Sahifa yuklanmoqda . . .


Niqob haqida ertak

Yuragimga quyildi suvlar,
Yana yulduz yondi osmonda.
Kimlar juda quvonib ketdi
Men ko’zimni ochgan zamonda.

Lavhim satri bitilgandan so’ng,
Endi yerga tushayotgan payt,
Ko’zlarimni bog’lab tashladi
Bir niqobda yozilgan shu bayt:

«Hayot-menga niqoblar bazmi,
Mening bilan yashaysan shodon.
Lek qachondir menga qo’shilib
Bo’lmoq mumkin azalga qurbon».

Malaklarning ko’zi-qo’li band-
Yangi umr-ularga tashvish.
Shu niqobni deb osmondayoq
Qo’llarimdan tortdi «yomon ish».

Yerga tushdim-oilam xursand,
Tashrifimdan yonib ketdi vaqt.
Ko’zimdagi yog’duga boqib,
Ism berdi yelkadoshim Baxt.

Bola edim,kiydim ilk bora,
Yurak bo’ldi tor grimmxonam.
Qalbim kulib, yuzim yig’lasa,
Shirinliklar tutardi onam.

Niqobimni kiyib har zamon,
Chorak asr baxtli yashadim.
O’tirmoqni istagan paytim
Avval unga ko’rpa to’shadim.

O’tar umr, o’tdi soatlar,
Unut bo’ldi eski bashorot
Va Sen chiqding nogoh yo’limdan-
Ters aylandi butun koinot…

Qalbim bilan yolg’iz qoldim-u
Qaror qildim jo’n yashamoqni.
Niqobimdan kechaman keyin,
Endi qora demayman oqni.

Meni kutib oldi keng ko’cha:
-Holing qalay, niqobsiz odam?
-Qiyin emas ekan unchalik,
Nafas olsang bo’larkan kam-kam.

Senga tomon yo’limni burdim,
Yuzlaringni to’sardi oftob.
Evoh, qaydan ko’zim ilg’adi-
Qo’llaringda turardi niqob…

Qadamlarim ortga qayrilib,
Havo yetmay qiynaldi jonim.
Bilsang edi, qanday qaritdi
Gul umrimni shu bitta onim.

Dunyo-yo’lga chiqqan bir darvesh,
Qaytar ekan kutmagan payting.
Ey daraxtlar, hammasi yolg’on,
U niqobsiz odam, deb ayting!…

Yetti osmon qulab boshimga,
To’xtab qoldi dun soatlari.
Dunyo-ajib tomoshaxona,
Ko’rsatadi baland-u pastni.
Umring qachon ma’noli bo’lgan,
Bilmasliging uyat emasmi?

U ham shunday o’y-u xayolda,
Yo’ldan ketib turgani payti
O’g’lim, dastro’molimni yerdan
Olib bergin, deb bir chol aytdi.

Yigit boqdi cholning yuziga,
Kir bo’lmagan yerin topmadi.
O’ylab-o’ylab turdi-yu, lekin
Dil eshigin birdan yopmadi.

Yo’lda esa yotardi ilinj-
Bog’lagancha ko’zlariga mung.
Yigit oxir qarorga yetdi
Yuragida bo’ron tingan so’ng.

Cholni go’yo ko’rmagan kabi
Atrofiga biroz surindi.
Ildam-ildam qadamlar bilan
Tezroq ketmoqlikka urindi.

Chol ushladi uning qo’lini,
Ko’zlariga ko’zini quydi.
Yigit o’sha soniyalarda
O’zin juda bechora tuydi.

-O’g’lim, dunyo sinovlar uchun,
Adashtirma to’g’ri yo’lingni.
Xalqqa ushoq nafing tegmasa,
Kesib tashla o’sha qo’lingni!

O’tdi balki soat, balki on,
Yigit cholni topolmay qoldi.
Bu lahzalik ikkilanishdan
Bir umrlik afsusni oldi.

Tanishidek tuyuldi keyin,
Eslolmadi ammo otini.
Vijdon edi mo’ysafid ismi,
Aytolmadim men ham botinib…

* * *

Oyog’imdan chalgandi meni
Ko’hna aybim asoratlari.

Eshigimni taqillatding ko’p,
Ochmoqlikka undadi alam.
Ko’zlarimdan yog’ildi savol:
-Bugun qaysi niqobingdasan?..


Online dars - zoom, google meet orqali


Islomjon
22/04/2017
Ma'lumot
2017, 21-Aprelda yuklangan

53 marta ko'rildi

0 kishi kutubxonasiga qo'shdi


Tayanch tushunchalar:
niqob ertak yurak yulduz osmon ko'z zamon yer payt bog' bayt hayot bazm azal qurbon malak umr tashvish ish oila tashrif vaqt yog'du ism baxt bola grimm qalb yuz kulgu yig'i shirinlik ona vijdon chol daraxt dunyo ilinj
Muallif
Saodat Fayziyeva

Saodat Fayziyeva

Saodat Fayzieva 1992-yil 11-iyulda Buxoro viloyati Olot tumanida tug’ilgan. Qalbida ilmga qiziqish erta uyg'ongan bo'lajak shoira tumandagi fizika-matematika fanlariga ixtisoslashtirilgan 31-IBMIga o'qishga kiradi. U 2009-yilda ushbu dargohni a'lo baholar bilan tamomlab, O’zbekiston Milliy universitetining o’zbek filologiyasi fakultetida tahsilni davom ettiradi va bu yerda ko'plab ustozlardan adabiyotning nozik sir-u asrorlarini o'rganadi. Uning she'rlarida ayol qalbining eng inja va sohir jihatlari mahorat bilan qalamga olingan.

Batafsil


Yangi She'rlar Saodat Fayziyeva She'rlari Saodat Fayziyeva asarlari