qilib? Avtomobil? Amalga oshirsa bo‘ladi. U Dennisonni xoliroq joyda poylashi va bosib ketishi mumkin. Lekin politsiya birpasda topadi. O‘lgan shaxsga tekkan bo‘yoq yuqidan, avtomobil bamperida qolgan qondan. U qanday qilib topishlarini aniq bilmasa-da, avtomobilda odam o‘ldirganlarning aksariyati panjara ortiga tushishini bilardi.

«Bu fikrni miyangdan chiqar,-dedi u o‘ziga o‘zi.-Sen qotilmassan».

Lekin bu fikrni miyasidan chiqarolmadi. Ikki kun boshqa narsalar haqida o‘ylashga urindi, ammo bo‘lmadi. Xayoli Dennison va va’da qilingan pulga ketaverdi. Bir yarim ming dollar. U qotillik qilish haqida o‘ylardi.

«Bu kishi o‘lsa».

U bir kuni ertalab turdi va Kedbyuri-avenyuga bordi. Leon Dennisonning uyini uzoq vaqt kuzatdi. Dennison uyidan chiqdi. U avtomobili oldiga borish uchun yo‘lni kesib o‘tayotganida Kraft oyog‘ini gaz tepkisiga qo‘ydi va Dennisonni mashinasiga qapishtirib tashlash uchun tepkini bosishiga sal qoldi. U vaqtida o‘zini to‘xtatdi va Dennisonning mashinaga o‘tirib ketishini kuzatib turdi.

Keyin bu ishidan xursand bo‘ldi. Aytaylik, uni ushlab olishdi. Uning xat jo‘natayotgan odam bilan hech qanday bog‘liqlik joyi yo‘q. Hamma xatlarni yo‘q qilib tashlagan, xatlar bo‘lgan taqdirda ham ularni jo‘natgan odam kimligi noma’lum.

«Bir yarim ming dollar».

Payshanba kuni tushdan so‘ng u xotiniga qo‘ng‘iroq qildi va ishdan keyin to‘g‘ri Saratogga ketishini aytdi. Xotini odatdagidek norozilik bildirdi, ammo tortishmadi. Kraft Kedbyuri-avenyuga bordi. Eshikbon qahvaxonaga kirib ketishini kutib turdi va yugurib uyga kirdi. Leon Dennisonning xonadoni eshigini topib, qalamtarosh yordamida qulfni ochdi. U qulfni ochguncha xuddi politsiya kelib ushlab oladigandek terlab ketdi. Ammo hammasi xamirdan qil sug‘urgandek bo‘ldi, u ichkariga kirib, eshikni yopdi.

U ostonadan ichkariga qadam qo‘yishi bilan unga nimadir bo‘lgandek bo‘ldi. Qo‘rquv, vahima, hayajon - hamma-hammasi g‘oyib bo‘ldi. Dennisonning xonadoniga xuddi boshqa Edgar Kraft kirgandek edi. «Hammasi aniq,-dedi u o‘ziga o‘zi.-Jozef G. Naymann hukm qilingandi. Raymond Andersen ham, Klod Payrs ham. Hammalari o‘lishdi. Endi Leon Dennison o‘limga mahkum va nima bo‘lmasin u ham o‘ladi».

Hammasi aniq va tushunarli. U, Edgar Kraft katta bir o‘yinda bor-yo‘g‘i bir piyoda. U o‘ziga ajratilgan vazifani bajarishi lozim. Hammasi rejadagidek bo‘lishi shart.

Hammasi rejadagidek bo‘ldi. U Leon Dennisonning kelishini uch soat kutdi. Eshik qulfi shiqirlaganda Kraft qo‘lida kamin uchun o‘tin yoradigan boltachani baland ko‘targancha oyoq uchida eshik ortiga bordi. Eshik ochilib, Dennison ichkariga kirdi.

Boltacha zarb bilan tushdi.

Leon Dennison ovoz chiqarishga ham ulgurmay quladi. Boltacha yana ikki marta uning boshiga tushdi. Leon Dennison na qimirladi va na ovoz chiqardi. Kraft eshik tutqichini, barmoq izlari qolishi mumkin bo‘lgan hamma joy va buyumlarni artib chiqdi. So‘ng uydan bildirmay chiqib ketdi. Uni hech kim ko‘rmadi.

U tuni bilan vijdoni qiynalishini kutdi. Ammo vijdoni qiynalmaganidan hayron qoldi. U allaqachon, Andersenga o‘lim tilagan, Payrsning o‘limini rejalashtirgan paytdayoq qotilga aylanib bo‘lgandi. Xayolan qotillik qilishni amalda qo‘llash unga deyarli qiyin bo‘lmadi.

Ertasiga xat kelmadi. Maktub oradan bir kun o‘tgach keldi. Xatjild anchagina qalin edi: ichidan o‘n besh dona yuz dollarlik pul va bir varaq qog‘oz chiqdi.

Bu safar matn o‘zgargandi. Odatdagi «MINNATDORMAN» degan so‘zdan keyin quyidagi so‘zlar yozilgandi:

«YANGI ISHINGIZ YOQDIMI?».

 

Ruschadan Dilshodbek Asqarov tarjimasi

 

 


Ushbu detektiv hikoyani nechta yulduzcha bilan baholaysiz?



Yangi Detektiv hikoyalar Lourens Blok Detektiv hikoyalari Lourens Blok asarlari