Sahifa yuklanmoqda . . .


Sizni asramoqlik kelmadi qo‘ldan...

Sizni asramoqlik kelmadi qo‘ldan,
Suysam, Sizni faqat she’rlarda suydim.
Bag‘rimga ilonlar keldi o‘ng-so‘ldan,
Siz-ku... o‘zimni ham boy berib qo‘ydim.
Uzoq va’z o‘qidim hijronga yonib,
"Qo‘y endi, yurakka shafqat qil, shafqat!".
U shafqat qilmadi va ketdi tonib,
Sarson qolaverdik men va muhabbat.
Ammo qaysi bekat yodimdan o‘chgan?
Qolmagandi uni topgani sabr.
O‘shanda xayolim kiprikday uchgan,
O‘shanda o‘zimga qilgandim jabr.
Kimdir ushlab qoldi meni yo‘limdan,
"Baxtlimisan", — dedi.
Dunyoni buzdim.
"Baxtliman!".
U so‘lg‘in yelkamga qoqib,
Dedi: "Baxt yarimta bo‘lmaydi, do‘stim!".
So‘ngra tentiradim, kezdim ming asr,
Farishta va shayton izmida bo‘ldim.
Qaytib keldim yashab soqov, kar, basir,
Ming bora tug‘ildim, ming marta o‘ldim.
Yalindim:
Shafqat qil, shafqat qil, Xudoy!
Alpomish qaytganday qaytsin muhabbat.
Koyidi:
Ishq qaytar, chiqqan kabi oy,
Sen ikki dunyoga sag‘irsan, faqat...
Faqat Sizni asrash kelmadi qo‘ldan,
Xudoy yo‘l bermadi, tushundim shuni.
(Yashab yashamadik, o‘lib o‘lmadik),
Faqat alam qilar yeru osmoning
Tirik murdalarga qolganmi kuni?

 


Online dars - zoom, google meet orqali

Ma'lumot
2022, 16-Aprelda yuklangan

17 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
sevgi muhabbat asrash ilon bag'ir yurak
Muallif
Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon

Shavkat Odiljon Samarqand viloyatining Jomboy tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakultetini tamomlagan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Baxt bekati” nomli kitobi chop etilgan. Hozirda “Kitob dunyosi” gazetasida faoliyat yuritadi.

Batafsil


Yangi She'rlar Shavkat Odiljon She'rlari Shavkat Odiljon asarlari