Sahifa yuklanmoqda . . .


"Bo'lg'usi" radifli muxammas

Navoiy g‘azaliga muxammas

Shirinsuxan Laylivashim vaqtiki qohir bo‘lg’usi,

Tig’i siyosat tortibon qatlimga hozir bo‘lg’usi,

Tan chirkidin jonim mening ul lahza tohir bo‘lg’usi,

Ishq ahli go’ristonida qabrim chu zohir bo‘lg’usi,

Farhod oning toshin yo‘nub, Majnun mujovir bo‘lg’usi.

 

Fatton ko‘zung mardumlari xunxora ikki jodudur,

Mehri jamoling ollida xurshedi raxshon ko‘zgudur,

Qilsam anga nazzoraye, men zorg‘a bu qayg’udur,

Dersen,yuzum sori ko‘zung ko‘p boqmasun, gar yuz budur,

Ul mehr tobidin erib oqg‘uncha nozir bo‘lg’usi.

 

Kofir ko‘zungning xizmatin ixlos ila qilmish ajal,

Xanjar mijangdin aylabon el bag‘rini tilmish ajal,

Qotilligingni, ey pari paykar, magar bilmish ajal,

G‘amzangdin o‘lturmak ishin ta’lim ola kelmish ajal,

Bu nav ustod o‘lsa, ul oz chog‘da mohir bo‘lg’usi.

 

To g‘ayr ila majlis tutub mayl etti ul mah jomg‘a,

Har kecha ohim o‘t solur garduni nofarjomg‘a,

Hamkeshlik qilmay dame men zori beoromg‘a,

Ul g‘amza kufridin ko‘ngul nave kelur islomg‘a

Kim, tarki islom aylabon go‘yoki kofir bo‘lg’usi.

 

Bordur manga zolim iki: gardun biri, dilbar biri,

Ashkim bila ohim erur Jayxun biri, sarsar biri,

Behad g‘amim bor o‘lsa sabt o‘lg’usi ming daftar biri,

Ko‘nglumdagi har peshdin gar bo‘lsa bir til har biri,

Yuz til bila o‘z holining sharhida qosir bo‘lg’usi.

 

Dildor vaslin istasang, o‘zdin anosir dafin et

Bor-u yo‘qing tarkin tutub, pinhon-u zohir dafin et.

Har ishki maqsad nuriga bo‘lg’usi sotir dafin et,

Xotirni jam istar esang, avval xavotir dafin et.

Kimda xavotir bo‘lmasa, osuda xotir bo‘lg’usi.

 

Husn ichra aql aylab sanga Kan’on shahi tashbehini,

Ko‘nglum qilib ruxsoringa gardun mahi tashbehini,

Ko’yunga Munis ravzaning aylab gahi tashbehini,

Qildi Navoiy qaddinga sarvi sihi tashbehini,

Bu tabi nomavzun ila bechora shoir bo‘lg’usi.


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2017, 06-Yanvarda yuklangan

49 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
shirin layli vaqt tig' siyosat qatl tan jon ishq ahli go'riston qabr farhod majnun ko'z jodu mehr jamol nazar kofir xizmat bag'ir ko'ngul qotil ajal g'amza pari ta'lim ustod mohir kecha oh ashk islom ish zolim xotir yor
Muallif
Shermuhammad Munis

Shermuhammad Munis

(1778-1829) Shermuhammad Amir Avazmuhammad o‘g‘li MunisXorazmiy Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog’ida dunyoga kelgan. U madaniyatimiz tarixida shoir, tarixchi, tarjimon, xattot va ma’rifatparvar shaxs sifatida nom qoldirgan. Xiva xoni Shermuhammadni saroyga farmonnavis kotib qilib tayinlaydi. Munis butun ongli faoliyati davomida ilm-fan, madaniyat va san’at kishilariga homiylik qiladi.

Batafsil


Yangi Taxmis muxammaslar Shermuhammad Munis Taxmis muxammaslari Shermuhammad Munis asarlari