Sahifa yuklanmoqda . . .


Xazonlarda qolgan kunlarim

XAZONLARDA QOLGAN KUNLARIM

Latofat bilan SHerzodning turmush qurganlariga o‘n yildan oshdi. Biroq farzand ko‘rishmadi. Hayotdan nolishmaydi. Hamma narsalari bor. Lekin bolaning o‘rni boshqa. Ular xudodan erta-yu kech farzand tilashadi. Xonadon sohibi SHerzod ichki ishlar xodimi, kapitan. Uning ko‘p vaqti ko‘chada — ishda o‘tadi. Latofat uy bekasi — uzzu-kun erini kutishdan o‘zga iloji yo‘q.

Har doimgidek SHerzod ishda navbatchi bo‘lib qoldi. Tun yarmidan oqqanda, mayor ofitserlar o‘tirgan xona eshigidan boshini tiqib dedi:

— Kapitan To‘raev, uchastka nozirlari bilan atrofni ko‘zdan kechirib chiqinglar-da, keyin uyga ketaveringlar.

SHerzod o‘rnidan turdi. Komandirining To‘raev degani, ayniqsa oldiga kapitan deb qo‘shib qo‘ygani unga moydek yoqib tushdi. Ikki serjant bilan hovliga chiqdi.

— Sizlarga javob, — dedi SHerzod To‘raev.

— O‘rtoq kapitan, biz...

— Buyruq muhokama qilinmasin, — qat’iy talab qo‘ydi kapitan.

Nozirlar ketdi. SHerzodning bir o‘zi sukunat hukmronligi poyoniga etayotgan tun bag‘rida tevarakka ziyrak boqib, bozorcha oldiga keldi. YOn-verini ko‘zdan kechirdi. O‘zidan sal nariroqda, bozor devorlari tubida oppoq tugunga nigohi tushdi. Faqat e’tiborini tortgani shu bo‘ldiki, mato qimirlardi. Kapitan yaqinroq borib qaradi. «Mushukning yoki itning bolasidir-da» o‘yladi To‘raev. Vaholanki, bunday bo‘lmadi. Yo‘rgakda taxminan ikki, uch oylik bo‘lib qolgan chaqaloq yotardi. SHerzod bir muddat kalovlanib turib qoldi, so‘ng bolani qo‘liga oldi. Uzoq o‘ylagandan keyin «bolakayni uyga olib ketish kerak» degan xulosaga keldi. Uning shu mahalda boshqa chorasi ham, yana o‘ylashga hafsalasi ham yo‘q edi.

Latofat hali uyqudan turmagan edi. Darvoza qo‘ng‘irog‘ining tovushi uni bir oz cho‘chitib, vahimaga soldi. Quvlik bilan boquvchi ko‘zlarini ishqalab ostonada paydo bo‘lib, samimiyat ila so‘radi:

— Kim u?

— Menman, — dedi SHerzod hayajonli ohangda. — Eshikni och!

Yo‘rgakdagi bolani ko‘rgan juvon yoqa ushladi.

— Kim bu? — dedi beixtiyor. Eri bir necha soniya jim bo‘lib qoldi.

— Bozor devori yonidan topdim. — Oradagi soniyalik sukut o‘tib gapida davom etdi. — Kimlardir tirnoqqa zor-u kimlardir bezor...

— YAratganga shukr, ohlarimiz etib bordi, bizga ham farzand ato qildi, — dedi Latofat ko‘z yoshlarini yashirolmay.

Yo‘rgakning ichidan bolaning shu kunlarda olingan surati chiqdi. Orqa tomonida «Bekzodjon uch oylik» degan yozuvi bor edi. Er — xotin gapni bir joyga qo‘yib, agar bolaning ota — onasi topilmasa o‘zlari asrab olishga qaror qildi. SHerzod To‘raev o‘ylagan ish amalga oshadigan bo‘ldi. CHaqaloqning biror qarindoshi da’vo bilan chiqmadi. Ular bolani o‘z shariflariga o‘tkazib ismini «Sohibjon» deb o‘zgartirishdi hamda SHerzodning xizmat safari bois tez fursatda boshqa tumanga ko‘chib ketishdi.

Vaqt o‘tishi bilan Sohibjon ulg‘ayib borar, esini tanib tili chiqqandan buyon rassomchilikka qiziqardi. O‘zi ham rasmlar chizib, turli bolalar ko‘rik tanlovlarida ishtirok etib faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Maktab quchog‘idan uchirma bo‘lgan tengdoshlari kabi Sohibjon ham xujjatlarini oliy o‘quv yurtiga topshirib talaba bo‘ldi. Talabalikning ilk bosqichini samarali yakunladi. U betinim o‘qidi, izlandi, o‘z ustida ishladi. Universitetda SHuhrat Solihov degan ko‘pchilikka ma’lum va mashhur domla bor edi. SHu domla shogirdlari orasida rassomlikka bo‘lgan iste’dodi uchun Sohibjonni boshqacha xushlardi. Yigitcha ham bu e’tiborni sezib va bilib yurardi.

Odatiy o‘qish kunlarining birida guruh sardori:

— Sohibjon, sizni SHuhrat domla chaqirayapti, — dedi. U eshikdan chiqib uzun yo‘lka bo‘ylab yurarkan, SHuhrat Solihovday domla nega chaqirganligiga hech aqli etmadi. Ohista eshik qoqdi. «Kiring» dedi ichkaridan kelgan ovoz. Keyin ohista o‘tirishga undadi.

— O‘qishlaringiz yaxshimi?

— Rahmat.

— Sizni chizgan suratlaringizni ko‘rdim. Menga yoqdi. SHu bois shogirdim bo‘lsangiz deb chaqirtirgandim. Yigit ustozini jimgina tingladi. Uning besas o‘tirganini ko‘rib domla so‘radi:

— Qaerda turibsiz?

— Ijarada.

— Sohibjon sizga bir taklifim bor. Keling, biznikiga ko‘chib o‘ting. Birga yashaymiz, birga ishlaymiz. Uyda iymanadigan hech kim yo‘q. Kelinoyingiz va yolg‘iz qizim bor.

Sohibjonning so‘z aytishga tili lol edi. SHuhrat Solihov talabasidan javob bo‘lavermagach sukut alomati rizo deb tushundi. — YUklaringizga mashina yuboraymi?

— Yo‘q. O‘zim...

— Unda kechqurun sizni uyda kutaman.

— Albatta.

— Xayr.

Kun shomga yaqinlashganda amallab domlaning uyini topdi. Eshik qo‘ng‘irog‘i chalindi. Darvozani domlaning xotini Rohila opa ochib, samimiy kutib oldi. Qizi ham bog‘oyat maftunkor, xuddi arman qizlaridek ko‘zlari quvlik bilan boquvchi, yanoqlari serjilo bo‘lib — ismi Nigina edi.

Sohibjon to‘rtinchi bosqichda davlat imtihonlari o‘tayotgan mahal SHuhrat Solihovning sa’i-harakatlari bilan grant asosida Sohibjon Fransiyaga bir oylik malaka oshiruvchi o‘qishga jo‘natildi. Yigit o‘zga yurt havosidan bahra olarkan vatanini, ota-onasini ayniqsa Niginani benihoya sog‘indi. YUrtiga qaytadigan kuni hammaga sovg‘a oldi. Niginaga esa alohida eng yaxshi, eng qimmatbahosini...

Aeroportdan to‘g‘ri SHuhrat Solihovning uyiga kelgan yigit ertasi kuni Samarqandga ota-onasining bag‘riga shoshildi.

Oilaviy suhbat asnosida yigit onasiga Niginada ko‘ngli borligini e’tirof etdi. Onasi Sohibjonga dedi:

— Nigina domlangni yolg‘iz qizi bo‘lsa, uzoqqa qiz bermas-ov.

— Oyi, siz borib ko‘ring. Bilaman, Niginaning ham menda ko‘ngli bor.

SHunday qilib sovchilik ko‘ngildagidek o‘tib, har ikki tomon kelishib to‘y qilindi. SHuhrat Solihov kuyoviga mashina sovg‘a qildi. So‘ng Sohibjonning topgan-tutganlariga dadasi hamda qaynotasi ko‘maklashib uy olib berdi. Oradan o‘tayotgan fursat oilani baxt daraxtiga maxkamroq va mustahkamroq bog‘ladi. Nigina o‘g‘il ko‘rdi.

Vaqt to‘fondek uchadi. Ana shu to‘fon Rohila opani dardga chalintirib ketdi. Tez-tez sog‘ligi yomonlashadigan bo‘ldi.

Odatiy kunlarning birida Sohibjon ishdan qaytarkan, rafiqasi qo‘ng‘iroq qilib onasining holidan xabar olib kelishini so‘radi. U ashinasini qaynotasining hovlisi tomon burdi. Manzilga etib kelganida darvoza qiya ochiq edi. Ichkari odimlarkan uyning peshayvonida qaynonasining uxlab yotganiga ko‘zi tushdi. Oldiga borib o‘tirdi. Picha vaqt o‘tib odam nafasidan uyg‘ongan ayol shoshib o‘rnidan turdi. Lahzalik shoshilish vaqtida qo‘lida quchoqlab uyquga ketgan surat pastga tushib ketganini sezmadi. Hol-ahvol so‘ralib, Sohibjon erdagi rasmni qo‘liga olib dedi:

— Hali kelsam qo‘lingizda ekan. Pastga tushib ketdi. Qaynonasiga uzatishdan oldin suratga ko‘z yugirtirdi. Qo‘lidagi rasm uyidagi surat bilan bir xil edi. Ortidagi yozuv ham o‘sha — «Bekzodjon uch oylik». Keyin qaynonasini so‘roqqa tutdi:

— Bu kimning yoshligi?

— O‘g‘lim, dardmanligimning davosi shu suratda!

Sohibjonning yuragi muzlab ketdi. Axir onasi Latofat opa rasmni ko‘rsatib «O‘g‘lim bu sensan» demaganmidi! «Nega Bekzod deb yozilgan» deb so‘raganida «Dadangga ko‘proq Sohibjon ismi yoqardi, shuning uchun o‘zgartirganmiz» degandi-ku. Yigit uzoq xayol surdi, keyin mayingina shivirladi:

— Tushunmadim. Bu suratning sizga nima aloqasi bor?

— O‘g‘lim, oradan shuncha yillar o‘tdi. Boshimizdan o‘tgan voqealarni hech kimga aytmadik. Nigina ham bilmaydi. Sabr bilan eshitsangiz sizga ko‘nglimni yoray. Zora engil tortsam! Sohibjon «eshitaman» degandek bosh chayqadi.

— Domlangiz bilan institutda birga o‘qirdik. Bir-birimizni yoqtirardik. U kishiga juda ishonardim. Ana shunday kuchli ishonch bilan ba’zida u kishining ijara uyida tunab qolardim. Kunlarning birida homilador ekanligimni bilib qoldim. Men to‘y qilamiz dedim. Uyiga qo‘ng‘iroq qilgan ekan otasi «Bu yil uylantira olmaymiz» debdi. Bu gapdan keyin SHuhrat aka boshqa ijara uy topdi. Birga yashay boshladik. Kursdoshlarimiz ham sezmadi. Ko‘zim yorishiga yaqin qolgan oylarda darslarga qatnamadim. Farzandimiz tug‘ildi — Bekzodjon. U uch oylik bo‘lganda rahmatli qaynotam qo‘ng‘iroq qilib «O‘sha samarqandlik qizga uylanasanmi» debdi.

To‘y kuniga ikki kun qolganda bolani nima qilishni o‘ylab qoldik. SHuhrat aka «Mehribonlik uyi»ga topshiramiz, to‘ydan keyin kelib qaytarib olamiz dedi. Men ahmoq ko‘nmadim. Uyga olib ketaman, oyimga beraman deb turib oldim. Kechgi poe’zdga chipta olib yo‘lga tushdim. Samarqand vokzaliga tushganimda vaqt yarim tundan og‘ib, tong otishiga ikki-uch soatlar qolgan edi. Vokzalning yonginasidagi bozorchani ko‘rib o‘ylanib qoldim. Bekzodjonni uyga olib borsam ota-onam nima deydi. Akalarim naq o‘ldirib qo‘ya qolar. Qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, mahalla — ko‘y degandek... Bir qarorga keldim: Bolani bozor devori yonida qoldiraman. Sal turib odamlar g‘imirlab qolishadi. Biror yaxshi inson chiqib olib ketar dedim-u o‘ylaganimni amalga oshirishga kirishdim. Bolani yo‘rgaklab, orasiga mana shu suratning ikkinchisini joyladim, — deya  Rohila opa rasmga turmilib yig‘lab yubordi. Sohibjonning ahvoli unikidan bir oz tuzuk edi, xolos.  — Bolani devor yoniga qo‘yib o‘zim nariroqda poylab turdim. Kimdir o‘sha tomonga yurdi. Bolani ko‘rib qo‘liga oldi. Keyin uni ko‘tarib chiroq nurlaridan o‘tdi-yu qorong‘ulikka singib ketdi. YUzini ko‘rolmadim. Lekin egnidagi kiyim militsiya formasi ekanligini payqadim. Domlangiz bilan toshkentga qaytganimizdan keyin u kishi mendan anchagacha xafa bo‘lib yurdi. Lekin g‘isht qolipdan ko‘chgan, o‘n joyimni o‘ymayin befoyda...

Sohibjon boshqa tinglolmadi. Uning boshini o‘zining o‘y-xayollari chulg‘ab oldi. Rohila opaning o‘g‘lini boshqa ko‘rmagani, umrining oxirida loaqal bir marta diydorlashgisi kelayotgani haqida aytganlari umuman ahamiyatsizdek tuyuldi.

U onasining «suratdagi chaqaloq sensan» deganidan tortib, qaynonasining «egnida militsiya formasi bor edi» degan so‘zlarini ko‘nglidagi shubha bilan bir kelmasligini chin dildan istardi.

— Rohila opa tashlab ketgan go‘dak menman. Mening otam ofitser, demak men bu ayolning o‘g‘liman. Uning xayollari qat’iy hukm chiqardi. Butun olamga iztirobli boqdi ko‘zlari. Kuyovining ahvolini ko‘rgan qaynona aytganlarimdan kuchli ta’sirlandi deb choy quyib uzatdi. Sohibjon esa o‘rnidan turdi-da mashinasiga o‘tirib jo‘nab ketdi.

Uydagi sandiqlarni titkilarkan nihoyat izlaganini topdi. Rasmga tikilib qo‘shni xonada gurunglashib o‘tirgan ota-onasidan so‘radi:

— Oyi, dada suratdagi bolakay menman-a?

— Ha, — dedi ular baravar. — Ha-da, kim ham bo‘lardi, — takrorladi otasi. Yigit ularni boshqa bezovta qilmadi.

Tun. Hammalari uyquga yotarkan, ota-onasining suhbati bexos qulog‘iga chalindi. Onasi zorlandi:

— Dadasi, necha marta aytdim zormanda suratni yo‘qotaylik deb. Ana, o‘g‘lim nimanidir sezgan... Bir umr ota-onasi kelib olib ketishidan cho‘chib yashadim.

— Qo‘y, onasi, hech narsa bo‘lgani yo‘q-ku. Uni hech kim olib ketmaydi. SHunchaki so‘radi-da. Sohibjonni biz katta qildik. Voyaga etkazdik. U bizning o‘g‘limiz, birovga berib qo‘ymaymiz. O‘sha tunni yaxshi eslayman. Vokzal yonidagi bozorcha oldidan topgandim uni. Kimlardir boladan bezor bo‘lganda, biz tirnoqqa zor edik. Uni hech kimga bermaymiz, hech kimga, — har so‘zini dona-dona qilib gapirardi SHerzod aka xotiniga.

Endi Sohibjonda hech qanday shubha qolmadi. SHerzod To‘raev va Latofat opa uni asrab olgan ota-onasi, SHuhrat Solihov hamda Rohila opalar tuqqan ammo voz kechgan ota-onasi ekanligiga u amin bo‘ldi. Sohibjon hozir bu narsalar haqida o‘ylamasdi. Uning qalbini bundan ming chandon ortiqroq g‘am kemirardi.

— Nahot Nigina menga singil... Nahot o‘z singlim bilan... Bu savol bir necha kunda uni ado qilayozdi. Kimdan qanday qilib, nimani so‘rashni bilmadi.

Biroq o‘sha kundan boshlab Sohibjon hech kimga churq etmasdan Fransiyaga hujjat to‘g‘rilay boshladi. Va tez muddatda oilasi bilan jo‘nab ketdi. Uning bu ishiga hamma hayron edi. Erining uyiga qo‘ng‘iroq qilishga ham ruxsat bermagani Niginani qattiq ranjitdi.

Sohibjon ayoliga yaqinlashmay qo‘ydi. Alamini ishdan oldi. So‘ng miyasiga kelgan fikrni amalga oshirishga kirishdi. U taqdiri haqida kitob yoza boshladi.

Azob va iztiroblarga, javobsiz savollarga to‘lib bir necha oy o‘tdi.

YOzganlari «Xazonlarda qolgan kunlarim» nomi bilan nashrdan chiqdi. Sohibjon kitobga o‘zining hayotini tushirdi. O‘sha xazonli tunda tashlab ketilganidan tortib, bugungi kunigacha yozdi.

Yigit kitobning ilk nusxasiga uch oylik Bekzodning suratini solib ota-onasi, qaynota-qaynonasiga yubordi. SHerzod aka bilan Latofat opa tushunmadi. Biroq domla bilan Rohila opa hangu-mang edi. Kitobni olgan kundan domlaning ayoli to‘shakka mixlandi.

SHuhrat aka kuyovi bilan qiziga telegramma jo‘natdi.

Ular etib kelishganida Rohila opa so‘nggi nafaslarini olayotgandi. Ayol Sohibjonni yoniga chorladi, nafasi bo‘g‘ziga tiqilib bazo‘r pichirladi:

— Meni kechir o‘g‘lim!

Onasini so‘nggi yo‘lga kuzatarkan, Sohibjon kuyunib yig‘ladi. Bu kuyunchaklikni hamma o‘zicha mushohada qildi, o‘zicha tushundi. Qabr boshidan qaytganlarida domla Sohibjonga uydagi sandiqdan pul olib chiqishni buyurdi. Yigit sandiqni ochdi. Bir chetida turgan qutichani ko‘rdi. Qo‘liga olib qopqog‘ini ko‘tardi. Qutichaning ichida uyum xatlar bor edi. Endi qutichaning og‘zini yopishga shaylangan edi, bir maktubning ustidagi yozuv e’tiborini tortdi. Aftidan u yaqindagina kelgandi. Xatni ochib o‘qidi:

—... 01 — sonli «Mehribonlik uyi» ma’muriyatidan... SHuhrat Solihovga.

Yigit qaynotasining «mehribonlik uyi» bilan qanday bog‘liqligi borligiga qiziqib nomaga ko‘z yugirtirdi:

—... Sizlar sharifingizga rasmiylashtirib, farzandlikka olgan Nigina Solihovaga yaxshi tarbiya berganlaringiz uchun tashakkur bildiramiz...


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 15-Aprelda yuklangan

87 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
turmush farzand nozir kapitan uy oila qaynona ona dada kuyov rasm ism
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi Hikoyalar Shavkat Odiljon Hikoyalari Shavkat Odiljon asarlari